21:58 29 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB136.11
  • EUR12285.78
  • USD10359.88
Jamiyat
Havola olish
COVID-19 umumjahon pandemiyasi (1237)
221 0 0

Taʼkidlanishicha, bu dorini tibbiy koʻrsatmasiz pala-partish va yuqori dozada ishlatish buyrak yetishmovchiligi, oʻtkir nafas yetishmovchiligi, koʻngil aynishi va qabziyatni keltirib chiqaradi

TOSHKENT, 12 okt — Sputnik. Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi koronavirusga qarshi qoʻllanayotgan dori vositalarining nojoʻya taʼsirlaridan ogohlantirdi.

Qayd etilishicha, hozirgi vaqtgacha COVID-19 ni samarali davolashi kafolatlangan preparat topilgani yoʻq. Shunga qaramasdan, COVID-19 ni  davolashda yaxshi natija koʻrsatayotgan dori vositalari mavjud boʻlib, bunday dorilar orasida hozirda eng mashhuri “Remdesivir” va “Favipiravir” deyish mumkin.

Haqiqatan ham shu dorilar koronavirusni yengishda yordam berayaptimi?

SSV huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi Eʼzozbek Rizayev ushbu savolga javob qaytardi.

Uning soʻzlariga koʻra, “Remdesivir” virusga qarshi preparati 2015 yil AQShda  yaratilgan boʻlib, Afrikada tarqalgan “Ebola” virusiga qarshi qoʻllanilgan. Oʻtgan vaqt orasida “Remdesivir” oʻzining ijobiy natijalarini ham berdi. Shu sababli koronavirusni davolashda butun dunyoda qoʻllanilmoqda. Hozirda “Remdesivir” preparati Oʻzbekistonda ham  “Remdessa” nomi bilan ishlab chiqarilmoqda.

Koronavirusni davolashda yana bir keng qoʻllanilayotgan dori vositasi bu – “Favipiravir”. U Yaponiyada “Avigan” nomi bilan 2014 yildan “Fujifilm Toyama Chemical” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan gripp kasalligiga qarshi dori vositasi boʻlib, grippni davolashda boshqa preparatlar taʼsir koʻrsata olmaganida zahira preparati sifatida tatbiq etilgan. “Favipiravir”ning biologik aktiv moddasi bir qator viruslarning koʻpayishini bloklaydi. Bu preparat ham Afrikada “Ebola” virusini davolashda keng qoʻllanilgan. 2020 yilning fevral oyidan boshlab Yaponiya klinikalarida  koronavirusni davolashda keng koʻllanilib kelinmoqda.

“Remdesivir” va “Favipiravir” virusga qarshi dori vositalari sinov vaqti va davolash muolajalari davrida oʻzini ijobiy namoyon etmoqda. Davolash kunlari qisqarmoqda, bemorlar ahvoli sezilarli darajada yaxshilanmoqda.

—  Ammo bu dori vositalarining nojoʻya taʼsirlari haqida hamma ham bilmaydi...

—  Toʻgʻri, Yaponiyada “Avigan” (“Favipiravir”) dori vositasi faqat buyurtma asosida klinikalarga yetkazib beriladi. “Remdesivir” virusga qarshi dori vositasi esa faqatgina statsionar sharoitida qoʻllashga muljallangan. Chunki “Remdesivir” dori vositasi “COVID-19” kasalligining oʻrta ogʻir va ogʻir shaklida bemorlarga tavsiya etiladi. Sababi barcha dori vositalari singari ushbu dori vositasining ham foydali va zararli taraflari mavjud. Jumladan, tibbiy koʻrsatmasiz pala-partish va yuqori dozada ishlatish buyrak yetishmovchiligini keltiradi, jigar fermenti “AlT”ning oshishiga olib keladi, oʻtkir nafas yetishmovchiligi, koʻngil aynishi va qabziyatni chaqiradi.

“Favipiravir” dori vositasi kasallikni yengil va oʻrta ogʻir kechish darajasida faqat shifokor nazorati ostida tavsiya etiladi. Sababi “Favipiravir”ni virus yuklamasi koʻp boʻlganda va foydasi zararidan ustun deb topilgandagina tavsiya etiladi. Uni homilador ayollar qabul qilganda bolaning koʻp nuqsonli tugʻilishiga sabab boʻlishi mumkin. Buyrak yetishmovchiligini chaqiradi. Harakat funktsiyalarini buzadi.

Achinarlisi, sanab oʻtilgan nojoʻya taʼsiriga qaramay, aholi  orasida “Remdesivir” va “Favipiravir” dori vositalarini ishlatishga xohish ortib bormoqda. “COVID-19” kasalligi bilan  “asoratlangan” holatda tibbiyot muassasalariga murojatlar koʻpayib ketdi. Bunga esa bilib-bilmasdan koʻp miqdorda va kerak boʻlmagan holatda yuqorida sanab oʻtilgan dori vositalarini oʻzboshimchalik bilan qabul qilish sabab boʻlmoqda.

Mavzu:
COVID-19 umumjahon pandemiyasi (1237)

Asosiy mavzular