TOSHKENT, 21 dek — Sputnik. Oʻzgidromet haftalik ob-havo haqida maʼlumot berdi.
Bugun va ertaga Oʻzbekistonda ob-havo sharoitini dam olish kunlari hududga kirib kelgan quruq va deyarli sovuq antitsiklon havo massalari belgilaydi. Barcha viloyatlarda ob-havo yogʻingarchiliksiz boʻlishi kutilmoqda, kechasi va ertalab baʼzi joylarga tuman tushishi mumkin. Havo harorati kechalari 0-5° sovuq, kunduz kunlari 0-5° iliq atrofida, baʼzi joylarda 7° iliqgacha boʻladi.
23 dekabrda Kavkaz hududlaridan kirib kelgan biroz nam havo massalari respublika hududlari boʻyicha siljiydi. Respublika hududlarining koʻp qismida yogʻingarchiliksiz bulutli ob-havo boʻlishi kutilmoqda, faqat markaziy hududlar boʻyicha baʼzi joylarda biroz yogʻingarchilik boʻlishi mumkin. Havo harorati deyarli oʻzgarmaydi.
24-25 dekabrda mamlakat hududiga Eron hududlaridan iliq havo massalari keladi. Havo harorati koʻtariladi va ish haftasining oxiriga kelib, kunduz kunlari havo 7-12° iliqgacha isiydi.
Hududlarning koʻp qismida shu kunlarda yogʻingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi. Faqat respublikaning shimoli-gʻarbiy hududlariga 25 dekabrda janubiy tsiklon kirib kelishi boshlanadi, buning hisobiga Qoraqalpogʻistonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida asosan yomgʻir koʻrinishidagi biroz yogʻingarchilik boʻlishi mumkin.