19:18 28 Noyabr 2020
Efir
  • RUB136.69
  • EUR12344.73
  • USD10414.86
Jamiyat
Havola olish
19810

13 noyabr - Xalqaro koʻzi ojizlar kuni. Koʻzi ojiz insonlarni ijtimoiy adaptatsiyasi uchun Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda ancha ishlar amalga oshirilgani bilan, ammo ular muammosini toʻliq hal etish borasida qilinishi lozim boʻlgan ishlar hali koʻp

TOSHKENT, 11 noya - Sputnik. 13 noyabr - Xalqaro koʻzi ojizlar kuni sifatida nishonlanadi. Bugungi kunda yer yuzida 2 milliarddan koʻproq inson toʻliq koʻr yoki koʻrishda nuqsonlarga ega. Yer yuzida har besh soniyada bir nafar katta yoshdagi inson, har bir daqiqada esa - bir nafar bolakay koʻrish qobiliyatidan mahrum boʻladi.

Koʻrlar va koʻrish qobiliyati yomon boʻlgan insonlar soni koʻpayib borayotganini olimlar koʻzga boʻlgan zoʻriqish holatlari oshganligi bilan bogʻlashadi - bu birinchi galda turli gadjetlar va texnik yangiliklarning ommalashayotgani tufaylidir. Odamlar yoshlikdan boshlab ular taʼsiriga tushadilar, koʻz kasalliklari esa odatda aynan bolalikda paydo boʻladi.

Oʻzbekiston koʻzi ojizlar jamiyati tarixi

Oʻzbekistonda koʻzi ojiz insonlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida poytaxtning Yakkasaroy tumanida tashkil etilgan "Koʻzi ojizlar jamiyati" uzoq yillardan buyon faoliyat yuritib keladi. Jamiyat binosi ancha eskirib qolganligi bois, ayni kunda u yerda rekonstruktsiya ishlari olib borilmoqda.   

Jamiyat yetakchi mutaxassisi Ulugʻbek Mamatxanovning maʼlumot berishicha, tashkilot 1932 yilda koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan Pirimqulov hamda Saidov familiyali insonlar tashabbusi bilan taʼsis etilgan. Oʻz faoliyati davomida jamiyat koʻrish imkoniyati cheklangan koʻplab insonlarga taʼlim berish, ularni ish bilan taʼminlash va salomatligini tiklash singari masalalarini hal etishda hissa qoʻshib kelgan.   

Ayni paytda Oʻzbekistonda 66 915 ming nafar koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslar istiqomat qilib keladi. Ularning 68,8% foizi jamiyat roʻyxatida tursa, 31,2% jamiyat aʼzolari hisoblanishadi.

2020 yilning 1 mart holatida esa jami 49 232 nafar koʻzi ojiz nogironlar jamiyat safida birlashgan. Ulardan 20 601 nafari I-guruh, 24 891 nafari II-guruh hamda 3 740 nafari 16 yoshgacha boʻlgan bolalikdan nogiron boʻlganlarni tashkil etadi. Ulardan koʻrish boʻyicha nogironlarning 25 637 nafari erkaklar, 23 595 nafari xotin-qizlardan iborat.

Bundan tashqari, jamiyat aʼzolarining 3 274 nafarini 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlganlar, 8 037 nafarini 30 yoshdan 50 yoshgacha, 12 092 nafarini 50 yoshdan yuqori boʻlganlar tashkil etadi.

Jamiyatning faoliyat davri  sobiq ittifoq davriga toʻgʻri kelgan.Oʻsha paytlarda hukumat tomonidan nogironligi boʻlgan shaxslarni bevosita mehnatga jalb etish masalalari koʻtarilib, maxsus ixtisoslashtirilgan korxonalar tashkil etilgan. Bu korxonalarni yuritishda mehnatga qodir boʻlgan koʻzi ojiz ishchilar kuchidan foydalanilib, tushgan daromadlar bevosita  jamiyat  faoliyatini rivojlantirish maqsadida sarflangan.

Sputnik
Rabotniki obщestva slepыx Uzbekistana

Avvaliga ijtimoiy taʼminot vazirligi tasarrufida boʻlgan koʻzi ojizlar jamiyati keyinchalik Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, nodavlat notijorat tashkilot sifatida qayta roʻyxatga olinadi va moddiy texnik bazasi ham oʻzida saqlanib qoladi. Uning tarkibida bugungi kunda qirq yettita oʻquv ishlab chiqarish korxonalari, oʻttizta oʻquv ishlab chiqarish shoʻʼba korxonasi, ikkita dam olish maskani faoliyat yuritib keladi. 

Bundan tashqari, koʻzi ojizlar jamiyati va uning aʼzolariga qariyb yarim asrdan buyon "Sanʼat gulshani" nomli Madaniyat saroyi xizmat qilib keladi. Ushbu maskan 1973 yilning mart oyida tashkil topgan boʻlib, u yerda madaniy va maʼnaviy ishlar olib boriladi, iqtidorli nogironlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida turli koʻrik tanlovlar va xayriya kontsertlari tashkil etiladi. Nogiron yoshlar dunyoqarashini shakllantirish maqsadida maxsus audio hamda brayl yozuvidagi kitoblar tayyorlanadi.

Hozirgi kunda jamiyat tarkibida tashkil etilgan korxonalar ham birinchi oʻrinda koʻzi ojiz insonlarni ish bilan taʼminlashga xizmat qilib keladi. Ikkinchidan, korxona  mahsulotining sotilishidan kelib tushadigan daromadlar oz boʻlsa-da jamiyat faoliyatini davom ettirish va uni rivojlantirish maqsadlarida sarflanadi.  

Turar-joy va ish masalasi

Koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslar qayerda va  qanday sharoitlarda istiqomat qilishadi? Ulugʻbek Mamatxanovga koʻra,  sobiq itifoq davrida jamiyatga qarashli korxonalar tashkil etilgach, uning atroflarida davlat homiyligida turar joylar qurilgan. Shu tariqa koʻzi ojizlar mahallalari paydo boʻlib, turar joylarda korxonalarda ishlaydigan ishchilar yashab kelgan. Hozirda  bunday mahallalar Toshkentning Qoʻyliq hamda Chilonzor tumanlarida saqlanib qolgan. 

Sputnik
Detskaya ploщadka vozle obщejitiya dlya slabovidyaщix na Chilanzarskom rayone

Koʻrish imkoniyati cheklangan insonlarning Chilonzor tumanidagi yotoqxonasida ayni kunda bir yuz oʻttiz nafar inson istiqomat qilib keladi. Yotoqxona oʻz davrida pishgan gʻishtdan bunyod boʻlganligiga qaramay, taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan, qarshisidagi bolalar maydonchasi ham.

Sputnik
Obщejitiye dlya slabovidyaщix v Chilanzarskom rayone

 

Jamiyat aʼzosining fikricha, mamlakatda turizmni rivojlantirish siyosati olib borilayotgan bir paytda BMTning nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konventsiyasining ratifikatsiya qilinishi muhim ahamiyatga ega. Sababi, konventsiyada nazarda tutilgan shart-sharoitlarning Oʻzbekiston sharoitida tadbiq etilishi mamlakatga minglab xorijiy koʻzi ojiz mehmonlarning  sayohat uyushtirishlariga turtki boʻladi.

Ana shu masalalarga eʼtibor sust boʻlganligidan, bugungi kunda nafaqat xorijiy koʻzi ojiz insonlar Oʻzbekistonga tashrif buyurolmaydi, balki mamlakatimizdagi koʻrish imkoniyati cheklangan insonlarning uyda oʻtirib qolishlariga sabab boʻlyapti.

Koʻzi ojiz insonlarning ishga joylashish masalasi ham katta muammo tugʻdirmoqda.

"Sababi, korxona rahbarlariga qonunga muvofiq, bitta koʻzi ojizni ish bilan taʼminlab, unga yordamchi tayinlab, ishlatgandan koʻra, Xitoydan toʻrtta avtomat texnika keltirib ishlatgani qulay.

Qolaversa, aravachada oʻtirgan koʻzi ojiz odam mustaqil uydan chiqa olmasa, liftlar va zinalar koʻzi ojizlar harakatlanishi uchun moslashtirilmagan boʻlsa, nogironlar mustaqil koʻchaga chiqa olmasa...  gap ularning jismoniy holatida emas, atrof-muhit bizni nogiron holatga solib qoʻyyapti",– deydi suhbatdosh.

Koʻzi ojiz tilanchilar nega koʻpaymoqda?

Jamiyat yetakchi mutaxassisi shuningdek, nega bugungi kunda koʻcha-koʻyda koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslarning tilanchilik qilib yurganliklari muammosiga ham izoh beradi.

Mutaxassisga koʻra, ijtimoiy muhofazaga muhtoj boʻlgan har bir koʻzi ojiz insonlarga davlat tomonidan nafaqa toʻlanib kelinadi va koʻrish nogironligi boʻyicha jamiyatga aʼzo qilinadi. Jumladan, agar ishlab chiqilayotgan qonunlar ijrochiligi faol boʻlsa, koʻzi ojizlar uchun nafaqalar miqdori oshirilib, ular mehnatga jalb qilinsa jamiyatda yana bitta koʻzi ojiz tilanchi soni ortishining oldi olingan boʻladi.  

"Bu bir oz ogʻriqli masala, - deydi u. - Mantiqan oʻylab qaralsa, ular ehtimol nafaqasi yetmayotgani tufayli oilasini tilanchilik orqali boqayotgan boʻlishlari mumkin. Sababi, avvaliga yaqin qarindoshlaridan yordam ola boshlaydi. Ammo ularning ham oʻz oilasi - bola chaqasi bor, har doim ham yordam bera olmaydi. Natijada, moddiy jihatdan yetishmovchilik, xarajatlar oshib, ular tilanchilik qilgani bozorga chiqishga majbur boʻlishadi. Avvaliga bundan or qilishadi. Keyin koʻnikishadi. Bora-bora bu koʻnikish ularning tilanchilikni oʻzlariga kasb qilib olishlariga sabab boʻlyapti. Bundaylarga esa katta miqdorda nafaqa toʻlansa ham bu odatidan kechishni istashmaydi".

Asosiy mavzular