Avtomobil magnitofoni ovozini baland qilib qo‘yganlik uchun jarima joriy etiladi

© Sputnik / Yevgeniy Biyatov / Mediabankka o‘tishPrezentatsiya LADA Vesta
Prezentatsiya LADA Vesta - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
O‘zbekistonda aholi punktida avtomobil magnitofoni ovozini baland qilib qo‘yganlik uchun jarima joriy etiladi

TOShKENT, 21 sen — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 127-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida qonun loyihasi umumiy muhokamaga qo‘yildi.

Loyihada O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 127-moddasining birinchi qismiga qo‘shimchalar kiritilib, ushbu modda qo‘yidagi tahrirda bayon etilmoqda:

“Tovush signalini sababsiz berish, aholi punkti yerlarida transport vositalarining magnitofon va ovoz chiqaruvchi boshqa apparaturalaridan ovozini baland qilib foydalanish, transport vositalariga uni ishlab chiqargan korxona nazarda tutmagan tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalarni o‘rnatish” so‘zlari bilan to‘ldirilmoqda.

Mazkur modda birinchi qismining sanksiyasidagi bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdoridagi jarima uch baravari miqdoriga o‘zgartirilmoqda.

“Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2018-yilda 6 466 nafar, 2019-yilda 9 911 nafar hamda 2020 yilning o‘tgan 8 oyi mobaynida 8 763 nafar (jami 25 140 nafar) transport vositalari haydovchilari belgilanmagan joylarda faqatgina tovush signalini sababsiz berishi va transport vositalariga uni ishlab chiqargan korxona nazarda tutmagan tovush chiqaruvchi qurilmalarni o‘rnatishi bilan bog‘liq qoidabuzarliklarni sodir etgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 127-moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilganlar.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalarida avtomobil salonida tovush balandligi 85 dB dan baland bo‘lmasligi hamda ko‘pi bilan 8 soat tinglash tavsiya etilgan. Shu bilan bir qatorda tovush balandligi 90 dB bo‘lganda 2,5 soat, 95 dBda 47 daqiqa, 100 dBda 15 daqiqa, 105 dBda 4 daqiqa, 115 dBda 28 soniya, 120 dBda 9 soniyadan ortiq tinglash inson salomatligiga salbiy ta’sir qilish va karlikka sabab bo‘lishi mumkinligi qayd etiladi”, - deyilgan hujjat tushuntirish xatida.

Ayni vaqtda loyiha faol muhokama qilinmoqda, foydalanuvchilar tomonidan 37 ta taklif kiritildi.   

Yangiliklar lentasi
0