13:32 19 Yanvar 2021
Efir
  • RUB142.66
  • EUR12682.88
  • USD10500.81
Jamiyat
Havola olish
632 0 0

Birinchi dekabrdan umumtaʼlim fanlari boʻyicha sertifikatlash joriy etiladi, Oʻzbekistonning Afgʻonistonda savdo va iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchi lavozimi joriy etiladi. Batafsil – maqolada.

TOSHKENT, 29 noya — Sputnik. Adliya vazirligi 1 dekabrdan mamlakat qonunchiligida roʻy beradigan oʻzgarishlar va boshqa joriy etilayotgan tartiblar toʻgʻrisida maʼlumot tayyorladi.

1. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga oʻtkaziladi

2020 yil 1 dekabrdan:

  • maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolati jinoyat ishlari boʻyicha sudlar vakolatiga oʻtkaziladi;
  • huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxs tomonidan maʼmuriy jarimani sud va vakolatli idoralarda ish koʻrilgunga qadar ixtiyoriy toʻlash ragʻbatlantiriladi.

2. Umumtaʼlim fanlari boʻyicha sertifikatlash joriy etiladi

Bosqichma-bosqich bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga mos fanlar majmuasidagi umumtaʼlim fanlaridan bilish darajasini baholashning milliy test tizimi joriy etiladi.

Umumtaʼlim fanlari boʻyicha sertifikatlash 2020 yil 1 dekabrda ona tili va adabiyot (oʻzbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti) hamda matematika fanlari boʻyicha joriy etiladi.

3. Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti respublikadagi barcha jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat tashkilotlari hamda sport federatsiyalari (uyushmalari) faoliyati ustidan oʻquv va ilmiy-uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi.

4. Oʻzbekistonning Afgʻonistonda savdo va iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchisi lavozimi joriy etiladi.

5. Davlat bojxona qoʻmitasi hamda Ichki ishlar vazirligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspektsiyasi ehtiyojlaridan kelib chiqib, yiliga 5 tadan oʻsimliklar karantini sohasidagi oʻziga xos “detektor”lar – xizmat itlari hamda 5 nafardan kinologlar tayyorlab berilishini taʼminlaydi.

6. Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi tashkil etiladi

Jamgʻarmaning asosiy vazifalari, jumladan, quyidagilar hisoblanadi:

- davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini joriy etish, boshqarish hamda ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni taʼminlash;

- aholining barcha qatlamlarini kafolatlangan paket doirasida sifatli va zarur tibbiy yordam bilan taʼminlash maqsadida tibbiy xizmatlar strategik xaridi tizimini joriy etish.

7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatadigan I va II toifalarga mansub boʻlgan moʻljallanayotgan va rejalashtirilayotgan faoliyat turlari boʻyicha jamoatchilik eshituvlari oʻtkaziladi.

8. Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan biotexnologiyalar sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun jalb qilinadigan kreditlar boʻyicha kredit summasining 50 foizigacha(50 foizi ham kiradi), biroq 8 milliard soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda kafillik beriladi.

Kredit summasi 10 milliard soʻmdan ortiq boʻlmagan biotexnologiyalar sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun jalb qilinadigan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun quyidagi miqdorlarda kompensatsiya beriladi:

- milliy valyutadagi kreditlar boʻyicha – Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan ortiq, biroq 5 foizli punktdan oshmagan miqdorda;

- xorijiy valyutadagi kreditlar boʻyicha – tijorat banklari tomonidan belgilangan stavkaning 30 foizi, biroq 4 foizli punktdan oshmagan miqdorda.

Biotexnologiyalar sohasida ilmiy tadqiqotlar va innovatsion faoliyatni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekistonga 3 million AQSH dollaridan kam boʻlmagan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritgan xorijiy ilmiy tashkilotlarga ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun 10 milliard soʻmgacha maqsadli grantlar taqdim etiladi.

9. 2020 yil 1 dekabrdan:

- jinoyat natijasida davlatga yetkazilgan zarar, davlat bojlari, jinoiy va maʼmuriy jarimalar, davlat foydasiga boshqa turdagi undiruvlar hamda davlat daromadiga oʻtkaziladigan olib qoʻyilgan mol-mulkni sotishga oid ijro hujjatlari boʻyicha kelib tushgan mablagʻlar alohida gʻaznachilik hisobraqamida jamlanadi va belgilangan miqdorda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash uchun ochilgan hisob raqamlariga proportsional tartibda yoʻnaltiriladi;

- ijro hujjatini majburiy ijro etish davomida qarzdorning xatlangan mol-mulki boshlangʻich narxdan 30 foizlik chegirma bilan, Davlat byudjetiga undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari boʻyicha sotilayotgan mol-mulk esa – hududiy kengashlar qaroriga muvofiq 50 foizgacha chegirma bilan narxni oshirib borish uslubida oʻtkaziladigan dastlabki elektron onlayn-auktsionga qoʻyiladi (bundan garovga qoʻyilgan mol-mulk bilan taʼminlangan qarzdorlikni undirish toʻgʻrisidagi ijro hujjatlari mustasno).

Asosiy mavzular