13:42 25 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB133.19
  • EUR12153.63
  • USD10371.76
Jamiyat
Havola olish
10901

2020 yil 1 dekabrdan bosqichma-bosqich bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga mos fanlar majmuasidagi umumtaʼlim fanlaridan bilish darajasini baholashning milliy test tizimi joriy etiladi.

TOSHKENT, 14 okt — Sputnik. “Umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, quyidagilar joriy etiladi:

  • 2020 yil 1 dekabrdan bosqichma-bosqich bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga mos fanlar majmuasidagi umumtaʼlim fanlaridan bilish darajasini baholashning milliy test tizimi;
  • 2021/2022 oʻquv yili qabulidan boshlab tegishli umumtaʼlim fanini (chet tili bundan mustasno) bilish darajasi toʻgʻrisida davlat namunasidagi sertifikatga ega boʻlgan abituriyentga sertifikatdagi oʻzlashtirish foiziga mos ravishda OTM bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish boʻyicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proportsional) ball berish tartibi.

Umumtaʼlim fanlari boʻyicha sertifikatlash quyidagi muddatlarda joriy etiladi:

  • 2020 yil 1 dekabrda ona tili va adabiyot (oʻzbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti) hamda matematika fanlari boʻyicha;
  • 2021 yil 1 fevralda kimyo va biologiya fanlari boʻyicha;
  • 2022-2024 yillarda fizika, geografiya va tarix fanlari boʻyicha.

Sertifikat berish uchun test savollari Xalq taʼlimi vazirligi va Taʼlim sifatini nazorat qilish inspektsiyasi tomonidan tuziladi.

Qaror bilan Umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Unga muvofiq, sertifikat berish Davlat test markazi tomonidan toʻlov asosida amalga oshiriladi.

Sertifikat berish uchun talabgordan ariza berilgan kundagi bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari (334 500 soʻm) miqdorida toʻlov undiriladi.

Sertifikat test sinovi natijasi boʻyicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini toʻplagan shaxslarga 3 yil muddatga beriladi.

Sertifikat test sinovidan ijobiy natijaga erishgan talabgorga test sinovi natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab bir hafta mobaynida Davlat test markazi direktorining buyrugʻi asosida elektron shaklda beriladi. Talabgor sertifikatni shaxsiy kabineti orqali yuklab olishi mumkin.

Asosiy mavzular