12:41 25 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB133.19
  • EUR12153.63
  • USD10371.76
Jamiyat
Havola olish
148531

...Qoʻlida zamonaviy telefon, butun vujudi bilan unga mahliyo boʻlib,  mijoz kirib kelganini koʻrmaydi, yoki unga oʻzi sotayotgan tovar haqida maʼlumot berishga erinadi - bugun Oʻzbekiston bozorlarida shunday kartina allaqachon tabiiy holga aylangan

TOSHKENT, 3 okt - Sputnik. Bugun xaridorning talabi va istagidan kelib chiqib, mol xarid qilishi uchun bozorda barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Oʻzbekistonda ishlab chiqariladigan mahsulotlardan tashqari, chet eldan kirib kelayotgan mollargacha xaridor oʻz xohishi va hamyoni imkoniga qarab xarid qilishi mumkin. Shuningdek, eʼtibor bersak, axborot asrida xaridorlarning ham dunyoqarashi, madaniyati bir muncha shakllangan.

Shu bois sotuvchilar mol sotayotganda undan faqat moddiy manafaat koʻzlash emas, balki har bir xaridorning koʻngliga yoʻl topa bilishi, didi, choʻntagi, xohish istagiga qarab ularga mos boʻlgan tovarni taklif qila olishi kerak. Buning uchun esa sotuvchi oʻzi sotayotgan tovarlar haqida batafsil maʼlumotga ega boʻlishi, muomala madaniyati risolada, kerak boʻlsa mijozning kayfiyati bilan hisoblashishga majbur. Zotan, azaldan savdo xodimlari orasida yuritiladigan"Mijoz har doim haq" iborasi ham bejizga emas.

Xoʻsh, bugun Oʻzbekiston bozorlarida faoliyat yuritayotgan sotuvchilarni  yuqoridagi talablarga yuz foiz  javob bera olishadi deb ayta olamizmi? Afsuski, bunday sotuvchilar barmoq bilan sanarli. Ayniqsa, chet ellik mehmonlar talabi va madaniyatidan kelib chiqib fikrlasak, bugun bozorda faoliyat yuritayotgan aksariyat sotuvchilarning mijozga xizmat koʻrsatish uslubi, ularning qiladigan qoʻrs muomalasi Oʻzbekiston imiji va xalqining madaniyati borasida ijobiy taassurot uygʻotishiga shubha bor. Bunday xulosaga kelish uchun esa istalgan bozorga tushib, kuzatuv va surishtiruv olib borishning oʻzi yetarli.

"Nima kerak edi?", "Nima qidiryapsiz?"

Xoynahoy, sarlavhadanoq, gap nimadaligini tushundingiz... Xuddi shunday! Sababi, bugun xaridor savdo doʻkonlarini shunchaki aylanib, rastalar oldidan erkin oʻtolmay qoldi, sotuvchi kutilmaganda uning yoʻlini toʻsib, "Nima kerak edi?", "Nima qidirvos?", kabi savollarga tutib, bozorga nima uchun kelganini ham unuttirayozadi. Axir, bozor oʻz nomi bilan bozor, unda sotilayotgan tovarlar moʻl-koʻl, xaridor oʻziga kerak boʻlgan molni oʻzi topib oladi. Modomiki, unga kerakli mol sotuvchi doʻkonida boʻlmasa, xaridor qimmatli vaqtini sarflab, sotuvchiga nima qidirayotgani haqida maʼlumot berishga majburmikan?  Nahotki, sotuvchilarda xaridor bozor eshigidan kirishi bilanoq oʻziga kerakli boʻlgan savdo rastasiga keladi, degan sayoz tushuncha shakllangan boʻlsa? Bir kunda bozorga tushishi mumkin boʻlgan minglab xaridorni olsak, ular turli xarakterga ega boʻlishi, kayfiyati koʻtarinki yoki tushkun boʻlishi, ehtimol, shunchaki vaqt oʻtkazish yoki sayr qilish uchun ham bozorga kelgan boʻlishi mumkinku? Yana shunday sotuvchilar borki, ular sizning didingiz bilan hisoblashib oʻtirmaydi, "falon narsani qidirayotgandim, ammo sizning doʻkoningizda yoʻq ekan" deya ulardan qutilib ketolmaysiz. Kayfiyatingiz yoʻq boʻlgan holatlarda esa tabiiyki, sotuvchilarning bunday yopishib olishi gʻashingizga tegadi, "Hoy, baraka topgur, shu yerdan oʻtsak maylimi?!" deb yuborging keladi baʼzida.

© Sputnik / Dilshoda Raxmatova

"Qayerniki, bilmayman"

Bozorda oʻzingizga yoqadigan tovarni ushlab koʻrib, uning qayerda ishlab chiqarilganligi, originalmi yoki oddiy oʻxshatma tovar, undan qanday foydalanish mumkinligi haqida bilmoqchi boʻlasiz. Ammo ushbu holatda sotuvchi ensasi qotib, sizga "Bilmayman" yoki "Olmasangiz ushlab tashlamang", "Olasizmi oʻzi", deya qistalang-qoʻrs muomala qiladi. Bunday sotuvchilarni koʻrib, ularning bozorda nima maqsadda oʻtirganliklariga tushunolmaysan kishi.

Qoʻlida esa zamonaviy telefon, butun vujudi bilan unga mahliyo boʻlib,  mijoz kirib kelganini koʻrmaydi, yoki unga oʻzi sotayotgan tovar haqida maʼlumot berishga erinadi. Ularning oʻzi uchun qurol qilib olgan, xaridorlarga qiladigan jangovorona xitoblaridan biri esa mana bunday, "Oling!" "Olasizmi oʻzi, choʻntagingizda pulingiz bormi?"...  Nahotki sotuvchi xaridorga mana shunday takabburona muomala qilishga haqli boʻlsa?  Xaridorning puli bormi yoʻqmi, sotuvchi jamoat joyida bu haqda hammaga eshittirishi, xaridorni ranjitishi oʻrinlimikan? Umuman, bunday qoʻpol muomala mijoz kayfiyatiga salbiy taʼsir qilishi mumkinligini sotuvchi nahot oʻylamaydi?

Aslida sotuvchi oʻzi sotayotgan moli haqida batafsil maʼlumotga ega boʻlsa,  xaridorga molning bor xususiyatlari haqida toʻliq maʼlumot berib, kerak boʻlsa xushmuomalalik bilan uning kayfiyatini koʻtarsa, (agar buni eplay olsa) u bundan nafaqat moddiy foyda koʻradi, balki mijozlarining sonini yana bittaga koʻpaytirib ham oladi, shunday emasmi? Ammo negadir sotuvchilarda bu borada mahorat yetishmaydimi, yoki xarakteridagi manmanlikmi sababmi, ular bugun xaridorlarning koʻrinishi, yoki ust-boshiga qarab muomala qilishga odatlanishgandek... 

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Fargʻona viloyati hududiy birlashmasi raisi oʻrinbosari Gʻayrat Mamatqulov yuqoridagi savollar yuzasidan oʻz fikrlarini bayon qildi.

“Isteʼmolchi sotib olmoqchi boʻlgan tovari haqida maʼlumot olishga haqli”

—   Sotuvchilarning xaridorlarga savdo xizmatlarini koʻrsatishi borasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy qonun hujjati bu 1996 yilning 26 aprelida qabul qilingan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni bor. Mazkur qonunning 9-moddasi, 2003 yilning 13 fevralidagi 75-sonli qarori bilan  “Oʻzbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari” qonuni tasdiqlagan.

Yuqoridagi qonunning 4-moddasiga koʻra isteʼmolchi oʻzi sotib olmoqchi boʻlgan tovarlar haqida toʻgʻri va toʻliq maʼlumot olish huquqiga ega. Isteʼmolchi oldi-sotdi jarayonida mazkur tovar, uning isteʼmol xususiyatlari haqida qanday savollarni bermasin, sotuvchi unga bu borada toʻgʻri va toʻliq javobni berishi, qonunning 8-moddasiga koʻra, tovarni ishlatib koʻrsatishi, undan xavfsiz va toʻgʻri foydalanishni oʻrgatishi lozim.

Prodaja myasa na odnom iz rыnkov v Kazaxstane
Press-slujba akima Yujno-Kazaxstanskoy oblasti

Agar rastdagi tovarlarga tegishli tartibda rasmiylashtirilgan narxnomalar qoʻyilgan boʻlsa va xaridor ushbu tovarni sotib olmoqchi boʻlsa, sotuvchi bu tovarni sotishga oʻzi tomonidan toʻliq rozilik berganligini koʻrsatadi. Demak, xaridor biror bir savdo doʻkoniga kirib, uning rastaga qoʻyilgan tovarlarni sotib olsa ham olmasa ham mazkur tovarlar, ularning isteʼmol xususiyatlari haqida soʻrab-surishtirishga haqi bor. Sotuvchilar esa ushbu holatda bosiqlik bilan tegishli maʼlumotlarni taqdim etishlari lozim.

Bundan tashqari tovarning narxnomasi qanchalik toʻliq toʻldirilgan boʻlsa,   xaridor tomonidan sotuvchiga beriladigan aniqlashtiruvchi savollar shuncha  kamroq boʻladi. Oddiy misol. Rastaga shakar qoʻyilgan va unga 5000 soʻm degan suqma narx yozuvi qoʻyilgan. Endi ayting, isteʼmolchi ushbu holatda, beixtiyor, bu nima, shakarmi, narx ushbu shakarning bir kilosi narximi, u qayerda ishlab chiqarilgan, navi qanaqa kabi savollarni beradimi? Beradi. Sotuvchi bir kunda yuzlab xaridorlarning shunaqa savollariga javob berishga majbur boʻladimi? Boʻladi. Sotuvchi bunaqa savollarga javob beraverib, oʻziniyam qiynaydimi? Qiynaydi. Oʻninchi, boringki yigirmanchi xaridorga borganda asablariyam charchaydimi? Charchaydi. Sotuvchi doʻkonida esa bunaqa tovarlardan yuzlab bormi? Bor. Mana “Olasizmi oʻzi?” qayerdan kelib chiqadi. Agar narxnoma hech boʻlmaganda, “Shakar. Oʻzbekiston. Oliy nav. 1 kg 5000 soʻm” tarzida yozilganda edi (aslida qonun talabi ham shu), sotuvchi bir qancha savollardan xoli boʻlib, oʻzi ham ortiqcha charchamagan boʻlardi. Mana shu savdo madaniyatining koʻrinishlaridan biridir.

"Sotuvchi axloq-odob qoidalaridan chetga chiqmasligi lozim"...

 Endi sotuvchilarning “Nima kerak edi”, “Nima qidiryapsiz” kabi savollarga kelsak, albatta, sotuvchilar tovarlarini tezroq sotishni, savdo aylanmasini yanada koʻpaytirishni istaydi va ushbu yoʻnalishda marketingning turli vosita va usullarini qoʻllaydi. Lekin ular ushbu yoʻnalishda marketingdagi reklama va targʻibot, shuning bilan birgalikda xalqaro maydonda va milliy savdo-sotiq jarayonida shakllangan, umumeʼtirof etilgan axloq-odob qoidalari, anʼanalaridan chetga chiqib ketmasliklari lozim. Shuningdek, isteʼmolchini haq evaziga qoʻshimcha tovarlar sotib olishga yoki qoʻshimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek koʻrsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga sotuvchilar haqli emas.

“Nega bozorlarda bir tovarning narxlari har xil?”  

 Isteʼmolchi sotib olingan tovar (ish, xizmat) sifatini, butligini, vazni va narxini tekshirish huquqiga ega (8-modda). Demak, Siz isteʼmolchi sifatida mazkur sotuvchidan tovarning tegishli hujjatlari bilan tanishish orqali narxining toʻgʻriligiga ishonch hosil qilishingiz mumkin.

Bozor iqtisodiyoti sharoitida narxlar ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi)lar tomonidan asosan erkin shakllantiriladi. Lekin bu mazkur sohada toʻlaqonli raqobatning shakllanganligi bilan bogʻliqdir. Agar biror bir sohada raqobat toʻlaqonli shakllanmagan yoki umuman raqobat yoʻq boʻlsa, davlat mazkur sohadagi monopol korxonalarning insof dorasidan chetga chiqmasliklari uchun tegishli ravishda ular tomonidan shakllantiriladigan narxlar nazoratini olib boradi va qoʻlida mavjud vositalar bilan ularga taʼsir oʻtkazadi. Bundan esa qatʼiy belgilangan narxlar (tariflar), ulgurji yoki chakana sotishning yuqori chegaraviy narxlari degan tushunchalar yuzaga keladi.

Qatʼiy belgilangan narxlar (tariflar)ga elektr energiyasi, gaz, suv, hukumat qarori bilan belgilangan shahar yoʻlovchi tashish transportidagi yoʻl kiralar va boshqa shu kabi tovar (ish, xizmat)lar uchun shakllantiriladigan narxlarni kiritishimiz mumkin. Ulgurji yoki chakana sotishning yuqori chegaraviy narxlariga misol sifatida dorixonada sotilayotgan dori vositasini keltirishimiz mumkin. Davlat ayrim dori vositalariga ularni sotishning yuqori narx chegarasini belgilab, isteʼmolchilarni ijtimoiy himoyasini taʼminlashni, ularni bu borada qoʻllab-quvvatlashni koʻzda tutishi mumkin. Bunda, dori vositasini narxning belgilangan eng yuqori chegarasidan oʻtmasdan, undan quyiroqdagi narxlar doirasida sotish mumkin. Mana shu holatda isteʼmolchilarda bitta dorixonada boshqa narx, ikkinchi dorixonada boshqa narx degan tasavvur ham kelib chiqishi mumkin. Aytaylik, tsitramon dori vositasi uchun belgilangan yuqori chegaraviy narx 1500 soʻm boʻlsin. Dorixonalarning birinchisi uni 1000 soʻm, ikkinchisi 1200 soʻm, uchinchisi 1500 soʻm sotayotgan boʻlsa, ulardan hech qaysisi amaldagi tartib qoidalarni buzmagan hisoblanadi. Narxning 1500 soʻmdan oshirilishigina tartib-qoidalardan chetga chiqish, deb baholanadi.

Monopol korxonalar tomonidan tovar (ish, xizmat)larga narxlar belgilash, shakllantirilishi va uni tovar bozorlarida sotilishi jarayonlari ustidan Monopoliyaga qarshi kurashuvchi organ nazorat olib boradi.

Tovar bozorida raqobat toʻgʻri va toʻlaqonli shakllangan sohalarda esa tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning narxlari oʻzaro raqobat kurashi, isteʼmolchilarning mazkur tovarga boʻlgan talablari, ayrim mavsumiy tovarlar uchun esa shu mavsumning kirib kelishi kabi omillar taʼsirida shakllanadi. Ushbu jarayon aholining keskin noroziliklariga, ularning real daromadlarini pasayib ketishiga olib kelmasligi uchun, davlat oʻzida mavjud vositalar va mexanizmlar (import va eksportdagi toʻsiqlarni yengillatish, soliqlar, tovar bozorida raqobatchilarga teng sharoitlar yaratish va boshqalar) bilan taʼsir koʻrsatishi va narxlarni bir qadar muvozanatda ushlab turishga erishishi mumkin.

Tovarlardagi "Rukami ne trogat" ("Qoʻlingiz bilan ushlamang") degan taqiqlar asoslimi?

Kiyim-kechak sotayotgan sotuvchining xaridorga qoʻl bilan ushlamang, deyishi mantiqqa ham toʻgʻri kelmaydi. Xaridor kiyim-kechakni kiyib koʻrish jarayonida uni qoʻl bilan ushlashga majbur. “Qoʻlingiz bilan ushlamang, mumkin emas” yoki “Rukami ne trogat” koʻproq muzeylarga qoʻyilgan tarixiy, qimmatbaho eksponatlarga nisabatan qoʻllaniladi. Savdosi yaxshi yurishishidan manfaatdor sotuvchi esa taqiqlardan qochib, xaridorlar va ularning talablarini sezgirlik bilan ilgʻab oladi hamda bunga tegishli shart-sharoitlarni yaratadi.

Isteʼmolchi ham oʻz oʻrnida sotuvchiga hurmat bilan munosabatda boʻlishi, agar qoʻli biror-bir narsadan ifloslangan boʻlsa, savdo rastasidagi tovarga u bilan ziyon yetkazmaslik choralarini koʻrishi lozim.

Isteʼmolchi tovarlar haqida toʻgʻri va toʻliq maʼlumot olish, ularni erkin tanlash, sotib olayotgan tovarining sifatli boʻlishi, xavfsiz boʻlishi, hayoti, sogʻligʻi va mol-mulki uchun zarar yetkazilmasligiga kafolat berilishini talab qilish huquqiga ega( “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni 4-moddasi).

Shuningdek, isteʼmolchi sotib olingan tovar sifatini, butligini, vazni va narxini tekshirish huquqiga ega (8-modda).

Isteʼmolchi tovar va uning isteʼmol xossalari haqida soʻrab-surishtirish, ayrim tovarlarning ishlatib koʻrsatilishi, undan qanday toʻgʻri foydalanishni oʻrgatilishi, tovarning butligini tekshirib olishda uni qoʻl bilan ushlab koʻrish (ayrim holatlarni istisno etganda), kiyim-kechakni kiyib koʻrish, vazni toʻgʻri oʻlchanayotganligiga amin boʻlish maqsadida oʻlchov vositasining qiyoslov koʻrigidan oʻtgan yoki oʻtmaganligi bilan qiziqish hamda uni tasdiqlovchi hujjat bilan tanishish, tovarning sifatini tasdiqlovchi sertifikatini soʻrash va u bilan tanishishga haqli.

Demak, qonun talablari boʻyicha sotuvchi isteʼmolchiga yuqoridagi huquqlarini toʻlaqonli amalga oshirishi boʻyicha barcha shart-sharoitlarni yaratib berishi lozim.

Nooriginal tovarlarning qimmat narxlarda sotilishi, soxta brendlar...  

 Maishiy kimyo tovarlarida ularning ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati hamda ularni saqlash shartlari koʻrsatilgan boʻlishi lozimligi belgilab qoʻyilgan (“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining 11-moddasi). Maishiy kimyo tovarlarida kafolat muddati emas, balki yaroqlilik (saqlash) muddatlari qoʻyiladi. Bu esa ishlab chiqaruvchining maishiy kimyo tovariga yaroqlilik (saqlash) muddatlari davomidagi kafilligini bildiradi.

Amaldagi qonunning 18-moddasiga, shuningdek "Oʻzbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari”ning 1-ilovasiga koʻra, kosmetika, yaʼni attorlik-pardoz tovarlari sotilgandan, isteʼmolda boʻlgandan soʻng qaytarib olinmaydi. Ushbu qaytarib olinmaslik talabi, faqatgina mazkur tovarning kamchilik va nuqsonlari boʻlsa qaytarib olinmasligiga emas (bunday holatda qaytarib olinadi), balki uning qandaydir isteʼmol xususiyati yoqmay qolganligi bilan qaytarib olinmasligi deb tushunilishi kerak. Aytaylik, Siz sotib olgan atirning hidi turmush oʻrtogʻingizga yoqmadi. Ushbu sababni koʻrsatgan holda uni sotuvchiga qaytara olmaysiz. Lekin tovarda nuqsonlar boʻlsa, aytaylik sotuvchi Sizga qutisini ochib koʻrib, uning ichidagi atir idishining butligini tekshirib koʻrishingizga qoʻymay qoʻlingizga tutqazib yuborgan atir idishida siniq, yoriq va boshqa nuqsonlar boʻlsa, atirni sepib beruvchi moslamasi ishlamasa va shu kabi boshqa holatlarda uni sotuvchiga qaytarishingiz mumkin.

Endi, attorlik-pardoz buyumlarini original, deb aldab sotish holatlari boʻyicha. Agar tovar haqida notoʻgʻri yoki yetarli darajada toʻliq boʻlmagan maʼlumot berilgan boʻlsa, va bu zarur isteʼmol xossalariga ega boʻlmagan tovar sotib olinishiga sabab boʻlsa (bizning misolimizda soxta, qalbaki yoki kontrafakt kosmetika), isteʼmolchi shartnomani bekor qilishga va oʻziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga, yaʼni bunday mahsulotni sotuvchiga qaytarib, pulini qaytarib olish haqlidir.

Shavkat Mirziyoyev provel soveщaniye po chistote territoriy i zdorovyu naseleniya
Press-slujba prezidenta Uzbekistana

Agar tovar (ish, xizmat) haqida notoʻgʻri yoki yetarli darajada toʻliq boʻlmagan maʼlumot berilgan boʻlsa:

- zarur isteʼmol xossalariga ega boʻlmagan tovar (ish, xizmat) sotib olinishiga sabab boʻlsa, isteʼmolchi shartnomani bekor qilishga va oʻziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir;

- sotib olingan tovar (ish, xizmat)dan koʻzlangan maqsadda foydalana olmaslikka sabab boʻlsa, isteʼmolchi tegishli maʼlumot oqilona qisqa (koʻpi bilan uch kunlik) muddatda berilishini talab qilishga haqlidir. Agar maʼlumot aytilgan muddatda berilmasa, isteʼmolchi shartnomani bekor qilib, zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir;

- isteʼmolchining hayotiga, sogʻligʻiga yoxud mol-mulkiga zarar yetkazilishiga sabab boʻlsa, u ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) oldiga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan talablarni qoʻyishga haqlidir.

Sotuvchilar tomonidan buni bilgan holda, soxta, qalbaki, falsifikat hamda kontrafakt tovarlarni sotilishi amaldagi qonunchilikka koʻra, sodir etilgan huquqbuzarlikning holati va hajmiga qarab, tegishli ravishda maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi.

Asosiy mavzular