02:55 29 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB132.07
  • EUR12003.57
  • USD10321.21
Jamiyat
Havola olish
153 0 0

Prezident qarori bilan fan olimpiadalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oʻquvchilar va ularning oʻqituvchilari bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi

TOSHKENT, 3 avg — Sputnik. Xalq taʼlimi vazirligi Oʻzbekistonda fan olimpiadalari gʻoliblari qanday ragʻbatlantirilishi borasida maʼlumot berdi.

Prezidentning 2019 yil 3 maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq fan olimpiadalari gʻoliblarini ragʻbatlantirishning yangi tizimi joriy etildi.

Qarorga koʻra quyidagi fan olimpiadalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oʻquvchilar va ularning oʻqituvchilari bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi: Xalqaro matematika olimpiadasi (International Mathematical Olympiad (IMO)), Xalqaro fizika olimpiadasi (International Physics Olympiad (IPhO)), Xalqaro kimyo olimpiadasi (International Chemistry Olympiad (IChO)), Xalqaro biologiya olimpiadasi (International Biology Olympiad (IBO)), Xalqaro informatika olimpiadasi (International Olympiad in Informatics (IOI)).

Pul mukofotari miqdori:

  • 1-oʻrin (oltin medal) uchun – oʻquvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravar (111,5 mln. soʻm), oʻqituvchisiga – 450 baravar (100,35 mln. soʻm);
  • 2-oʻrin (kumush medal) uchun – oʻquvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravar (66,9 mln. soʻm), oʻqituvchisiga – 250 baravar (55,75 mln. soʻm);
  • 3-oʻrin (bronza medal) uchun – oʻquvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravar (44,6 mln. soʻm), oʻqituvchisiga –150 baravarida (33,45 mln. soʻm).

Xalqaro fan olimpiadalari gʻoliblarini tayyorlagan oʻqituvchilar va taʼlim muassasasi direktorlari navbatdagi oʻquv yili uchun direktor jamgʻarmasidan quyidagicha qoʻshimcha ustama oladilar: 1-oʻrin (oltin medal) uchun – 200%; 2-oʻrin (kumush medal) uchun – 175%; 3-oʻrin (bronza medal) uchun – 150%.

Yuqoridagi nufuzli xalqaro olimpiadalarda medal bilan taqdirlangan oʻquvchilar Oliy taʼlim muassasalariga imtihonlarsiz imtiyozli ravishda qabul qilinadi.

Asosiy olimpiadalarning respublika bosqichida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oʻquvchilar ixtisoslik fani boʻyicha davlat oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi va uch yil davomida amal qiluvchi sertifikat taqdim qilinadi. Ularni tayyorlagan oʻqituvchilar esa, quyidagicha bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

  • 1-oʻrin (oltin medal) uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarida (11,15 mln. soʻm);
  • 2-oʻrin (kumush medal) uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 35 baravarida (7,8 mln. soʻm);
  • 3-oʻrin (bronza medal) uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarida (6,69 mln. soʻm).

Taʼlim muassasalarida oʻqituvchi boʻlib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar gʻoliblari lavozim maoshiga 150 foiz, asosiy olimpiadalar respublika bosqichi gʻoliblari lavozim maoshiga har oy 100 foizlik ustama haqi toʻlanadi.

Oliy taʼlim muassasasini tamomlagan olimpiada gʻoliblari Vazirlar mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan shakllantiriladigan istiqbolli mutaxassislar zaxirasiga kiritiladi.

Bundan tashqari, yuqorida taʼkidlangan qarorga muvofiq matematika, fizika, kimyo, biologiya hamda informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan har yili bir marta oʻtkaziladigan qoʻshimcha respublika olimpiadasi joriy etilgan boʻlib, uning gʻoliblariga quyidagicha bir martalik pul mukofotlari belgilangan:

  • 1-oʻrin (oltin medal) uchun – oʻquvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 100 (22,3 mln. soʻm), oʻqituvchisiga – 80 baravar (17,8 mln. soʻm);
  • 2-oʻrin (kumush medal) uchun – oʻquvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 85 (18,9 mln. soʻm), oʻqituvchisiga – 65 baravar (14,49 mln. soʻm);
  • 3-oʻrin (bronza medal) uchun – oʻquvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 70 (15,6 mln. soʻm), oʻqituvchisiga –50 baravarida (11,15 mln. soʻm).

Qolaversa, mazkur qaror bilan Xalq taʼlimi vazirligida Fan olimpiadalari boʻyicha iqtidorli oʻquvchilar bilan ishlash Departamenti tashkil etilgan.

Departament respublika va xalqaro miqyosda tashkil qilinadigan olimpiadalarni muvofiqlashtiradi, onlayn olimpiadalar tashkil qiladi hamda muntazam ravishda iqtidorli oʻquvchilar zahirasini shakllantiradi va ularning monitoringini yuritadi.

Asosiy mavzular