14:37 27 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB136.28
  • EUR12210.60
  • USD10315.62
Jamiyat
Havola olish
455 0 0

Oʻzbekistonda davlat maktablari oʻz faoliyatini 14 sentyabrdan boshlaydi. Oʻtkazilgan maxsus soʻrovnoma natijasi ota-onalarning 76 foizi taʼlim maktabga qatnagan holda, yaʼni anʼanaviy shaklda olib borilishi tarafdori ekanliklarini bildirganlar

TOSHKENT, 29 avg - Sputnik. Oʻzbekiston maktablarida yangi oʻquv yili 14 sentyabrdan boshlanadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻquv yiliga tayyorgarlik masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishida maʼlum qilindi.

Soʻrovnoma natijalari

Eslatib oʻtamiz, sal oldin Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan maktablarni ochish borasida alohida soʻrovnoma eʼlon qilingan edi. Soʻrovda 5 million 500 ming nafar ota-ona ishtirok etgan. Ularning 76 foizi taʼlim jarayonini maktabga qatnagan holda, yaʼni anʼanaviy shaklda olib borish tarafdori ekanliklarini bildirganlar, qolgan 24 foizi esa masofaviy shaklda – teledarslar orqali davom ettirishni maʼqul koʻrishgan.

Shundan kelib chiqqan holda, maktablarda taʼlim anʼanaviy, shu bilan birga masofaviy shaklda yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.

Harakatlar sxemasi

Ayni vaqtda harakatlar sxemasini ishlab chiqib, tajribadan oʻtkazish boʻyicha topshiriq berilgan. Tajriba asosida oʻquvchilarni maktabda kim kutib olishi, qaysi sinf qaysi eshikdan kirishi, sinfxonalarning havosi qachon almashtirilishi kabi har bir qadam aniq belgilab olinadi.

Pandemiya davrida maktab direktori, sinf rahbari va ota-ona oʻrtasidagi muloqotni har qachongidan ham kuchaytirish maqsadida uydan taʼlim oladigan oʻquvchilarning oʻzlashtirishini kundalik monitoring qilib boriladi.

Eslatib oʻtamiz, pandemiya davrida maktablar faoliyatini yoʻlga qoʻyish - qabul qilinishi juda qiyin boʻlgan masalalardan biridir. Shu kunlarda Butunjahon sogʻliqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus dunyoda koronavirus kasalligi yana ikki yilgacha davom etishi mumkinligini bildirdi.

BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish pandemiya sababli koʻp davlatlarda toʻxtab qolgan taʼlim jarayoni oqibatlari kelgusida dunyo hamjamiyati uchun oʻta ogʻir boʻlishi mumkinligini aytdi. Bu degani "barchamiz pandemiya sharoitida koronavirus bilan yashash, ishlash va farzandlarimizni oʻqitishga tayyor boʻlishimiz kerak".

Birlamchi vositalar bilan hokimliklar taʼminlaydi

Ayni vaqtda tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlariga maktablarni sanitar talablarga muvofiq, birlamchi vositalar bilan toʻliq taʼminlash vazifasi qoʻyildi. Sanitariya xizmati markazlari 5 sentyabrga qadar oʻz hududidagi maktablarning yangi oʻquv yiliga tayyorlik holatini oʻrganib, jamoaga qoʻshimcha oʻquv-treninglar oʻtadi. Bundan maqsad – maktablarga amaliy yordam koʻrsatib, ota-onalarning koʻnglini xotirjam qilishdir.

Mahalliy xalq deputatlari kengashlari oʻz tumanidagi epidemiologik sharoitdan kelib chiqib, maktablar faoliyatini yoʻlga qoʻyish yuzasidan tegishli qaror qabul qiladi.

"Maktab" tarif rejasi va internet masalasi

Videodarslarni sifatli tayyorlash, bu jarayonga davlat va nodavlat telekanallarini faol jalb etish, 3 ta telekanalda doimiy efirga uzatib borish zarurligi qayd etildi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga joylarda raqamli televideniye signali va internet tezligini taʼminlash, chekka hududlardagi kommunikatsiya tizimlarini toʻliq testdan oʻtkazish boʻyicha koʻrsatma berildi. Oʻquvchilar uchun internetdan foydalanishda imtiyozli "Maktab" tarif rejasi joriy etilishi aytildi.

Taʼlim muassasalaridagi tozalik va ozodalikni saqlash, sinfxonalar va atrofni dezinfektsiya qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi. Har bir maktabga ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari biriktirilib, tartibni saqlash va karantin talablariga rioya etilishini nazorat qiladi.

Oʻquvchilar sogʻligidan doimiy xabardor boʻlish maqsadida hududiy poliklinika yoki vrachlik punktlaridan kamida bir nafardan tibbiyot xodimi jalb etiladi.

Tadqiqotlar yosh bolalarda virus yengil kechishini koʻrsatmoqda. Biroq oʻquvchilar infektsiyaning tashuvchisiga aylanib qolishlari mumkin. Ular oʻzlari bilmagan holda ustozlari yoki oila aʼzolariga, ayniqsa yoshi ulugʻ kishilarga yuqtirishi xavfini ham inkor etib boʻlmaydi.

Asosiy mavzular