02:34 29 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB132.07
  • EUR12003.57
  • USD10321.21
Jamiyat
Havola olish
10610

Elektr energiyasi yetkazib berish uzuluksiz boʻlishi uchun, asosiysi – energiya ishlab chiqarish va isteʼmol qilish oʻrtasidagi muvozanatni saqlashdir.  

TOSHKENT, 30 iyul – Sputnik. Maʼlumki, pandemiya vaqtida dunyoning koʻplab mamlakatlarida boʻlgani kabi Oʻzbekistonda ham koʻplab korxonalar oʻz faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlishdi, shuningdek jamoat transporti ommaviy koʻngilochar maskanlar ishlamadi. Ushbu vaziyat elektr energetikasi taʼminotiga qanday taʼsir qilganini bilish maqsadida Sputnik muxbiri Energetika vazirligiga murojaat qildi.

Savol. - Pandemiya davrida elektrenergiya tanqis boʻldimi yoki aksincha, uning isteʼmoli kamayib va shunga mos ravishda elektr energiyasi ortib qolishi kuzatildimi? Ushbu tafovutni qanday hal qilmoqdasiz, va bu tufayli qoʻshni davlatlarga eksportni koʻpaytirish yoki elektr energiyasini ishlab chiqarishni qisqartirish rejalari bormi?

Javob. - Pandemiya davrida, koʻplab ijtimoiy obʼyektlar va baʼzi biznes tuzilmalari ishlamayotganiga qaramay, mamlakatda elektr energiyasi isteʼmoli oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 5 foizga oshdi. Bu koʻp jihatdan yangi ishlab chiqarish obʼyektlarining foydalanishga topshirilishi va aholi turmush darajasi oʻsishi munosabati bilan mamlakatning elektr energiyasiga boʻlgan talabi yildan-yilga oʻsib borishi bilan izohlanadi.

Shu bilan birga, isteʼmolning oʻsishi istiqbollaridan kelib chiqqan holda mamlakatning energetika tizimi doimiy ravishda ishlab chiqarish quvvatini oshirmoqda, bu esa pandemiyaning qiyin sharoitida mamlakat aholisi va faoliyat yuritayotgan xoʻjalik yurituvchi subʼyektlarni barqaror elektr energiya bilan taʼminlash imkonini berdi.

Shuni ham taʼkidlash kerakki, "Obod qishloq", "Obod mahalla" kabi davlat dasturlarini amalga oshirish, shuningdek, mamlakat boʻylab kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish, reja asosida elektr taʼminoti tizimini taʼmirlash, modernizatsiya va rekonstruktsiya qilish ishlari doimiy ravishda olib borilmoqda. Ushbu rejalashtirilgan tadbirlarni amalga oshirishda, xavfsizlik texnikasiga rioya qilish maqsadida quvvat manbai elektr tarmogʻidan vaqtincha oʻchirilib turishi mumkin.

Asosiysi – muvozanatni saqlash

Taʼkidlash kerakki, elektr energiyasi ishlab chiqarilganidan keyin darhol va bir onda (millisekund ichida) isteʼmol qilinishi kerak boʻlgan mahsulotdir. Elektrenergiyani bironta idishga zaxiraga olib boʻlmaydi.

Bu shuni anglatadiki, elektr energiyasini ishlab chiqarish va isteʼmol qilish oʻrtasidagi energetik muvozanat muntazam ravishda saqlanib turishi kerak. Ushbu noyob hususiyat isteʼmolchilarga yuqori sifatli elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berish va energetika tizimining uzluksiz ishlashini taʼminlash nuqtai nazaridan juda muhimdir. Boshqacha qilib aytganda, muvozanatni saqlash tizimning ishonchli ishlashi kafolati hisoblanadi.

Shu munosabat bilan elektr energiyasi balansi Dispetcherlik markazi tomonidan boshqariladi, u elektrstantsiyasiga maʼlum bir vaqtda kerak boʻladigan elektr energiyasini buyurtma qiladi. Buyurtmaga asosan maʼlum miqdorda elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Elektr energiyasi isteʼmoli va ishlab chiqarish oʻrtasidagi aniq muvozanatni saqlash, hatto rivojlangan mamlakatlarning zamonaviy energiya tizimlari uchun ham, ayniqsa talab keskin oʻsadigan davrlarda (issiq yoz yoki sovuq qishda) jiddiy masala boʻlib qoladi.

Aynan shu jihat mamlakat boʻylab isteʼmolchilarga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan yirik avariyalar va elektr uzilishlarining oldini olish uchun elektr taʼminotiga maʼlum cheklovlarni joriy etishni taqozo etadi. Dispetcherlik markazi tomonidan energiya tizimida oʻz vaqtida muvozanat taʼminlanmaganligi va shunga mos ravishda tarmoqdagi "kuchlanish"ning koʻpayishi katta avariyalarga va katta hududlarga elektr energiyasini yetkazib berishda uzilishlarga olib kelishi mumkin.

Shuningdek, ushbu yoz mavsumida Oʻrta Osiyo mamlakatlarida kuzatilgan suvning kamligi sababli, Oʻzbekistondagi GESlarda elektr energiyasini ishlab chiqarish deyarli 1,5 baravar kamaydi. Shuningdek, joriy yilning 16 iyulidan Oʻzbekiston Tojikistondan elektr energiyasini import qilishni sezilarli darajada kamaytirdi. Shunday qilib, mavjud boʻlgan barcha sharoitlar, shu jumladan iqlim sharoitlari ham, barqaror energiya taʼminoti uchun zarur boʻlgan muvozanatni saqlash tushunchasiga kiradi.

Asosiy mavzular