04:03 29 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB136.11
  • EUR12285.78
  • USD10359.88
Jamiyat
Havola olish
4430110

Murojaatchilarning taʼkidlashicha, Bulungʻur tumanidagi maʼrifat maskanlaridan birining rahbari oʻqituvchilarning mukofot pulini oʻzlashtirib, jazosiz qolish tizimini puxta yoʻlga qoʻyib olgan

TOSHKENT, 10 okt - Sputnik. Samarqand viloyati Bulungʻur tumani Xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 20-umumtaʼlim maktabining bir guruh oʻqituvchilari Sputnik Oʻzbekiston xalqaro axborot agentligiga murojaat yoʻllab, maktab direktorining ish faoliyatidan norozi ekanliklarini bayon etishgan. Oʻqituvchilar iddaosicha, maktab direktori G.CH. bugungacha koʻplab oʻqituvchilar nomiga mukofot puli yozib, pulning maʼlum qismidan oʻzi ham manfaatdor boʻlib kelmoqda.

Joriy yil fevral oyida Oʻzbekiston prezidenti korruptsiyaga qarshi kurashish hamda jamoatchilik nazorati tizimlarini takomillashtirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazib, mutasaddilarga xorijiy tajriba asosida korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha tuzilmani tashkil etishga doir hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar bergan edi. Mamlakatda korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi ham. Olib borilayotgan islohotlarga  qaramay, Respublikaning ayrim hududlarida ushbu illat keltirishi mumkin boʻlgan oqibatlarni hali ham toʻla anglab yetmagan yoki ongli ravishda uni mensimayotganlar koʻplab uchramoqda.

Bulungʻur tumani XTBga qarashli 20-umumtaʼlim maktabi oʻqituvchilari tomonidan yoʻllangan murojaat boʻyicha surishtiruv oʻtkazib, ana shunday xulosaga kelamiz. 

Murojaatda aytilishicha, 2018-yilning aprel oylarida 20-maktabga yangi direktor tayinlangach, taʼlim maskanida muhit salbiy tomonga oʻzgara boshlaydi. Maktab rahbari murosa qilish mumkin boʻlgan oʻqituvchilarga mukofot pullari yozib, pullarning maʼlum summasidan oʻzi ham manfaatdor boʻlib keladi. Bundan norozi boʻlgan oʻqituvchilar mukofot pulidan benasib boʻlib, direktorning "qora roʻyxati"ga tushadi va ragʻbatlantirish masalalarida ular rahbar nazaridan chetlanadilar.

Oʻzi tomonidan sodir etilayotgan harakatlarning qonunga zidligini yaxshi bilgan direktor "ayblarni" berkitish kerakligini ham unutmaydi. U oʻqituvchilarning har biridan "Mukofot pulini toʻliq oldim va oʻz ehtiyojim uchun ishlatdim" mazmunida tushuntirish xatlarini yozdirib oladi. Biroq, qogʻozbozlik rasm-rusumini joy-joyiga qoʻygach ham koʻngli tinchimaydi, u mana shu tariqa bir qancha oʻqituvchilarning choʻntagini "qoqib" oladi. Murojaatda ularning ism-shariflari erinmay keltirib oʻtilgan boʻlib, holatlarni oʻz imzosi va ism-shariflari bilan tasdiqlaganlar. Shuningdek, ularning direktor nomiga yozgan tushuntirish xatlaridan ham nashrda nusxalar mavjud.

Murojaatda oʻqituvchilarning maʼlum qilishicha, rahbar opa nafaqat oʻz qoʻlidagi ishchilar, balki oʻquvchilarga boʻlgan munosabati, muomala madaniyati ham risoladagidek emas: ayrim farroshlarga maktabga keltirgan supurgisi "nimaga yaramasligi" bilan kamsitilgan boʻlsa, ota-onasining ajrashganiga aybdor boʻlmagan oʻquvchilar esa shaxsan kamsitilib, haqoratlarga duchor boʻlgan. Bundan tashqari boʻlar boʻlmasga ish haqi hamda maktab xarajatlari deya oylik maoshlardan ushlab qolishlar oʻqituvchilarni bezdirib yuborgan.

Shu tariqa bayon etilgan holatlardan bir nechtasini keltirib oʻtsak, unga koʻra yangi maktabga koʻchib oʻtilishi vaji bilan qishloqdagi iqtisodi yaxshi boʻlgan bir qancha oilalarga murojaat xati yoʻllanib, ota-onalar homiylikka jalb qilingani, ulardan 200 mingdan 500 ming soʻmgacha summasi koʻrsatilgan xatlar yuborilgani, ayrim ota-onalarning ushbu soʻralgan summani naqd keltirib berganliklari haqida aytiladi.

2019-2020 yil oʻquv boshida esa  maktab oʻqituvchisi I.M.ga "0.5 shtatda maktab psixologligini beraman" deb, evaziga undan oʻzining plastik kartochkasiga bir marotaba 200 ming soʻm, yana bir marta 400 ming soʻm, jami 600 ming soʻm pulni oʻtkazib olgani, keyinroq yana 200 ming soʻm pulni taʼmagirlik yoʻli bilan talab qilgan, ammo oʻqituvchi bera olmagach, u bilan murosasi kelishmay qolgani keltiriladi.

Yana bir oʻqituvchi esa "maktabda nemis tili guruhi ochib berishi" vaʼdasiga ishonib, oʻrtadagi "vositachi oʻqituvchi" orqali direktorga 400 ming soʻm "uzatib" yuboradi. Ammo vaʼda qilingan nemis tili guruhi ota-onalar qarshiligi sabab ochilmagach, direktor oʻqituvchidan olgan pulini qaytarmaydi.  

Sakkizinchi sinf oʻquvchilari oʻz qoʻli bilan yozgan tushuntirish xatlaridan parchaga eʼtibor bering: "...direktor bizni sinf xonasida pista chaqqanlikda ayblab, qishning qahraton sovugʻida koʻchada qolishga majbur qilgan... Bizni qor yogʻayotganda tashqariga chiqarib, faqatgina mayka, oyoq kiyimlarimizni yechib 20-25 daqiqa bitta oyoqda turgʻizib, oʻz xonasiga kirib ketdi". 

Murojaatchilar maktab direktorining hatti-harakatlarini quldorlik tuzumidagi qullarga nisbatan qilinadigan munosabatga qiyoslashadi va uning oʻz lavozimini boʻshatib qoʻyishini istashadi. Aynan shu mazmundagi murojaat bilan oʻqituvchilar tuman XTB hamda prokuraturaga murojaat yoʻlashadi.

Xususan, Bulungʻur tuman prokuraturasi tomonidan murojatchilarga 2020 yilning 2 avgustida "shikoyat yuzasidan iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Bulungʻur tumani boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshirish olib borilayotgani, tekshirish haraktlari tuman prokuraturasi tomonidan nazoratga olingani" haqida yozma javob qaytariladi. Ammo "Fuqarolarning murojaatlari toʻgʻrisida"gi qonunga muvofiq, bir oy ichida koʻrib chiqib, hal etilishi kerak boʻlgan shikoyat arizasi oktyabr oyi boshlanibdi hamki, koʻrib chiqilayotgani haqida maʼlum qilinmayotir...

Shuningdek, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Samarqand viloyati, Bulungʻur tuman boʻlimi tomonidan viloyat moliyaviy nazorat boshqarmasiga yoʻllangan xat (mazmunan koʻrib chiqib, hal etish uchun yoʻllangan) ham hamon oʻrganilmoqda.

Eng qizigʻi esa oʻqituvchilar tomonidan Oʻzbekiston prezidenti portaliga yoʻllagan murojaatning Bulungʻur tuman XTB tomonidan qanday hal etilganida: shikoyat koʻrib chiqilib, holatlar oʻrganilib, mazmunan hal etish uchun portaldan qayta tuman XTB ga yoʻllangach, ushbu boʻlim xodimlari tomonidan ajoyib “spektakl” sahnalashtiriladi.

Yaʼni bevosita murojaatda aytilgan holatlarga aloqador boʻlgan yigirmaga yaqin guvohlar, oʻqituvchilar qolib, aloqador boʻlmaganlar, maktabda bir paytlar ishlab, bugun nafaqalik gashtini surib yurgan oʻqituvchilardan bir nechtasi mahalla idorasiga chaqirtiriladi. Murojaatning ijobiy natijasidan daʼvogar boʻlgan oʻqituvchilar(asosiy arizachi)dan esa atigi bir nafari chaqirtirilib, undan "direktor bilan yarashish" talab qilinadi.

Arizachi tuman XTB, mahalla idorasi raisi, mahalla profilaktik inspektorining qistashiga qaramay, daʼvosidan voz kechmaydi. Shunga qaramay, "spektakl sahnalashtiruvchilari" hamda yolgʻonchi guvohlar ishtirokida dalolatnoma tuzilib, "20-maktabdagi yuz bergan holatlar qisman oʻz tasdigʻini topganligi, maktabning "erka rahbar opasi"ga shunchaki navbatdagi intizomiy chora qoʻllanilishi" soʻralib, viloyat XTB nomiga yuboriladi...

Bundan koʻrinadiki, murojaatda aytilayotgan holatlarning qisman oʻz tasdigʻini topganligi haqida maʼlum qilayotgan tuman XTB xodimlari, direktorning shunchaki intizomiy chora bilan qutulib ketishini, ehtimol, uning oʻz lavozimida faoliyatini davom etirishini qoʻllab-quvvatlaydi. 

Hozircha holat viloyat XTB tomonidan oʻrganilyapti. Ammo 20-maktab oʻqituvchilarining boshi uzra suzib yurgan qora bulutlar qachon tarqaydi, bu nafaqat ularning oʻziga, balki jamoatchilikka ham qiziq boʻlsa ajab emas.

Sodir etilgan huquqbuzarliklarchi, fidoyi oʻqituvchilardan oʻzlashtirilgan pullarni kim oʻz egalariga qaytaradi? Bu yuzasidan qonun himoyachilari nihoyat surishtiruvni boshlasharmikan?

Bilim va maʼrifat maskanida bu kabi salbiy illat ildiz ota boshlagan ekan, rahbar opaga esa shafqat qilishni soʻrayotgan tuman XTBning xayrixohligi shubhali emasmi? Bu yuzasidanchi, viloyat XTB qanday munosabat bildiradi?

Axir qoʻshtirnoq ichidagi rahbar xodimlar shu tariqa ish haqini talon-taroj qilaversa va ayblari koʻr-koʻrona yopib yuborilaversa, korruptsiyaga shu tariqa barham berib boʻlarmikan? Ana shu savollar ochiq qolmoqda...

Asosiy mavzular