07:33 28 Noyabr 2020
Efir
  • RUB136.69
  • EUR12344.73
  • USD10414.86
Jamiyat
Havola olish
336 0 0

Erkak hech qachon bu hovlichada hayvon ushlamaganini aytib ont ichgan, itlarni esa hovliga mushuk moʻralamasligi uchun olib kelganini qoʻshimcha qilgan.

TOSHKENT, 30 okt - Sputnik. Oktyabr oyi boshida "Tong" mahallasi aholisi itlarni soʻyayotgan erkakga nisbatan chora koʻrishni soʻrab, shikoyat qilishdi, deb xabar beradi "Mehr va oqibat" hayvonlarni himoya qilish nodavlat jamiyati oʻzining Telegramdagi sahifasida.

Shikoyatchilarning soʻzlariga qaraganda, erkak bu vahshiylikni oʻz xonadoniga ulanib ketgan oʻrab olingan hududda amalga oshirgan. Xususan, 5 oktyabr kuni bu hududda 2ta it yurganini koʻrishgan boʻlsa, 6 oktyabr kuni itlar birdaniga gʻoyib boʻlgan.

Shuningdek, arizachilar, bir hafta oldin erkak bu hududga qoʻshnilarga tegishli ikkita itni aldab chaqirib olgani va oʻz hovlichasida bogʻlab qoʻygani, ammo buni koʻrgan bolalar shovqin koʻtarishgani va erkak shu tufayli jonivorlarni qoʻyib yuborishga majbur boʻlganini bayon etishgan.

Jamiyat vakillari 7 oktyabr kuni ushbu mahallaga yoʻl olishgan va ushbu arizani yozgan hayvonlarni himoyalovchi faollardan biri bilan suhbatlashishgan.

Uchastka noziri va mahalla raisi birgalikda ushbu itlar soʻyilgan, deb taxmin qilingan hududga kirishgan. Erkakning aytishicha, tunda kimdir kalitkani sindirib, jonivorlarni oʻgʻirlab ketgan ekan.

Hudud koʻzdan kechirilganida, katta qozon turgani aniqlangan. Mahalla raisi bu qozon nima uchun kerakligini bilmasligini aytgan, erkakning oʻzi esa mahallada marosimlar boʻlganida shu qozonda osh damlashini maʼlum qilgan.

Erkak hech qachon bu hovlichada hayvon ushlamaganini aytib, ont ichgan, itlarni esa hovliga mushuk moʻralamasligi uchun olib kelganini qoʻshimcha qilgan.

Hozircha oʻldirilgan jonivorlar egalaridan ariza yoʻqligi tufayli, ushbu ishni sudga oshirishning imkoni yoʻq, deb yozadi "mehr va oqibat" jamiyati.

Uchastka noziri va mahalla raisi tomonidan agar shu hududda yana bir marta kimdir itni koʻradigan boʻlsa, erkakka nisbatan jazo tayinlanishini aytib, ogohlantirishgan.

Jamiyat jonivorlarga ozor yetkazish holatlariga guvoh boʻlgan barcha fuqarolarni jim turmaslikka va bu haqda tezkorlik bilan xabar berishga chaqirib qolgan..

Xabarlarni +998 93-812-04-13 telefon raqami orqali qoldirish mumkin.

"Shuningdek, sizlarni it goʻshtidan taom tayyorlanadigan kafelar manzillari haqida xabar berishlaringizni kutib qolamiz. Biz hammamiz bir boʻlsak, itlarga nisbatan bunday vahshiylikni toʻxtata olamiz", - deyiladi jamiyatning fuqarolarga murojaatida.

Asosiy mavzular