08:30 22 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB133.19
  • EUR12153.63
  • USD10371.76
Jamiyat
Havola olish
39501

Majburiy ijro byurosining Sputnik Oʻzbekiston muxbiriga aytishicha, ijro harakatlarini amalga oshirish boʻyicha sud qarori mavjud va yuzaga kelgan ushbu vaziyat boʻyicha xizmat tekshiruvi tayinlangan

TOSHKENT, 2 okt - Sputnik. Namangan shahrida Majburiy byuro ijrosi xodimlariga norozilik bildirib, oʻziga oʻt qoʻygan 35 yashar ayol vafot etdi. Hodisa 29 sentyabr kuni sodir boʻlgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga koʻra, marhum ikki yarim yil muqaddam sotib olingan uyidan majburan chiqarmoqchi boʻlgan MIB xodimlariga shu tariqa oʻz noroziligini bildirgan.

Maʼlum boʻlishicha, D.G (marhum ayol) firibgarlik qurboni boʻlgan – uning onasi(D.M)ga uyni 13 ming dollarga aldab sotgan ayolga ozodlikni cheklash jazosi qoʻllanilgan, uyning asl egasi esa mulk oʻziga qaytarilishi uchun sudga murojaat qilgan.

Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari boʻyicha Namangan tumanlararo sudining 2019 yil 8 oktyabrdagi hal qiluv qaroriga koʻra, undiruvchi D.A foydasiga javobgar D.M va uning oila aʼzolarini Namangan shahridagi uylarning biridan majburiy tartibda koʻchirish belgilangan. Mazkur ijro hujjati boʻyicha byuroning Namangan shahar boʻlimi tomonidan ish yuritishni qoʻzgʻatish toʻgʻrisida qaror qabul qilinib, qaror nusxasi tomonlarga yuborilgan.

Javobgar D.M. va uning oila aʼzolariga nizoli uydan chiqib ketishlari kerakligi tushuntirilib, ijro hujjati talabi bajarilmagan taqdirda unga nisbatan Oʻzbekiston Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 198-1-moddasiga (qarzdorning ijro hujjatini ijro etmasligi) asosan jarima jazosi qoʻllanishi hamda majburiy tartibda koʻchirilishi toʻgʻrisida boʻlim davlat ijrochisi tomonidan 2019 yil 6 dekabrda ogohlantirish xati berilgan.

Qarzdor D.M va uning oila aʼzolari davlat ijrochisining ogʻzaki va yozma ogohlantirishiga qaramasdan sudning ijro varaqasida koʻrsatilgan xonadonni boʻshatishdan boʻyin tovlagani uchun davlat ijrochisi tomonidan ijro hujjatida koʻrsatib oʻtilgan manzildan 2019 yil 12 dekabr kuni koʻchirish harakatlarini majburiy ijro etish tayinlanib, bu haqida qarzdorning oʻzi va tegishli tashkilotlarga maʼlum qilingan.

Biroq javobgar D.M. tomonidan kassatsiya tartibida shikoyat keltirilgani sababli yuqoridagi qaror ijrosini vaqtincha toʻxtatish haqidagi sudning ajrimi qabul qilingan va ijro harakatlari toʻxtatilgan. Shundan soʻng sud ajrimi bilan kassatsiya shikoyatini qabul qilish rad qilingan va ijro harakatlari davom ettirilgan.

Mazkur xonadonga 2020 yilning 11 mart kuni majburiy ijro harakatlarini oʻtkazish uchun tegishli tashkilot xodimlari va xolislar ishtirokida borilganda qarzdor D.M. uyda yoʻqligi sababli ijro harakatlari keyinga qoldirilgan. Shundan soʻng Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 martdagi "Koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qarori qabul qilingan boʻlib, unga binoan idoraviy boʻysunuvidan va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar barcha tashkilotlarda karantin holati joriy qilingani sababli ijro hujjati ijrosini taʼminlash 2020 yil 15 avgustga qadar toʻxtatib turilgan.

Ijro hujjati ijrosini taʼminlash maqsadida davlat ijrochisi tomonidan 17 sentyabrda ijro hujjati boʻyicha tomonlar byuroning Namangan shahar boʻlimiga chaqirtirilib, ularga ijro hujjati talabi qaytadan tushuntirilgan. Shu bilan bir qatorda, ijro hujjati talabini bajarmaslikning huquqiy oqibatlari ham tushuntirib oʻtilgan, manzildan ixtiyoriy ravishda koʻchish taklif qilingan.

Biroq javobgar D.M. va uning oila aʼzolari koʻrsatib oʻtilgan nizoli xonadondan ixtiyoriy ravishda koʻchib chiqib ketmagani sababli davlat ijrochisi tomonidan shu yil 29 sentyabr kuni koʻchirish harakatlarini majburiy ijro etish tayinlanib, bu haqida qarzdorning oʻzi va tegishli tashkilotlarga (Namangan shahar IIO FMB 2-IIB, FVV YOXB Namangan shahar boʻlimi, MFY, TTYO Namangan shahar boʻlimi) maʼlum qilingan.

Shu kuni yuqoridagi manzilga borilganda qarzdor D.M. va uning qizi D.G. tomonidan ijro harakatlarini amalga oshirishga faol qarshilik koʻrsatilgan. Ijro hujjati talabini bajarishga toʻsqinlik qilish maqsadida 1985 yilda tugʻilgan D.G. oʻziga benzin sepib, yoqib yuborgan — oʻz joniga suiqasd qilgan", deyiladi MIB munosabatida.

Fuqaro D.G. tanasining 80 foizdan ortiq kuyish tan jarohati natijasida 2020 yil 30 sentyabr kuni Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazining Namangan filialida vafot etgan.

Hozirda holat yuzasidan Namangan shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.

"Shu oʻrinda, marhuma G.Dadaboyevaning oila aʼzolari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz va holat boʻyicha aybdor shaxslarga nisbatan albatta tegishli chora koʻriladi. Biz shu oʻrinda ushbu holat boʻyicha Ijtimoiy tarmoqlardagi tarqatilayotgan xabarlarni toʻgʻri va obʼyektiv holda talqin qilinishi va bir tomonlama yondashmasliklarini soʻrab qolamiz", - dedi MIB vakili Sputnik Oʻzbekiston muxbiriga.

Asosiy mavzular