11:38 26 Yanvar 2021
Efir
  • RUB139.72
  • EUR12798.46
  • USD10518.99
Jamiyat
Havola olish
190 0 0

Toshkent davlat stomatologiya institutining filiali Ispaniyada ochiladi. Har ikkala oliy taʼlim muassasasi tomonidan yiliga 30 nafar pedagoglar dars mashgʻulotlariga jalb etiladi.

TOSHKENT, 21 dek — Sputnik. Ispaniya Balear universitetining ADEMA stomatologiya taʼlim dargohida Toshkent davlat stomatologiya institutining filiali tashkil etiladi. Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarining Yevropa davlatlaridagi ilk filiali hisoblanadi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Mazkur kelishuvga Ispaniya SSV, Palma de Mayorka provintsiyasi rahbariyati, Balear universiteti vakillari hamda Oʻzbekiston SSV va Toshkent davlat stomatologiya instituti hamkorligida tashkil etilgan anjumanda erishildi.

Unga koʻra, har ikkala oliy taʼlim muassasasi tomonidan yiliga 30 nafar pedagoglar dars mashgʻulotlariga jalb etilishi, stomatologiyaning oltita yoʻnalishi boʻyicha ispaniyalik mutaxassislarni qayta tayyorlash va malaka oshirishi uchun kurslarda oʻqitishga kelishib olindi.

Shuningdek, anjumanda 2021 yildan 100 nafar ispaniyalik talaba stomatologiya yoʻnalishi boʻyicha malaka oshirish kurslariga qabul qilinishi, ispaniyalik bemorlarga Oʻzbekistondagi tibbiy turizm tizimi salohiyatidan foydalanishga sharoit yaratish kabi  bir qator masalalar ham belgilab olindi.

Ispaniyaning Balear universiteti 1978 yilda tashkil etilgan boʻlib, Balear hukumati tomonidan boshqariladi. Bugungi kunda 18 mingdan ortiq talabalar ijtimoiy-gumanitar, tibbiyot, stomatologiya, texnika, axborot texnologiyalari kabi yoʻnalishlarda taʼlim olmoqda. Universitet qoshidagi 7 ta ilmiy laboratoriyalarda biologiya, ekologiya, raqamli tibbiyot va genetika yoʻnalishlarida ilmiy-tadqiqot olib borilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Toshkent davlat yuridik universitetining xorijdagi ilk fakulteti Tojikistonda ochilgani xabar qilingan edi.

Undan ilgari esa Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti Oʻzbekistondagi xorijiy mamlakatlarda oʻz filialini tashkil etgan ilk oliy taʼlim muassasasiga aylangan edi. Institut Hindistonning Nyu-Dehli shahridan 20 km uzoqlikda joylashgan Noida xalqaro universiteti bazasida oʻz filialini tashkil etgan.

Teglar:
Yevropa, filial, Toshkent davlat stomatologiya instituti

Asosiy mavzular