06:41 01 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB132.07
  • EUR12003.57
  • USD10321.21
Jamiyat
Havola olish
36601

Oʻttiz kishi ishtirokida toʻy oʻtkazish koʻpchilikka maʼqul keldi. Endilikda fuqarolar toʻy oʻtkazishdagi bunday chegara karantindan keyin ham saqlanib qolishini xohlashmoqda.

TOSHKENT, 5 avg - Sputnik. "Mening fikrim" jamoaviy murojaatlar portaliga toʻy marosimlarini 30 kishilik tartibda oʻtkazilishini doimiy saqlab qolish haqida petitsiya joylashtirildi.

"Ijtimoiy tarmoqlarda "yashil" hududlarda 30 kishilik toʻylarni oʻtkazishga ruxsat berilganini guvohi boʻlmoqdamiz. Koʻpchilik toʻylardagi bunday chegara karantindan keyin ham saqlanib qolishini xohlamoqda.

Shu sababli, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senati Kengashining "Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumning xotirasiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida"gi Qoʻshma qarorida belgilangan toʻylarga 200 kishidan ortiq mehmon chaqirmaslik haqidagi qoidani "30 kishilik" deb oʻzgartirishni taklif qilaman.

Toʻy taraddudida yurganlarning koʻpchiligi shu kunlarda tezroq toʻyini oʻtkazishga shoshilayotgani sir emas. Yoshlar ham bunga qarshilik qilayotgani yoʻq. Toʻylarni ixcham, dabdababozlik va isrofgarchiliklarsiz oʻtkazishni hamma xohlaydi. Ammo, biror qonun yoki qaror bilan tasdiqlanmasa, 200 kishiga toʻy qilinaveradi. 200 kishilik toʻylarga ketadigan sarf-xarajat 500-600 kishilik toʻylarnikiga teng boʻlib qoladi. Toʻy qilaman deb qarzga botib, ertasi kuni kuyov bola yoki uning otasining xorijga ketayotganlik holatlari ham kam emas.

Hatto, buning ortidan jiddiy kasalliklar orttirib olinayotgan holatlar ham mavjud. Abdulla Avloniyning yuz yil oldin yozib qoldirgan "Oʻzbek xalqini toʻy balosidan qutqaring" degan soʻzlari bugungi kunimiz uchun ham ayni haqiqatdir. Toʻy qilish, buni koʻpchilikka maʼlum qilish yaxshi, lekin bu oilaning kelajagiga yomon taʼsir oʻtkazadi.

Shu toʻyga atalgan pullarga yoshlarni uy-joy bilan taʼminlashga, oilasining moliyaviy ahvolini yaxshilashga, taʼlim olishiga sharoit yaratib bersak, qanchalik baxtiyor oilani tuzgan boʻlamiz. Qanchadan-qancha oilalar iqtisodiy ahvoli tufayli hozir toʻy qila olmayapti. Menimcha, 30 kishilik toʻyni doimiy qilish vaqti keldi", deyiladi petitsiyada.

Eslatib oʻtamiz, Respublika maxsus komissiyasining qaroriga koʻra, 2020 yil 1 iyundan boshlab "yashil" hududlarda bir qator faoliyat turlari qatorida oilaviy tantana, toʻy, maʼraka va marosimlarni oʻtkazishga ruxsat berildi. Bunda tantana va marosimlar faqatgina fuqarolarning uy-joyi va hovlisining oʻzida 30 kishidan koʻp boʻlmagan holda oʻtkazilishi majburiyligi belgilangan edi.

Asosiy mavzular