15:35 27 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB136.28
  • EUR12210.60
  • USD10315.62
Jamiyat
Havola olish
33720

Chilonzordagi mahalla raislaridan biri aholi bandligiga koʻmaklashish markazi inspektori bilan til biriktirib, 26 nafar fuqarolar jamoat ishlariga jalb etilganligi haqida soxta hujjatlar tuzgan.

TOSHKENT, 7 avg - Sputnik. Toshkent shahri Chilonzor tumanida amaldorlar ishsizlarga toʻlanishi lozim boʻlgan 36,2 mln soʻm byudjet mablagʻlarini talon-toroj qildi, deb xabar bermoqda Sputnik Oʻzbekiston muxbiri Bosh prokuraturadan olingan maʼlumot asosida.

Xabarga koʻra, Chilonzordagi mahalla raislaridan biri tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi inspektori bilan til biriktirib, markazga ish soʻrab kelmagan va ishsizlar roʻyxatiga kiritilmagan 26 nafar fuqarolar jamoat ishlariga jalb etilganligi haqida soxta hujjatlar tuzgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chilonzor tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ushbu sxema orqali jami 36,2 mln soʻm byudjet mablagʻlari talon-toroj qilingani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan mahalla raisi N.R. va markaz inspektori A.R.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi "v,g" bandlari va 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Bosh prokuratura maʼlumotiga koʻra, joriy yilning 6 oyi davomida 327 ta jinoyat ishi boʻyicha 459 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ular tomonidan yetkazilgan zarar miqdori 172 milliard 260 million soʻmni tashkil qilgan.

2020 yilda jinoiy javobgarlikka tortilgan amaldorlarning 4 nafari respublika darajasidagi, 13 nafari viloyat darajasidagi, 442 nafari tuman darajasidagi rahbarlardir.

Javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslarning 180 nafari "oʻzganing mulkini oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-taroj qilgan, 57 nafari pora bergan (pora olgan), pora olish-berishda vositachilik qilgan, 92 nafari firibgarlik qilgan, 16 nafari mansab vakolatini suiisteʼmol qilgan, 8 nafari hokimiyat yoki mansab vakolatidan chetga chiqqan, 7 nafari mansab soxtakorligiga yoʻl qoʻygan, 10 nafari mansabga sovuqqonlik bilan qaragan va 89 nafari boshqa jinoyatlarni sodir etgan.

Asosiy mavzular