02:15 29 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB136.28
  • EUR12210.60
  • USD10315.62
Jamiyat
Havola olish
127410

Oʻzbekistonga COVID-19 epidemiyasi oldini olishda koʻmaklashish uchun kelgan rossiyalik shifokorlar delegatsiyasi rahbari oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi va oʻzbek hamkasblar bilan koʻpincha qanday masalalarni muhokama etayotgani, qanday qiyinchiliklarga duch kelishgani haqida gapirdi

— Rossiya delegatsiyasining respublikaga missiyasi haqida gapirsangiz. Qaysi regionlarda boʻlishga ulgurdingiz yoki borishni rejalashtirmoqdasiz?

— Moskva, Moskva viloyati, Sankt-Peterburg va Tataristondan bir guruh boʻlib - 40 kishiga yaqin mutaxassislar tashrif buyurganmiz. Tashrifimizning ertasi kuniyoq guruhlarga taqsimlandik va Oʻzbekiston regionlari boʻylab yoʻl oldik. Hozirda Urganch, Toshkent, Samarqand, Termiz va Jizzax viloyatlarida faoliyat olib boryapmiz.

Har bir guruhda zarur mutaxassisga ega shifokorlar bor: anesteziolog-reanimatolog, infektsionist, pulmonolog, kardiolog, pediatr, jarroh. Toshkentda Zangiota tumanida, epidemiologiya ITI va virusologiya ITIda joylashdik, hozirda guruh Shoshilinch tez tibbiy yordam markazida faoliyat yuritmoqda. Bizga yordam soʻrab murojaat qilgan bemorlar mavjud boʻlgan istalgan muassasaga boramiz. Guruhimizdagi shifokorlarning barchasi bir necha oylar davomida qizil zonada ishlash tajribasiga ega. Oʻzbekistonda ham bevosita qizil zonada, bemor yotgan joyning oʻzida, ordinatorlik xonasida, shifokorlar bilan birgalikda ish olib borayapmiz va sogʻliqni saqlash tizimi duch kelayotgan murakkab masalalarga yechim topmoqdamiz.

Asosiy vaqtimiz bemorlar yotgan statsionarlarda kechmoqda. Yordam berayapmiz, maslahatlashuvlar oʻtkazayapmiz, shifokorlar duch kelishayotgan eng murakkab holatlarni muhokama qilib, tajriba almashayapmiz. Mutaxassislarimiz kuniga 500ga yaqin bemorlarni koʻzdan kechirishmoqda – gap eng ogʻir holatlar haqida boryapti. Davolash ishlari protokol asosida bajarilmoqda. Ammo savollar tugʻdirayotgan individual holatlar ham bor. Shunday vaziyatlarda Rossiya xizmatidan vrachlar bu masalaga jalb etilmoqda.

— Hamkasblaringizning koronavirusga qarshi faoliyatini qanday baholaysiz? Biror qiziq metodika va ishlanmalar bormi?

— Oʻzbekistonda koronavirus pandemiyasiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha amalga oshirilgan ulkan ishlar bizda haqiqatda katta taassurot qoldirdi. Toshkent viloyatining Zangiota tumanida ikki ming oʻrinli katta shifoxona qurilgan - bu epidemiologik xavfsizlik va yordam talablariga javob beradigan zamonaviy bino. Bularning hammasi ikki oydan qisqaroq boʻlgan vaqt ichida amalga oshirilgan va bu tahsinga sazovordir. Hozirda qurilish ishlari davom ettirilmoqda, hajmlar oshirilmoqda. Bu Oʻzbekistonda infektsiya tarqalishi xavfi va oʻlim darajasini sezilarli pasaytirgan muhim loyihadir.

Agar muammolar haqida toʻxtaladigan boʻlsak, ular ushbu virusning mutlaqo yangiligi bilan, hech kim bunga qadar unga duch kelmagani bilan izohlanadi. Shu bois turli mutaxassislikka ega va hatto yuqumli kasalliklarni davolashdan ancha yiroq boʻlgan yoʻnalishdagi shifokorlarni ham jalb etishga toʻgʻri kelmoqda. Muammoning birgalikdagi yechimi Rossiya uchun ham, Oʻzbekiston uchun ham birdek foydali boʻladi.

— Sizning fikringizcha, respublikadagi holat nimani hisobiga barqarorlashdi?

— Infektsion kasallik tarqalganda qarshi epidemiologik tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha qarorlarning qanchalik tezlikda qabul qilinishi muhim rol oʻynaydi: karantin joriy etish, niqob va qoʻlqoplar taqish, odamlarning harakatlanishiga doir cheklovlar va ular orasidagi muloqotning qisqartirish, jamoat joylari va sport obʼyektlarini yopish. Bu avj olishni sezilarli pasaytirdi.

Ikkinchi, muhim omillardan biri – tez tibbiy yordamni oʻz vaqtida koʻrsatish va zamonaviy uskunalarga ega taqsimlash markaz hamda kasalxonalarning ochilishidir. Mamlakat Sogʻliqni saqlash vazirligi, xuddi Rossiyadagi vazirlik singari kasallikni davolash boʻyicha qator metodik qoʻllanmalarni ishlab chiqqan, respublikaning yetakchi va old mutaxassislarini jalb qilgan, jahon tajribasini kuzatib kelgan. Bularning barchasi oʻz mahsulini berdi, albatta.

— Oʻzbekistonlik hamkasblaringiz koʻproq qanday savollar bilan murojaat qilishdi? Boʻlinmalarni borib koʻrganlaringizdan soʻng, qanday tavsiyalarni berishga ulgurdingiz?

— Bunday bemorlarni davolash butun dunyoda ishlab chiqilgan protokol asosida olib boriladi. U statsionarga olib kelinganda maʼlum turdagi tekshiruvlarni oʻz ichiga oladi. Shuningdek, davolash metodlari sifatida standart yondashuvlar tanlanadi: ular virusga qarshi, patogenetik, mikroblarga qarshi va antikoagulyant davolash, simptomatik davolashlarni oʻz ichiga oladi. Oʻzbekistonda shifokorlar foydalanayotgan oʻsha protokolda tibbiy yordamning barcha turi mujassam. Ammo bu pozitsiyalarni badarishda maʼlum detallar mavjud, chunki qaysidir bemorda bir vaqtning oʻzida boshqa kasalliklar boʻlishi, shu bois bemorlarning barchasi kasalxonalarga turli holatlarda olib kelinishi mumkin.

Bu singari nyuanslar jiddiy tahlilni, intizomiy yondashuv va turli mutaxassislikka ega shifokorlar ishtirokini talab qiladi.

Gap bu yerda biz hamkasblarimizga ular bilmagan narsalar haqida gapirganimiz haqida bormayapti, biz shunchaki tajriba almashdik va barcha muhim yoʻnalishlar: deylik, koʻrsatmalar, patogenetik davolash, gormonal va mikroblarga qarshi preparatlarni qachon va qanday ishlatish, bu bosqichlarning har birida qaysi analizlarni biz muhim hisoblashimiz singari masalalarni muhokama qilib, munozaralar oʻtkazdik.

Umid qilamizki, Rossiya infektsion gospitallarining tajribasi bu yerda qoʻl keladi va davolash sifatlarini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

— Koʻplab davlatlarda IVL apparatlariga talab oshgani kuzatilmoqda. Oʻzbekiston ham ushbu uskunalar importini oshirdi va hatto ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻymoqda. Ammo COVID-19ga chalingan bemorlar oʻpkalarida sunʼiy ventilyatsiyasini oʻtkazish samaradorligi boʻyicha turli qarashlar mavjud. Sizning bu borada pozitsiyangiz qanday va ushbu masalada maslahatlashuvlar oʻtkazilyaptimi?

— Munozaralar va muhokamalarning eng muhim yoʻnalishlaridan biri — respirator terapiyadan foydalanishdir. Statsionarga olib kelinayotgan bemorlarning aksariyati, nafas olish tizimida buzilishlar roʻy bergan, havo va kislorod yetishmovchiligi kuzatilayotgan va ular tibbiy yordam uchun murojaat qilishga majbur boʻlgan bemorlar. Albatta, bunday holat davolash uchun ancha kechikkan hisoblanadi, ammo baribir statsionardagi bemorlarning aksariyati respirator qoʻllab-quvvatlovning turli usullariga muhtoj boʻlishadi. Kislorod ventilyatsiyasining eng oddiy usuli burun katetorlari orqali amalga oshiriladi. Infektsiyani yuqtirgan bemorlarning 80%i kasalxonalarga yengil va oʻrta formadagi kasallik bilan kelib tushishlari sababli, ular aynan shu turdagi davolashga muhtoj boʻlishadi. Bu muvaffaqiyatli amalga oshiriladigan davolash boʻlib, bunda shu guruhdagi bemorlarning barchasi sogʻayib ketadilar.

Bemorlarning taxminan 20%i uchun bunday davolash yetarli boʻlmaydi. Ularga respirator davolashning boshqa usullari zarur boʻladi. Shunday holatlarda, Oʻzbekistondagi shifokorlar, butun jahondagi singari, nafasni qoʻllab-quvvatlashning noinvaziv, agressivligi pastroq boʻlgan usullaridan foydalanishga harakat qilishadi. Shunday usullardan biri CPAP-terapiya boʻladi, bunda bemor oʻzi nafas oladi, apparat esa kislorod bilan toʻyingan iliq aralashmani nafas olishiga yordam beradi.

Biz boʻlgan statsionarlarda juda yaxshi natijalarga erishilganiga guvoh boʻldik. Haqiqatda, reanimatsiyada ishlayotgan shifokorlar bu usulni yaxshi bilishadi va foydalanishadi. Bunday davolash usuli bemorlarning yana 15%iga agressiv rejimlardan xoli boʻlishga, ular hayotini qutqarib, saqlab qolishga yordam bermoqda.

Afsuski, bemorlarning bir qismida kasallik agressiv formada kechadi va bir necha kun davomida oʻpkaning deyarli butun qismi zararlanadi. Bemorni intubatsiya qilish uchun oʻpkaning sunʼiy ventilyatsiyadan foydalanish toʻgʻri keladi (nafas olish yoʻllari oʻtuvchanligini oshirish uchun troxeyaga maxsus trubkaning kiritilishi - tahr.) va invaziv sunʼiy ventilyatsiya amalga oshiriladi. Davolashning bu usuli koʻpincha oʻlim bilan yakunlanishi haqida gapirganda, bemorlar avval boshdan ogʻir ahvolda boʻlishlari va bu usulsiz omon qolmasliklarini tushunish kerak. Ularning oʻpkalari shu darajada lat yeganki, bemorlar oʻzlari mustaqil nafas ololmaydilar. Shuning uchun bu ular hayotini saqlab qolishga boʻlgan yana bir urinish hisoblanadi. Biz 10 bemordan besh nafarini qutqarib qololsak - bu juda katta yutuq. Bunday oʻpkani sunʼiy ventilyatsiyasiz bu guruhda tirik qolganlar umuman boʻlmas edi.

Ha, ushbu metodning oʻzi va bemorning IVL apparatiga oʻtkazilishi kasallik ogʻir tus olganini anglatadi. Bunday holatlarda oʻlim koʻrsatkichlari haqida emas, qutqarilgan hayotlar haqida gapirish oʻrinli boʻlardi. Hech kim bemorni shunchaki IVLga oʻtkazmaydi. Bu borada Oʻzbekiston shifokorlari bilan pozitsiyamiz bir. Ular oʻpkani invaziv ventilyatsiya qilish usulidan kamdan-kam holatlarda foydalanadilar va koʻproq boshqa turdagi davolash usullaridan foydalanishga harakat qilishadi. Bunday yondashuv muvaffaqiyati statistikada oʻz tasdigʻini topadi. Bu yerda barcha zamonaviy metodlar joriy etilgan va biz borgan har bitta statsionarda mavjudligiga guvoh boʻldik, shu uchun ham mamlakatdagi davolashning umumiy natijalari juda yaxshi.

— Koronavirusni gidroksixloroxin bilan davolashga munosabatingiz?

— Ushbu preparat nafaqat Oʻzbekistonda, balki Rossiyada ham qoʻllaniladi. Rossiya Federatsiyasi Sogʻliqni saqlash vazirligining tavsiyalarining eng soʻnggi, yettinchi tahrirdagi nashrida ham u mavjud. Gidroksixloroxinga nisbatan munosabat munozarali, bu menimcha, individual va ommaviy sharoitda qoʻllanilishda preparat taʼsirida koʻplab juda katta farqlar borligi bilan bogʻliq. Gidroksixloroxin - bu preparat bemorni infektsiyadan himoya qilmaydi, lekin bu kasallik ogʻir asoratlarini kamaytirishi mumkin.  Birinchi alomatlar paytida, yengil shakllarda, kasallikning ogʻir shakllarini rivojlanishiga yoʻl qoʻymaslik uchun, shifokorlar hanuzgacha undan foydalanishni tavsiya qilishadi.

Albatta, tavsiyalar doimo oʻzgarib turgan. Oʻzbekistonda tavsiyalarning 6 ta nashri mavjud deb aytmoqdamiz, hozir yettinchisi tayyorlanmoqda. Rossiyada ham tavsiyalar soni taxminan shuncha. Shunday qilib, butun dunyoda, barcha jamoat tashkilotlari, yangi tadqiqotlar paydo boʻlishi bilan oyda bir marta oʻz qoʻllanmalarini qayta koʻrib chiqadilar. Gidroksixloroxinga kelsak, uning oʻz salbiy taʼsirlari bor:  u yurak mushagiga salbiy taʼsir qiladi va bemorda maʼlum bir patologiya mavjud boʻlsa, u aritmogen taʼsir yoki blokirovkani keltirib chiqarishi va bu oʻz navbatida oʻlimga olib kelishi mumkin. Shu uchun, ommaviy taqqoslashda, undan yuzaga keladigan oʻlim darajasi boshqa davolash usullariga qaraganda ancha yuqori boʻldi.

Rossiyskiy vrach-reanimatolog Mixail Zamyatin
© Sputnik / Dilshoda Raxmatova.
Rossiyskiy vrach-reanimatolog Mixail Zamyatin

Shuni hisobga olgan holda, bemor elektrokardiogrammasi muntazam ravishda tekshirilib, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oʻzgarishlarga oʻz vaqtida baho berilib, ularning oldi olinadigan holatdagina ushbu preparatni qabul qilishga ruxsat etilishi mumkin. Undan foydalanish mumkin boʻlmagan holatlar bor, unga amal qilish kerak. Odamlar preparatni  xarid qilib, mustaqil ravishda qabul qilishni boshlaganlarida, shunda ogʻir asoratlar vujudga kelganini koʻrmoqdamiz. Bu faqatgina gidroksixloroxinga tegishli emas. Agar shifokorlar EKG monitoringini taʼminlay olsalar, unda ushbu preparat qator bemorlar uchun foydali boʻlishi mumkin. U ishlatilib kelinmoqda va hozircha muomaladan toʻliq chiqarilmagan. Ogʻir holatlarda, bemor jonlantirish boʻlimiga tushganida, bu preparat qoʻllanilmaydi.

—Aytgancha, oʻz-oʻzini davolash haqida, bu koʻrinib turibdiki, koʻplab davlatlar uchun aktual muammo. Buning asosiy xavfi nimada? Shifokorga borish shartmi yoki uy sharoitida ham davolanishning imkoni bormi?

— Haqiqatda, asosiy xavf – bu bemor aptekada topa olgan dorilarning mustaqil qabul qilishi. Hozir odamlar yanada oʻqimishli boʻlib ketgan: ular maxsus adabiyotni oʻqishadi, internetdagi maqolalardan foydalanishadi, shundan soʻng qoʻllanma sifatida Sogʻliqni saqlash vazirligi tavsiyalarini olishadida, mustaqil ravishda davolanishga harakat qiladilar. Ammo bu materiallarning barchasi statsionarlar uchun moʻljallangan, davolashning butun boshli jarayoni esa shifokor tomonidan doimiy kuzatuvni koʻzda tutadi. U yerda turli davolash sxemalari mavjud boʻlib, mutaxassis ular orasidan muayyan bemor uchun eng optimal variantini tanlab oladi.

Uy sharoitida esa, qoʻrqib qolgan vaqtlarida, odamlar haqiqatda qoʻliga ilinganini xarid qilishga oʻtishadi. Natijada, ikkita alternativ sxema oʻrniga birdaniga ikkitasi ham, yoki baʼzi holatlarda uch-toʻrtta preparatlar bir vaqtning oʻzida qabul qilinadi, bemor statsionarga kelgan vaqtida esa gospitalizatsiya sababini aniqlashtirishda qiyinchilik tugʻiladi - bu bir guruh preparat - gormonlar, antibiotiklar, antikoagulyantlar, antiagregantlarning nazoratsiz qabul qilinishi oqibatlaridir va bularning barchasi bir vaqtning oʻzida organizmga katta dozalarda kelib tushadi. Aksariyat holatlarda bunday davolanishlar sogʻlikka jiddiy putur yetkazadi. Koʻpincha bemorlardagi asoratlar nafaqat bevosita kasallik tufayli, balki dorilarning nazoratsiz qabul qilinishi tufayli ham yuzaga keladi.

— Kasallikning yengil formasida qanday preparatlar yoki muolajalarni qoʻllash mumkin?

— Kasallikning har qanday shaklida birinchi navbatda shifokorni chaqirtirish kerak. Ushbu kasallik shu qadar koʻp nozik jihatlarga ega, xilma-xilligi tufayli barcha uchun universal davolash retsepti mavjud emas. Hozircha, birgina "Favipiravir" preparati samaradorligi isbotlandi,uni barcha virusga qarshi preparatlar singari, kasallikning birinchi alomatlarida qabul qilish mumkin. "Remdesivir"dan foydalanishning ijobiy natijalari bor. Oʻzbekistonda ushbu preparatlarning ikkalasi ham bor va biz preparatni qabul qilishning ijobiy tajribasini bilamiz, ammo ularni kasallikning 10-20 kunida emas, balki birinchi belgilar paydo boʻlganda qabul qilish kerak.

Spetsifik davolash mana shu ikki preparat bilan kechadi, qolgan barchasi - oddiy isitmani tushiruvchi, balgʻam haydovchi dorilar, koʻp suv ichish va vitaminlar qabuli. Bu umumiy tavsiyalar. Gormonal preparatlarni qabul qilish juda xavfli. Bu ayniqsa, ilk 7-8 kunlarda agar shunday qilinsa, eng notoʻgʻri va negativ qarorlardan biri boʻladi. Sababi, bu vaqtda immunitet shakllanadi, sogʻlom organizm virusga toʻgʻri javob beradi, u bilan kurashadi. Gormonal preparatlar immunitetni bloklaydi, va bemorlar yengil formadan oʻrtacha ogʻir holatga oʻtib, ularning davolanish muddati ancha choʻziladi.

Asosiy mavzular