TOSHKENT, 3 dek — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev qarori bilan Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarida oʻz kasbining ustasi unvoni uchun koʻrik-tanlov toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Koʻrik-tanlov Mudofaa vazirligi, IIV, Milliy gvardiya va DXX Chegara qoʻshinlarining qoʻshilma, qism va oliy harbiy taʼlim muassasalarida kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilar oʻrtasida oʻtkaziladi.
Koʻrik-tanlov “Eng ilgʻor serjant”, “Eng ilgʻor guruh komandiri”, “Eng ilgʻor vzvod komandiri”, “Eng ilgʻor batalon komandiri”, “Eng ilgʻor brigada komandiri” nominatsiyalari boʻyicha tashkil etiladi.
Koʻrik-tanlov har yili 1 iyundan 30 dekabrga qadar saralash, okrug va respublika bosqichlarida oʻtkaziladi.
Koʻrik-tanlovning gʻolib va sovrindorlari quyidagi tartibda taqdirlanadi:
Okrug bosqichida:
- 1-oʻrin uchun – diplom va lavozim maoshining bir baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti;
- 2-oʻrin uchun – diplom va lavozim maoshining 75 foizi miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti;
- 3-oʻrin uchun – diplom va lavozim maoshining 50 foizi miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti.
Respublika bosqichida:
- 1-oʻrin uchun – I darajali diplom va lavozim maoshining uch baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti hamda navbatdagi malaka toifasi;
- 2-oʻrin uchun – II darajali diplom va lavozim maoshining ikki baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti;
- 3-oʻrin uchun – III darajali diplom va lavozim maoshining bir baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti.
Koʻrik-tanlovning respublika bosqichi gʻolib va sovrindorlari Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan oʻtkaziladigan asosiy bayram tadbirida eʼlon qilinadi va taqdirlanadi.
Shuningdek, koʻrik-tanlovning respublika bosqichi gʻoliblariga quyidagi imtiyozlar beriladi:
“Eng ilgʻor serjant” nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblarga – Qurolli Kuchlar Kichik mutaxassislarni tayyorlash markaziga tanlovdan tashqari oʻqishga kirish; “Eng ilgʻor guruh komandiri” nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblarga – yuqori lavozimga tayinlash uchun kadrlar zaxirasiga kiritish; “Eng ilgʻor vzvod komandiri” nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblarga – Qurolli Kuchlar Akademiyasi malaka oshirish fakultetining oliy kurslariga tanlovsiz oʻqishga kirish, shuningdek, yuqori lavozimga tayinlash uchun kadrlar zaxirasiga kiritish; “Eng ilgʻor batalon komandiri” nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblarga – Qurolli Kuchlar Akademiyasining harbiy xavfsizlik va davlat mudofaasi fakultetiga tanlovsiz oʻqishga kirish, shuningdek, yuqori lavozimga tayinlash uchun kadrlar zaxirasiga kiritish; “Eng ilgʻor brigada komandiri” nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblarga – yuqori lavozimga tayinlash uchun kadrlar zaxirasiga kiritish.