15:48 28 Noyabr 2020
Efir
  • RUB136.69
  • EUR12344.73
  • USD10414.86
Jamiyat
Havola olish
471 0 0

Adliya vazirligi 1 noyabrdan mamlakat qonunchiligida roʻy beradigan oʻzgarishlar toʻgʻrisida maʼlumot tayyorladi. Yangi tartiblar, oshirilayotgan maoshlar va bekor boʻlayotgan imtiyozlar shular jumlasidan.

TOSHKENT, 27 okt — Sputnik. Adliya vazirligi 1 noyabrdan mamlakat qonunchiligida roʻy beradigan oʻzgarishlar va boshqa joriy etilayotgan tartiblar toʻgʻrisida maʼlumot tayyorladi.

1. Har yili noyabrda “Keksalar uchun turizm oyligi” oʻtkaziladi

Hukumat qaroriga koʻra, noyabr oyi “Keksalar uchun turizm oyligi” deb eʼlon qilingan.

Ushbu tadbir doirasida hududlardagi turizm infratuzilma obʼyektlari tomonidan ixtiyoriy taqdim qilinadigan chegirma va aktsiyalar Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining veb-sahifalarida eʼlon qilib boriladi.

2. Soliq kodeksi bilan berilgan quyidagi imtiyozlar bekor qilinadi:

  • Yer soligʻi boʻyicha quyidagilar tomonidan egallangan yer uchastkalari:
  • sogʻlomlashtirish hamda dam olish joylari, xususan dam olish uylari;
  • aholining ommaviy dam olishi va turizm uchun joylar, agar ular tadbirkorlik faoliyati uchun ajratilgan boʻlsa;
  • sanatoriy-kurort obʼyektlari, agar ular turistik zonalarda joylashgan boʻlsa;
  • Mol-mulk soligʻi boʻyicha sanatoriy-kurort xizmatlari koʻrsatish uchun foydalaniladigan koʻchmas mulk obʼyektlari, agar ular turistik zonalarda joylashgan boʻlsa. 

3. Sogʻliqni saqlash organlari boshqaruv xodimlariga har oylik ustama toʻlanadi

Sogʻliqni saqlash vazirligi va hududiy boshqaruv organlari xodimlariga quyidagi miqdorda koʻp yillik ishlaganlik uchun har oylik ustama toʻlanadi (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda):

1 yildan 3 yilgacha – 0,3; 3 yildan 5 yilgacha – 0,6; 5 yildan 10 yilgacha – 0,8; 10 yildan 15 yilgacha – 1; 15 yildan 20 yilgacha – 1,2; 20 yildan yuqori – 1,5.

4. DTM hamda Badiiy akademiya xodimlarining maoshlari oshiriladi

DTM boshqaruv xodimlari lavozim maoshlarini aniqlashda tarif koeffitsiyentlari 1,5 baravar miqdorida qoʻllaniladi.

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi markaziy apparati xodimlarining lavozim maoshiga 100 foiz miqdorida oylik ustamalar belgilanadi.

5. Eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, tayyorlash va qadoqlash bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlarga mahsulotlarni xorij fitosanitariya talablariga muvofiqlashtirishga amaliy yordam berish uchun oʻsimliklar karantini davlat inspektorlari biriktiriladi.

Oʻz hududida aniqlangan zararli organizmlar hamda fitosanitar dala nazoratini oʻtkazish toʻgʻrisida Oʻsimliklar karantini davlat inspektsiyasiga ixtiyoriy murojaat qilgan va ularning oqibatlarini bartaraf etgan shaxslar maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinadi.

6. Bojxona tizimida yangicha tartib

Bojxona tizimida quyidagicha tartiblar oʻrnatiladi:

- bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirish vaqti xavf darajasidan kelib chiqib, 3 sutkadan 1 kungacha qisqartiriladi;

- bojxona nazoratining muqobil turlarini qoʻllashni kengaytirish orqali tovarlarni bojxona hamrohligida kuzatib borish holatlari qisqartiriladi;

- Davlat bojxona qoʻmitasining xavflarni boshqarish tizimi avtomobil chegara bojxona postlarida joriy etiladi;

- transport vositalarini vaqtinchalik olib kirishda tashuvchiga real vaqt rejimida elektron shaklda qayta olib chiqish muddati tugashidan oldin vaqtinchalik olib kirish muddatini uzaytirish va tegishli yigʻimni toʻlashni amalga oshirish imkoniyati taqdim etiladi;

- “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimida qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasini identifikatsiyalash va baholash uslubiyati tadbirkorning oʻzi tomonidan ishlab chiqiladi.

7. Mobil aloqa operatorlari uchun imtiyozlar

Mobil aloqa operatorlariga radioelektron qurilmalar, asbob-uskunalar va boshqa qurilmalarni Oʻzbekistonga olib kirish ruxsatnomasini, sotib olish, oʻrnatish, loyihalash va qurish uchun ruxsatnoma olmasdan, belgilangan tartibda rasmiylashtirish huquqi beriladi.

Barcha vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida amaldagi rahbar oʻrinbosarlaridan biriga raqamlashtirish boʻyicha oʻrinbosar (Chief Digital Officer) vakolatlari yuklatiladi.

8. Davlat xaridlari tizimida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtiroki kengaytiriladi

Davlat xaridlari tizimida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokini kengaytirish maqsadida:

- ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslarning umumiy qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 50 ming baravaridan yuqori boʻlgan import tovarlari xaridlarining maqsadga muvofiqligi har chorakda kuzatuv kengashlari tomonidan majburiy tartibda koʻrib chiqiladi;

- xorijda ishlab chiqarilgan alohida tovarlar, shuningdek, xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlanadi va chegaralanadi;

- Davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlangan va chegaralangan, xorijda ishlab chiqarilgan tovarlar boʻyicha tender (tanlov) ishtirokchilari takliflarini baholashda mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan import tovarlarining CIP (Oʻzbekiston) narxidan 15 foizdan koʻp boʻlmagan miqdorda preferentsiya beriladi.

Asosiy mavzular