O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon vafot etdi

Obuna bo‘lish
Yozuvchilar uyushmasi O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon 77 yoshida Toshkent shahrida vafot etganini xabar qildi.

TOShKENT, 29 okt — Sputnik. 2020 yilning 28-oktabridan 29-oktabriga o‘tar kechasi O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Omon Matjon 77 yoshida Toshkent shahrida vafot etdi. Bu haqda Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati xabar qildi.

Omon Matjon 1943-yili Xorazm viloyatining Gurlan tumanida tavallud topgan. O‘rta maktabni tugatgach, Samarqand davlat universitetida tahsil oldi. 1969-2002-yillar mobaynida G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida muharrir, bo‘lim boshlig‘i, “Yoshlik” jurnalida bosh muharrir, “Cho‘lpon” nashriyotida direktor bo‘lib ishladi.

Shoirning yigirmaga yaqin she’riy to‘plami, “To‘rabekaxonim” nasriy qissasi va “Najmiddin Kubro”, “Ardaxiva”  badialari chop qilingan.

Bu to‘plamlardagi “Amu”, “Oybek”, “Shu’lalardan hayratlanish”, “Ona degan so‘z”, “Turnalar”, “Mezon”, “Chorlov”, “O‘n uchinchi eshik”, “Umrimiz haqida” kabi she’rlari hozirgi o‘zbek she’riyatining eng yaxshi namunalaridan sanaladi.

Omon Matjon ijodida “Cho‘ldagilar” doston xronikasi, “Gaplashadigan vaqtlar” she’riy qissasi alohida o‘rin egallaydi. Ular o‘zining yangicha shakli, ohangi bilan kitobxon e’tiborini tortadi.

Shoirning 2000-yili “Avesto”ning 2700-yilligiga bag‘ishlangan “Ardaxiva” asari chop etildi. 

Omon Matjon qardosh va chet el adabiyotidan ko‘plab namunalarni o‘zbek tiliga mahorat bilan o‘girgan. Xususan, F.Shiller, Sh.Bodler kabi jahon klassiklari, E.Yevtushenko, R.Hamzatov, Sh.Petefi, Yu.Marsinkavichus, B.Kerboboyev, Suxrob Tohir, I.Yusupov singari shoir va adiblar ijodidan qilgan tarjimalari e’tiborga loyiq.

O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon adabiyot rivoji yo‘lidagi xizmatlari uchun  davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Yangiliklar lentasi
0