00:54 04 Dekabr 2020
Efir
  • RUB137.48
  • EUR12473.23
  • USD10427.38
Jamiyat
Havola olish
428 0 0

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda aktrisa Shafoat Rahmatullayeva ogʻir ahvolda jonlantirish boʻlimida yotganligi haqidagi xabar tarqalgan edi.

TOSHKENT, 27 okt — Sputnik. Madaniyat vazirligi Oʻzbekiston xalq artisti Shafoat Rahmatullayevaning salomatligidan xavotirlanishga asos yoʻqligini maʼlum qildi.

Vazirlik matbuot xizmati xabariga koʻra, aktrichaning ahvoli yaxshilangan, hozir u Fargʻona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining oddiy palatasida muolaja olmoqda.

“Onaxon aktrisamiz Shafoatxon Rahmatullayeva tezroq tuzalib ketishlariga tilakdoshmiz”, - deyilgan xabarda.

Eslatib oʻtamiz, Shafoat Rahmatullayeva oʻz ijodiy faoliyati davomida 150 dan ziyod turli xarakterdagi rang-barang, katta-kichik va betakror rollarni ijro etgan.

U mehnat faoliyatini Sirdaryo viloyat musiqali drama teatrida aktyor sifatida boshlagan. 1971 yildan Hamza nomidagi Qoʻqon shahar oʻzbek davlat musiqali drama teatrida faoliyatini davom ettirgan.

1975 yildan yana Olim Xoʻjayev nomidagi Sirdaryo viloyat musiqali drama teatrida ijodiy faoliyatini davom ettirib, 30 dan ziyod bosh va yetakchi rollarni mahorat bilan ijro etgan.

2002 yildan hozirgacha Hamza nomidagi Qoʻqon shahar musiqali drama teatrida faoliyat koʻrsatib,  teatr repertuaridagi qator spektakllarda bosh va kichik rol obrazlarini maromiga yetkazib ijro etgan.

Rahmatullayeva teatrdagi faoliyati bilan bir qatorda kino va videofilmlarda ham qator rollar ijro etdi. “Masxaraboz”, “Oq bino oqshomlari”, “Orzu ortida”, “Oʻzimdan-oʻzimgacha”, “Sevginator”, “Yigʻlamagin” kabi filmlarda rollarni maromiga yetkazib ijro etib, kino ixlosmandlari orasida ham shuhrat qozongan.

Bugungi kunda u 100 ga yaqin yosh ijodkorlarni yetishtirib, ularga oʻz maslahatlari bilan ustozlik qilib kelmoqda.

Asosiy mavzular