23:30 26 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB133.19
  • EUR12153.63
  • USD10371.76
Jamiyat
Havola olish
55520

Oʻzbekistonda paxta terimi mavsumi boshlanganiga ancha boʻldi. Respublikaning mashhur kishilari oʻz vaqtida paxtani qanday terganlari va mavsum bilan bogʻliq xotiralari bilan oʻrtoqlashishdi

 

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Raʼno Zokirova: "Bizga non yeyish mumkin emas edi..."

1987 yillar... 17 yoshli xoreografiya maktabida oʻqib yurgan qizaloq boʻlganman. Shu maktabda 9 yil oʻqigan boʻlsam, bir martagina u ham boʻlsa, murojaat boʻlganligi uchun bizni paxtaga olib borishgan. Xoreografiya maktabi oʻquvchilariga vaznni bir meʼyorda saqlab turish kerakligi bois, haddan ortiq toʻyib ovqatlanish, non yoki shu kabi kaloriyali mahsulotlarni yeyish man etiladi. Shu bois paxtaga borgach, hech narsani oʻylamay, mazza qilib non yeganim hamon yodimda. Paxta terib boʻlgach, kechki payt kontsertlar, koʻngilochar dasturlar uyushtirilardi. Ammo u darajada qiynalmaganmiz, oʻyin-kulgi qilib qaytib kelganmiz. Oʻshanda ilk marotaba paxta terishning oʻziga yarasha mashaqqatini bilganman.

Oʻzbekiston Xalq artisti Mehri Bekjonova: "Men paxtada shef povar edim..."

"Mannon Uygʻur" nomidagi Toshkent davlat teatr va rassomchilik institutining 3-kursida oʻqib yurgan paytlarim paxtaga kontsert dasturi taqdim etish uchun borganmiz. Chunki teatr cholgʻuchilari yoki qoʻshiq kuylaydigan asrtistlarni sovuqda oyogʻidan zax oʻtib, tomogʻi boʻgʻilib qoladi, deb paxta tergizishmagan. Ammo maktabning 6-sinfida oʻqib yurgan paytlarimda dalaga chiqib paxta terganimiz yodimda. Ilgari bilsangiz, sovuqda ham paxta terish juda avjida boʻlgan. Biz noyabr, dekabr oylarigacha paxta terar, kech tushgach daryoning narigi tomoniga kemalar orqali oʻtib, dala shiyponlarida yotib qolardik. Yuqori sinf boʻlgach esa men dalada ishlaganman. Paxta terganim evaziga olgan pullarim ham esimda. Terim nihoyasiga yetib, yil yakunida hisobot olardik. Oʻsha paytlarda kolxoz idorasi boʻlardi, shu yoqqa borib, terim haqiga 322 soʻm olganman. U paytda bu pulning qiymati katta boʻlgan. Dalada koʻpincha meni "qoʻli shirin" deb oshpaz qilib qoʻyishar, har kuni uchta sinf uchun ovqat pishirib "shef povar" boʻlib ketganman. Shuningdek, yaxshi terimchi boʻlganim ham esimda, 100 kg, 80 kg, baʼzida  kech tushguncha 100 kilodan oshirib ham paxta terganman. Yaxshi terimchi deb meni atay paxta koʻp boʻlgan egatlarga tushirishardi. Yaxshi terimchilarga sovgʻalar, mukofot pullari berishardi. Etak-etak ogʻir, suvli koʻsaklarni ham terib, uyga olib kelib, chuvir edik. Chuvilgan paxtalarning suvi qurigach, kolxozchilar olib ketishardi.

Yana bir narsa esimga tushib ketdi, bir gal odatdagidek uchta sinf oʻquvchilari uchun ovqat tayyorlayman deb qozonga yogʻ soldim, yonimdagi sherik sinfdoshim esa oʻchoq ostiga oʻt qalab turdi. Unga "hali masalliqlar tayyor emas, koʻp oʻt qalama, yogʻ yonib ketadi" deyishimga qaramay, quloq solmadi va oʻtinning yonishiga qiziqib, oʻchoqqa oʻt qalayverdi. Shunda kutilmaganda qozondagi yogʻ gurillab yonib ketsa boʻladimi, uch sinf tushliksiz qolib ketgan. Oʻquvchilik paytimda oʻgʻil bola feʼl-atvorli qiz boʻlganman (kuladi), haligi bolani rosa kaltaklaganman.  Terimdan charchasak, katta-katta daraxtlarga chiqib olib oʻtirardik, yoki bir birimizning ismimizni abadiylashtirib, M+G, L+N = doʻstlar deb yozib qoʻyardik. Hali ham oʻsha daraxtlar qolganmikan, bilmayman....

Oʻzbekiston Xalq artisti Rixsi Ibrohimova: "100 kg paxta teraman deb egat ichida adashib qoldim..."

1955-1956 yillarda Boʻka tumaniga paxta tergani borish uchun hozirgi Alisher Navoiy kinoteatri joylashgan yerda yigʻilganmiz. Hamma xursand, qiy-chuv... Oʻshanda Mannon Uygʻur nomidagi teatr va rassomchilik institutining 1-kursida oʻqir edik. Kimdir oʻzi bilan qop olgan, kimdir matodan etak olib kelgan. Adashmasam oktbyar oylari edi... paxtalar egatlarda boʻyimiz baravar baland-baland boʻlib oʻsardi, ichiga kirsak, boshimiz koʻrinmay ketardi. Egatlarda adashib ketmaslik uchun boshida oʻsgan paxtalarning ustiga belgi qoʻyib ketardik. Terim vaqtida kim koʻp terarga musobaqa oʻynardik, shu bois 20-30 kilo paxta tergan odam uchun bu sharmandalik edi. 100 kilo terganlarni esa kechga yigʻilib, nomini eʼlon qilishardi. Paxta terish juda qiyin boʻlarkan, tirnoqlarimizning ichigacha tikan kirib, qoʻllarimiz qavarib, qonab ketardi. U paytlarda kunlar hozirgidek sovuq boʻlmagan ekan, biz shlyapalarni kiyib olib, paxta terar,  egatlar orasida onda-sonda duch kelgan tarvuz yoki qovunnni qavarib, kir boʻlib ketgan qoʻllarimiz bilan yorib, egat ichida yeb oʻtirardik.

Etaklarimiz paxtaga toʻlib, tizzalarimizgacha osilib qolar edi. Men uzogʻi bilan 50 kilogacha paxta terardim. U paytlarda qancha pul toʻlashgan eslolmaymanku-ya, lekin agar yeydigan ovqatimizning haqiga yetmasa, shu puldan ushlab qolishardi. Koʻpincha shoʻrva bilan boqishgan. Qoplarda boʻlka non olib kelishar, ustidagi "garbushka"si qisir-qisir qilib, shirin boʻlardi. Biz ana shu nonlarni shoʻrvaga boʻktirib, mazza qilib yer edik. Hozir goʻshtning narxi sakson ming soʻm boʻlsa, oʻsha paytlarda biz goʻshtsiz umuman ovqat yemaganmiz.

Yana esimda, hammaning uyidan sovgʻa-salomlar, oziq-ovqat, kiyim-kechaklar  kelib turardi. Paypoqlarimiz yirtilib, uydan kelgan paypoqlarni kiyib olardik, qalin roʻmollarni belimizga bogʻlab olib javlon urib, paxta terardik. Yuzlarimiz qorayib, sovuqda yorilib, tilinib ketgan. Terimdan qaytgach qoʻyxona, molxonada qator qilib oʻrin solib hammamiz oʻsha yerda yotib uxlardik.

Eng koʻp paxta terganlarni ism familyasini uzun roʻyxat qilib yozib qoʻyishardi. Shunga qiziqib, men ham 100 kilo qilib teraman deb egatga tushvoldim. Toʻlgan etakni esa egatning har joyida toʻkib ketaverdim. Shom tushib, gʻira-shirada hamma ortiga qaytsa ham men qaytmadim. Oxiri charchab,  qaytaman desam, tergan paxtalarimni egatning qaysi joylariga qoldirganimni eslolmay adashib qolganman.  Ertasiga bir amallab paxtalarni qolgan joylardan topib oʻlchasak, 98 kg tergan ekanman. Shunda, ikki kg paxtani oʻzlaridan qoʻshib yozishib, kechki payt, "mana Rixsi qizim 100 kg paxta terdi" deb eʼlon qilgan.

Aʼzam Obid (Shoir va tarjimon): "Tabelchi boʻlsam-da, adolatli edim..."

Men 1991 yilda Namangan davlat universitetida oʻqib yurgan paytlarimda paxta terimiga borganman. Koʻpchilik paxta terish qiyin deydi, lekin men uchun bu juda qiziqarli va zavqli ish edi. U paytlarda majburlab paxtaga olib borish degan gap yoʻq edi. Koʻpchiligimiz kitobsevar boʻlganmiz, paxta terish bahonasida kitob oʻqib, qiziqarli sahna koʻrinishlar tayyorlab koʻngilochar bazmlar uyushtirardik. Misol uchun qishda qor yoqqan paytlarda qiyin edi, azonda ham paxta tergan paytlarimiz boʻlgan. Baʼzilar paxtadan qochishga urinib kasalligi toʻgʻrisida soxta maʼlumotnomalar tayyorlab olib borishsa kular edim. Chunki oʻzim "paxtaga" desa "labbay" deb birinchilardan boʻlib borardim. 3-4 kurs talabalik davrim... qiziqib, 100 kilodan ortiq paxta terib,  qoʻllarim yorilib qonab ketgan paytlar ham boʻlgan. Kursdoshlarim xayron qolishardi, sen shaharlik boʻlsang, qanday qilib paxtani buncha yaxshi terasan deb. Oʻqishni bitirgach, hamma hayotda oʻz yoʻlini topib ketdi. Lekin paxta terimining bitta yaxshi tomoni shu ediki, terim bahonasida talabalar jipslashardi, hamma bitta ota-onaning farzandlaridek, inoq, qalin doʻst boʻlib ketardi.  

Ovqatlarning sifati oʻz yoʻliga, lekin kontsertlar, diskoteka, KVNlar uyushtirilar, madaniy hordiq chiqarib, zerikish u yoqda tursin, charchoq nimaligini unutar edik. Yana qiziq holatlardan biri,  paxtani kam terganlar xazillashib yoki atay etak ichiga tosh, kesak solib, ogʻirroq qilib koʻrsatish degan gaplar ham boʻlib turardi. Men oʻzim oq narsaga qora narsani qoʻshishni yoqtirmaganim uchun bunaqa ish qilmaganman, paxtani haqqoniy terganman. Qolaversa, tabelchi boʻlganim uchun avvalo oʻzim egatga tushib ketib, boshqalarga terimni boshlab berardim, "men tabelchimanku, nazorat qilsam boʻldida" deya boʻsh oʻtirmas edim.

Asosiy mavzular