05:32 24 Noyabr 2020
Efir
  • RUB136.69
  • EUR12344.73
  • USD10414.86
Jamiyat
Havola olish
27930

Samarqand viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasi Sputnik Oʻzbekiston XAAda eʼlon qilingan: "Yordam bering, maktabimizda quldorlik tizimi oʻrnatilgan" nomli maqolaga rasmiy munosabat bildirdi.

TOSHKENT, 22 okt - Sputnik. Oktyabr oyi boshida Samarqand viloyati Bulungʻur tumani 20-umumiy taʼlim maktabi bir guruh oʻqituvchilari Sputnik Oʻzbekiston tahririyatiga shikoyat murojaatini yoʻllashgan edi. Murojaatda pedagoglar taʼlim dargohi direktorining boshqaruv uslubi hamda olayotgan mukofot pullarining bir qismi ulardan noqonuniy tarzda olib qoʻyilayotganidan noroziliklarini bildirishgan edi.

Oʻqituvchilar murojaati asosida tayyorlangan maqolaga Samarqand viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasi rasmiy munosabat eʼlon qildi.

Pedagoglar nimadan norozi?

Sputnik Oʻzbekiston nashrida eʼlon qilingan maqoladan soʻng, mazkur holatni oʻrganish maqsadida Samarqand viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi hamda Bulungʻur tumani xalq taʼlimi boʻlimining masʼul va rahbar xodimlari 20-umumiy oʻrta taʼlim maktabiga yoʻl olishdi va pedagog va ishchi-xodimlar jamoasi bilan maqolada keltirilgan vajlarni muhokama qilishdi.

Muhokama jarayonida maktabning 24 nafar oʻqituvchilari, maktab direktori oʻrinbosarlari hamda 2 nafar texnik xodimlar ishtirok etdi. Maktab direktori - G.CH. ayni paytda betobligi — mehnatga layoqatsizlik taʼtilida boʻlganligi sababli yigʻilishda ishtirok etmagan.

Mukofot pullarining bir qismini olganu, nimaga olayotganini tushuntirishni unutgan

Viloyat XTV axborotiga koʻra, 20-umumiy oʻrta taʼlim maktabida 39 nafar oʻqituvchi faoliyat yuritadi. Ular 349 nafar oʻquvchilarga taʼlim-tarbiya berib kelishmoqda.

2019 yilda Investitsiya dasturi asosida maktab uchun qoʻshimcha yangi bino qurilib, foydalanishga topshirilgan. 

Biroq yangi va muhtasham binoda faoliyat yuritsada, ideallikni cheki yoʻq, deganlaridek, "jamoa oʻzaro kelishib, taʼlim muassasasini yanada goʻzal maskanga, gulu gulzorga aylantirish, oʻquvchi hamda oʻqituvchilar uchun qoʻshimcha sharoit yaratish maqsadida direktor jamgʻarmasi hisobidan ajratilayotgan mukofot pullarining maʼlum qismini ushbu xayrli maqsadlarga sarflashni rejalashtirgan".

Ushbu ishga oʻquvchilarning ota-onalari ham jalb qilingan.

"Yigʻilgan pullar ayni paytda maktabda matematika fanidan dars berib kelayotgan L.M. qoʻlida jamlangan. Uning qayd etishicha, yigʻilgan mablagʻlar hisobidan yangi binodagi barcha auditoriyalar, zallardagi deraza va eshik romlariga pardalar xarid qilinib oʻrnatilgan. Maktab hovlisiga rang-barang gullar oʻtqazilgan. Shuningdek, yangi binoga kirish qismi, sinfxonalar va zaldagi barcha koʻrgazmali vositalar ham ana shu homiylik hamda oʻqituvchilarning oʻz xohishlariga koʻra mukofot pullaridan ajratilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshirilgan", - deyiladi rasmiy tushuntirishda.

Shuningdek, rasmiy bayonotda oʻqituvchilar (yoki ota-onalar) L.M.ga pullarni oʻz xohishiga koʻra topshirganliklari iddao qilingan. Pedagoglarning maktab direktoridan noroziliklariga esa pullarning aniq hisob-kitobi, sarf-harajatlari boʻyicha hisobot berilmagani asosiy sabab sifatida koʻrsatilmoqda.

Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 22 apreldagi “Xalq taʼlimi tizimidagi muassasalarning byudjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 344-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 2-bob 3-bandiga asosan “Yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari” mablagʻlari shakllantirilishi belgilab berilgan. Ushbu nizomning 4-bob 8-bandiga asosan “Jamgʻarma mablagʻlari boʻyicha daromadlar va xarajatlar smetasi muassasa rahbari va hisobchisi tomonidan tayyorlanib, umumtaʼlim muassasasining Kuzatuv kengashiga kelishish uchun kiritiladi” deb belgilangan.

Oʻtgan hamda joriy yilning mart oyiga qadar maktab oʻqituvchilariga direktor jamgʻarmasi hisobidan ajratilgan mablagʻlar maxsus komissiya qarori bilan berilgan. Tegishli hujjatlar koʻzdan kechirilganda bu oʻz isbotini topdi. Ammo ushbu jarayonda maktabda uzoq yillardan buyon oʻquvchilarga saboq berib kelayotgan hamda yuqori malaka va tajribaga ega boʻlgan, oʻquvchilari qator koʻrik-tanlovlarda faxrli oʻrinlarni egallagan ayrim oʻqituvchilarni moddiy va maʼanaviy ragʻbatlantirish maktab direktori G.CH. hamda maxsus komissiyaning eʼtiboridan chetda qolgan. Albatta, bu xatti-harakat ham jamoada oʻzaro tushunmovchiliklarni keltirib chiqargan.

Qoʻpolligi uchun uzr soʻragan

XTV axborotiga koʻra, maktab direktori G.CH.ning ayrim oʻqituvchi hamda oʻquvchilar, texnik xodimlarga nisbatan qoʻpol munosabatda boʻlganligi tufayli oʻquvchilar hamda ularning ota-onalaridan, pedagogik jamoadan uzr soʻraganligini muhokama jarayonida oʻqituvchi hamda sinf rahbarlari alohida qayd etishgan.

Maktab direktori tomonidan oʻqituvchilarni ishga joylashtirish va guruh ochib berish maqsadida pul talab qilinganligi holatlari oʻz tasdigʻini topmagan.

Samarqand viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi axborot xizmati maʼlum qilishicha, maktab direktori G.CH. taʼtildan soʻng oʻz faoliyatini boshlagach, yoʻl qoʻygan kamchiliklari qayta koʻrib chiqiladi.

Asosiy mavzular