23:07 24 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB136.28
  • EUR12210.60
  • USD10315.62
Jamiyat
Havola olish
87620

15 avgustdan avtotransport vositalarining kun davomida yurishi, mahalliy avia va temir yoʻl qatnovi uchun ruxsat beriladi.

TOSHKENT, 12 avg — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarda sanoatni rivojlantirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilish oʻtkazmoqda. Unda 15 avgustdan karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish choralari belgilandi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Prezident 15 avgustdan avtotransport vositalarining kun davomida yurishi, mahalliy avia va temir yoʻl qatnovi uchun ruxsat berish kerakligini aytdi.

Quyidagi belgilandi:

  • sanatoriylar, mehmonxonalar, muzeylar, bolalar oromgohlari, dala hovlilar ijarasi, goʻzallik salonlari, sartaroshxonalar, ochiq havoda xizmat koʻrsatadigan umumiy ovqatlanish obʼyektlari faoliyati ham tiklanadi;
  • belgilangan talablarga amal qilgan holda uyda 30 kishilik oilaviy marosimlar oʻtkazish mumkin boʻladi;
  • 17 avgustdan hududlar oʻrtasida avtotransport qatnovi, jamoat transporti (metropolitendan tashqari) va shahar atrofidagi avtobuslar qatnovi tiklanadi;
  • 20 avgustdan buyum va qurilish mahsulotlari bozorlari, yirik savdo doʻkonlari, sport zallari, fitnes klub va basseynlar ishlay boshlaydi;

Respublika maxsus komissiyasiga har bir faoliyat turi boʻyicha qanday sanitariya talablariga amal qilish zarurligini aniq belgilash vazifasi qoʻyildi. Epidemiologik vaziyat yaxshi boʻlgan davlatlardan kelgan shaxslarni karantiniga olish va undan chiqarish tartibini yengillashtirish, pnevmoniyadan tuzalgan aholini reabilitatsiya qilish markazlarini tashkil etish boʻyicha topshiriq berildi.

Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga kollektiv immunitet shakllanish jarayonini monitoring qilib borish uchun antitanachalar tahlilini oʻtkazishni yoʻlga qoʻyish kerakligi taʼkidlandi. 

Televideniye va radioda madaniy-maʼrifiy, koʻngilochar koʻrsatuv va eshittirishlarni koʻpaytirish, ijtimoiy masofani saqlagan holda teatr, kino, kontsert va boshqa tadbirlarni tashkil etish masalasiga ham eʼtibor qaratildi.

"Karantin talablari yumshatilayotgan boʻlsa-da, barchamiz ijtimoiy masofani saqlash, niqob taqish, dezinfektsiya va boshqa sanitariya-gigiyena talablariga soʻzsiz amal qilishimiz, ilgari yoʻl qoʻygan xatolarni takrorlamasligimiz kerak. Xudoga shukur, hammamiz ham yetarli tajriba orttirdik. Koʻpni koʻrgan xalqimiz juda katta matonat va qahramonlik, tibbiy madaniyatini namoyon qilyapti. Temir intizom, qattiq chidam va sabr-toqat bilan biz albatta bu sinovlarni tez orada yengib oʻtamiz. Men bunga qatʼiy ishonaman", – deya taʼkidladi Mirziyoyev.

Asosiy mavzular