TOSHKENT, 16 dek - Sputnik. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov mamlakatdagi otinoyilarga murojaat qildi. Murojaat matni Oʻzbekiston Musulmonlar diniy idorasi rasmiy veb-saytida eʼlon qilingan.
Murojaatda ayrim otinoyilar tomonidan yoʻl qoʻyilayotgan baʼzi xatoliklardan misollar keltirilgan.
Xususan, baʼzi otinoyilar yetarli bilimga ega boʻlmagani holda diniy rasm-rusumlarga boshchilik qilish orqali ularga ergashuvchilarni ham zalolatga boshlashayotgani aytilgan. "Mana shundan otinoyilarimiz ehtiyot boʻlishlari kerak", deyiladi matnda.
Shuningdek, ayrim otinoyilar suhbatlarida faqat doʻzax azobi, qabr hayoti va Qiyomat dahshati yoki jahannam vasfi haqida gapirib, qalbga vahima yoki hayratga solishlariga eʼtibor qaratilgan. Shuningdek, xatoliklarga yoʻl qoʻyayotgan otinoyilar sifatida dinni oson qilib yetkazish oʻrniga amallarni mushkul qilib izohlash, qoʻrqitish yoʻlini tutganlar borligi aytilgan. Folbinlik bilan shugʻullanadiganlar orasida otinoyilikni daʼvo qiladiganlari borligiga eʼtibor qaratilgan.
Koʻplab otinoyilar esa Oʻzbekiston musulmonlari hanafiy mazhabiga rioya etishlarini inobatga olmay, oʻzlari turli adabiyotlardan oʻqigan yoki eshitgan fikrlarni gapirib, kishilar orasida ixtiloflarni keltirib chiqarishayotgani qoʻshimcha qilingan.
Shu nuqtai nazardan otinoyilarga ayrim muhim vazifalar taqdim etilgan:
- otinoyi Islom dini mohiyatini toʻliq tushuna bilishi, moturidiy aqidasi, hanafiy mazhabi haqida mukammal maʼlumotga ega boʻlishi va oʻz faoliyatida bularni mahkam tutishi, Qurʼoni karimni tajvid bilan oʻqiy olishi juda ham zarur.
- otinoyilar oʻzbek xalqi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida tinchlik va barqarorlikning qadriga yetishni, dunyoda kechayotgan oʻzgarishlar, yuz berayotgan noxush voqealarning asl sabablarini toʻgʻri tushunib, xalqqa toʻgʻri yetkaza olishlari lozim.
- ayollar oʻrtasidagi maʼnaviy muhitga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan, hanafiy mazhabi taʼlimotiga zid boʻlgan holatlarga qarshi turish zarur. Xususan, xotin-qizlar orasida uchraydigan folbinga borish kabi bidʼat-xurofotlarga barham berish yoʻlida otinoyilar tinmay tashviqot ishlarini olib borishlari bugungi kunda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
- aholi orasida maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot ishlarini olib borishda masjidlardagi imom-xatiblarning alohida oʻrni bor. Bugungi otinoyilar imom-xatiblarning xotin-qizlar masalalari boʻyicha yordamchilari sifatida ana shu imom-xatiblar bilan har bir ishni maslahatlashgan holda hamjihatlikda faoliyat olib borishlari kerak.
- mana shunday ishlarni toʻgʻri ado etishda otinoyilarga Diniy idora Fatvo boʻlimi tomonidan eʼlon qilinadigan juma tezislari juda ham qoʻl keladi. Har haftalik juma mavʼizalarini avval oʻzlari toʻgʻri oʻzlashtirib, keyin ayol-qizlarga yetkazsalar, juda ham toʻgʻri va maqsadga muvofiq ish boʻladi.
"Otinoyilar yuqorida aytilgan talablarga javob bera olsalar, turli bidʼat va xurofotlardan xalqimiz va yoshlarimiz ongini muhofaza etsalar, dinimizning asl mohiyatini toʻgʻri yetkazib bera olsalar, mamlakatimiz rivojiga katta hissa qoʻshgan boʻladilar. Eng muhimi, xalq orasida hurmatli insonlarga aylanadilar. Men ishonamanki, muhtarama otinoyilarimizning ish tajribalari, kuch-quvvatlari va salohiyatlari qoʻyilgan vazifalarni ijro etishga yetadi, insho Alloh", - deyiladi otinoyilarga murojaat yakunida.