23:04 20 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB137.65
  • EUR12194.82
  • USD10295.33
Jamiyat
Havola olish
1020 0 0

Oʻzgidromet xizmati xabariga koʻra, umuman olganda bu yil mamlakatda yoz unchalik issiq kechmagan - oʻrtacha harorat meʼyoriy qiymatlarga yaqin boʻlgan

TOSHKENT, 29 avg - Sputnik. Oʻzgidromet xizmati Oʻzbekistonda kuz qanday boshlanishi haqida maʼlum qildi.

Baʼzida kuzatilgan jazirama kunlarga qaramay, iyul oyi oʻtgan 2019 va 2018 yil iyullariga qaraganda biroz salqin kelgan. Oʻtgan bu yillar meteorologik kuzatuvlar davrida eng issiq yil boʻlgani qayd etilgan va Oʻzbekiston hududida eng issiq yillar beshtaligiga kirgan.

Odatda yoz davrida respublika hududining katta qismida yogʻingarchilik kamdan-kam kuzatiladi. Bu yil ham deyarli shunday boʻldi. Toshkent viloyati va Fargʻona vodiysi viloyatlarining togʻli va togʻoldi hududlarida mahalliy qisqa muddatli, momaqaldiroqli yomgʻirlar koʻproq yogʻdi.

Avgust oyining oxiriga kelib esa Oʻzbekistonda yoz fasli uchun umuman xos boʻlmagan jarayonlar kuzatildi.

26 avgustda respublika boʻyicha harorat keskin pasayib, momaqaldiroqli yomgʻirlar yogʻib oʻtdi. Ob-havoning bunday oʻzgarishi ayniqsa Oʻzbekistonning markaziy tumanlarida avj oldi. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida yogʻingarchilik kuchli va davomli boʻldi. Toshkentda shu kuni 1 mm oylik normada yoqqan yogʻinlar miqdori 17 mm ni tashkil qildi.

Bu juda kamdan-kam kuzatiladigan hodisa boʻlsa ham, biroq meteorologik kuzatuvlar tarixida yagona emas. 1954 yilda Toshkentda iyulda 41 mm, 1969 yil iyulida esa 39 mm yomgʻir yoqqan.

Sentyabr - kuzning birinchi oyi. Oʻzbekistonda sentyabrda, ayniqsa uning birinchi yarmida odatda ob-havo issiq va kam bulutli boʻladi. Qisqa muddatli yomgʻirlar faqat ayrim kunlarda koʻproq togʻli va togʻoldi hududlarda kuzatilishi mumkin. Tungi harorat 15-20 daraja atrofida boʻladi, kunduzi 32-37 darajadan 25-30 daraja issiqqacha oʻzgarib turadi.

Bugun va ertaga Oʻzbekistonda yogʻingarchilik kutilmaydi.

31 avgustda Volgaboʻyi hududidan nisbatan nam va salqin havo oqimi kirishi natijasida ob-havo oʻzgaradi. Respublika boʻyicha bulutlilikning ortishi, ob-havoning yogʻingarchiliksiz boʻlishi kutilmoqda, faqat Toshkent viloyatining ayrim joylarida qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Kunduzgi harorat 1-2 darajaga pasayadi va 28-33 daraja atrofida boʻladi, bu meʼyordan sal past haroratdir.

Sentyabrning ilk kunlari ob-havo asosan yogʻingarchiliksiz boʻladi. Harorat kechasi 15-20, kunduzi 30-35 daraja atrofida boʻladi.

Respublikaning togʻli va togʻoldi tumanlarida 30-31 avgust va 1-2 sentyabr kunlari qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.

Asosiy mavzular