05:51 21 Yanvar 2021
Efir
  • RUB142.66
  • EUR12682.88
  • USD10500.81
Jamiyat
Havola olish
194 0 0

1991 yildan 2016 yil dekabrgacha 482 kishi Oʻzbekiston fuqaroligini olgan boʻlsa, 2016 yil dekabrdan 2020 yilgacha boʻlgan muddatda bunday shaxslar 15 ming nafarni tashkil etdi.

TOSHKENT, 10 dek - Sputnik. Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Milliy markazi tomonidan 10 dekabr kuni onlayn va offlayn shakllarda "Yangi Oʻzbekiston va inson huquqlari" mavzuida turkum xalqaro tadbirlar tashkil etildi. Tadbirlarni Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Milliy markazi direktori Akmal Saidov kirish soʻzi bilan ochdi.

Bundan 72 yil muqaddam – 1948 yil 10 dekabr kuni Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan. Mazkur muhim sana har yili butun dunyoda, shu jumladan Oʻzbekistonda ham Xalqaro inson huquqlari kuni sifatida nishonlanadi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach qoʻshilgan birinchi xalqaro huquqiy hujjatdir. Oʻzbekiston Konstitutsiyasi normalari Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qoidalariga toʻla mos keladi.

Oʻzbekiston prezidenti taʼkidlaganidek, "Konstitutsiyamiz mohiyatiga chuqur singdirilgan demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqat hamda insonparvarlik tamoyillarini taʼminlash boʻyicha mamlakatimizda tizimli va ortga qaytmaydigan demokratik islohotlar amalga oshirilmoqda".

Xususan, sud-huquq tizimidagi chuqur islohotlar doirasida afv institutini qoʻllash borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Joriy yilning oʻzida bilib-bilmay jinoyatga qoʻl urgan va oʻz qilmishidan pushaymon boʻlgan 300 dan ortiq shaxs afv etilib, jazoni oʻtash joylaridan ozod qilingani, 200 nafar mahkumning jazo muddatlari qisqartirilgani shundan dalolatdir.

Oʻz navbatida, Konstitutsiya kuni arafasida prezident Shavkat Mirziyoyev "Ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida"gi farmonni imzoladi. Farmonga muvofiq, jazo oʻtayotgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan yana 104 nafar fuqaro afv etildi.

1991 yildan 2016 yil dekabrgacha 482 kishi Oʻzbekiston fuqaroligini olgan boʻlsa, 2016 yil dekabrdan 2020 yilgacha boʻlgan muddatda bunday shaxslar 15 ming nafarni tashkil etdi. Bundan tashqari, 1995 yil 1 yanvarga qadar Oʻzbekistonda yashab kelgan 50 ming nafar fuqaroligi boʻlmagan shaxs Oʻzbekiston fuqarosi deb tan olindi.

Bunday muhim qadamlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining fuqaroligi boʻlmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan chaqirigʻiga munosib javobdir. 

Hozirgi pandemiya davrida 500 mingdan ziyod Oʻzbekiston fuqarosi yurtimizga olib kelindi. Chet ellarda qiyin ahvolga tushib qolgan 100 mingga yaqin yurtdoshimizga turli yordamlar koʻrsatildi.

Yolgʻon vaʼdalarga aldanib, mamlakatimizdan chiqib ketgan va qurolli mojarolar boʻlayotgan Yaqin Sharq mintaqasida ogʻir kunlarni boshidan oʻtkazayotgan fuqarolarimiz, asosan ayollar va bolalarni mamlakatimizga qaytarib olib kelish boʻyicha insonparvarlik tadbirlari davom ettirilmoqda. Kuni kecha, 8 dekabr tongida Suriyadan 98 nafar yurtdoshimiz – 25 nafar ayol va 73 nafar bola Toshkentga olib kelingani bu fikrni tasdiqlaydi.

Pandemiya davrida aholi sogʻligʻini saqlash, ishsiz qolgan fuqarolarga yordam berishga, tadbirkorlarga birinchi darajali eʼtibor qaratilmoqda. Aholini arzon uy-joylar bilan taʼminlash boʻyicha davlat dasturi samarali amalga oshirilmoqda.

Faol gender siyosati doirasida xotin-qizlarimizning ijtimoiy-siyosiy mavqeini mustahkamlash boʻyicha jadal ish olib borilmoqda. Shu bilan birga, kambagʻallikni qisqartirish maqsadida ijtimoiy yordamning yangi va samarali mexanizmlari joriy etilmoqda.

Ayni chogʻda, "Yangi Oʻzbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi", degan gʻoya asosida umummilliy taʼlim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishga misli koʻrilmagan eʼtibor qaratilmoqda.

Kuni kecha AQSH Davlat departamentining rasmiy saytida eʼlon qilingan AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeoning bayonotida Oʻzbekiston maxsus kuzatuvdagi mamlakatlar roʻyxatidan chiqarilgani maʼlum qilindi.

Bayonotda bu qisqa muddat ichida Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan koʻrilgan tezkor va maqsadli chora-tadbirlarning natijasi ekani qayd etilgan. Shuningdek, maxsus roʻyxatdan chiqishda Oʻzbekiston tajribasi boshqa davlatlarga namuna boʻlib xizmat qilishi ham taʼkidlangan.

2020 yil oktyabr oyida milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzo etib saylandi. Bu ham, shubhasiz, prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda olib borilayotgan ochiq va faol tashqi siyosatning yana bir ulkan yutugʻidi.

Shunday qilib, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, "Yangi Oʻzbekiston" degan ibora xalqaro maydonda nafaqat yangi tushuncha, balki real ijtimoiy hodisa sifatida qabul qilinmoqda.

Markazning "Yangi Oʻzbekiston va inson huquqlari" mavzuida tashkil etgan tadbirlari doirasida "Inson huquqlari himoyasi uchun" koʻkrak nishoni sohiblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Asosiy mavzular