00:46 04 Dekabr 2020
Efir
  • RUB137.48
  • EUR12473.23
  • USD10427.38
Jamiyat
Havola olish
597 0 0

Mulkiy huquqlarni roʻyxatga olish, ishga tiklash va ish haqi undirish, jarima va kommunal toʻlovlarni toʻlash kabi 8 toifadagi hujjatlarni majburlovsiz ham amalga oshirish mumkinligi taʼkidlandi

TOSHKENT, 17 noya - Sputnik. Oʻzbekistonda qarzdorlikni qisqartirish boʻyicha alohida tizimda ish olib boriladi. Bu haqda Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida sud hujjatlari ijro etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida aytildi.

Qarzlarni undirishdan maqsad - ijtimoiy masalalarni hal etish

Taʼkidlanishicha, joriy yilning 10 oyida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosiga 4 millionga yaqin ijro hujjatlari kelib tushgan. Shundan 1 million 200 mingtasi bajarilmagan.

"Yaʼni, bugungi kun holatiga 17 trillion soʻmlik hujjatlar ijrosi taʼminlanmay turibdi. Buning 7,2 trillion soʻmi davlat undiruviga, qolgan 9,7 trillion soʻmi jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli. Ushbu mablagʻlarning undirilishi tadbirkorlarning moliyaviy ahvolini yaxshilash, kam taʼminlangan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash, koʻplab ijtimoiy masalalarni hal etishda muhim omil boʻladi. Yigʻilishda sud hujjatlarini ijro etish holati tuman va shaharlar misolida koʻrib chiqildi. Qarzdorliklarni qisqartirish boʻyicha mamlakat darajasida alohida, viloyat va tumanlar miqyosida alohida tizimda ish olib borilishi belgilandi", - deyiladi xabarda.  

Xususan, Majburiy ijro byurosi 20 milliard soʻmdan yuqori qarzlarni undirish bilan shugʻullanadi. Byuroning viloyat boshqarmalari 10 milliard soʻmdan 20 milliard soʻmgacha boʻlgan qarzlar undiruvi bilan ishlaydi.

MIBning tuman va shahar boʻlimi boshliqlari hokimlar va sektor rahbarlari bilan birga ogʻir ahvolga tushib qolgan qarzdorlarning manzilli roʻyxatlarini tuzib, ularga koʻmaklashadi. Buning uchun, undiruvchi iltimosiga koʻra ijro ishi yuritishni toʻxtatib turish toʻgʻrisida qaror qabul qilish vakolati sudlardan davlat ijrochisiga oʻtkaziladi.

Shuningdek, Savdo-sanoat palatasi va Biznes-ombudsmanga davlat daromadiga undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari boʻyicha tadbirkorlik subʼyektlarining qarzlari yuzasidan ijroni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib ijro etish toʻgʻrisida murojaat etish huquqi beriladi.

Qarzdorlar elektron platformasi

Yigʻilishda qarzdorning mol-mulki yoʻqligi sababli toʻxtatilgan ijro hujjatlari bilan ishlash masalasi muhokama qilindi. Qarzdorlar toʻgʻrisida yagona elektron platforma yaratib, ularni notarius, bank, soliq, davlat xizmatlari, bojxona, kadastr, ichki ishlar va boshqa idoralar bazasiga integratsiya qilish zarurligi taʼkidlandi.

Shu paytgacha majburiy ijro taʼminlanishidan hududlarga manfaat yoʻq edi. Endilikda undiriladigan mablagʻlarning bir qismi "temir daftar", "yoshlar daftari" va "ayollar daftari" boʻyicha jamgʻarmalarga oʻtkaziladigan tartib joriy qilinishi belgilandi.

Davlat ijrochilarining ish hajmi masalasi ham eʼtibordan chetda qolmadi. Koʻp joylarda bitta ijrochiga toʻgʻri kelayotgan hujjatlar soni meʼyorlardan ziyod ekani koʻrsatib oʻtildi.

Mulkiy huquqlarni roʻyxatga olish, ishga tiklash va ish haqi undirish, jarima va kommunal toʻlovlarni toʻlash kabi 8 toifadagi hujjatlarni majburlovsiz ham amalga oshirish mumkin. Hozirda MIB zimmasida bunday ijro hujjatlari 1,6 millionta, bu esa jami ishlarning 35 foizi. 400 ming soʻmgacha boʻlgan mablagʻlarni undirishga oid hujjatlar boʻlsa 60 foizni tashkil etadi.

Shu bois, sud qarorlarini ijro etishning soddalashtirilgan tartibini joriy qilish, kam miqdordagi mablagʻlar bilan axborot texnologiyalari yordamida ishlaydigan maxsus boʻlimlar tashkil etish topshiriqlari berildi. Davlat ijrochilarini ilgʻor metodikalar asosida qayta tayyorlash muhimligi taʼkidlandi.

Musodara qilingan mulklarni sotish tizimini qayta koʻrib chiqish, "YE-ijro auktsion"ga qoʻyilgan buyumlarni boshqa elektron savdo platformalariga ham integratsiya qilish zarurligi qayd etildi.

Aliment oluvchilar va toʻlovchilar reyestri shakllantiriladi

Tahlillarga koʻra, fuqarolar shikoyatlarining qariyb 64 %ini aliment masalalari tashkil etmoqda. Bu boradagi ijro ishlari va toʻlovlarning yagona hisobi yoʻlga qoʻyilmagani koʻplab tushunmovchiliklarga sabab boʻlmoqda. Shu bois, aliment oluvchilar va toʻlovchilarning toʻliq reyestrini shakllantirib, avtomatlashgan nazorat tizimini joriy qilish vazifasi qoʻyildi.

Maʼlumki, joriy yil 1 avgustdan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz boʻyicha qarzdorlikni undirish vakolati shtatlari bilan elektr va gaz taʼminoti korxonalariga oʻtkazildi. Elektr tarmoqlarining 3,5 trillion soʻm, tabiiy gaz yetkazib beruvchilarning 11 trillion soʻm debitor qarzdorligi borligi qayd etilib, ularni qisqartirish boʻyicha qatʼiy ish olib borish kerakligi aytildi.

Sud hujjatlarini ijro etish samaradorligini oshirish boʻyicha Bosh prokuror rahbarligida Respublika kengashi va viloyat hokimlari boshchiligida hududiy kengashlar tuzilib, ularga viloyat prokurorlari oʻrinbosar etib biriktirilishi belgilandi.

Asosiy mavzular