Xorazmda “zagranpasport” uchun katta navbatlar nima sababdan yuzaga kelgani ma’lum qilindi

© Sputnik / Dilshoda RaxmatovaZagranpasport grajdanina Uzbekistana
Zagranpasport grajdanina Uzbekistana  - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Ma’lum bo‘lishicha, aholi orasida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida aviaqatnov yo‘lga qo‘yilganligi to‘g‘risida yolg‘on xabarlar tarqalgan.

TOShKENT, 22 dek — Sputnik. Xorazmda xorijga chiqish biometrik pasportini  olish uchun katta navbatlar Rossiyaga aviaqatnovlar tiklangani haqidagi mish-mishlar ortidan yuzaga kelgan. Bu haqda IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi ma’lum qildi.

ID-karta uzb - Sputnik O‘zbekiston
Pasport o‘rniga ID-karta

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyatining Hazorasp va Xiva tumanlaridagi IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari oldida odatdagidan ko‘p fuqarolarning yig‘ilganligi va ular navbatga turish tartibiga rioya qilmayotganliklari aks etgan foto va videolar tarqalgan edi.

Aniqlanishicha, pasport olish uchun murojaat qilayotgan aholining asosiy qismi Rossiyada mehnat qilib kelgan fuqarolardir. Ular 2021-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston fuqarolari barcha MDHga a’zo davlatlarga, shu jumladan, Rossiyaga faqat xorijga chiqish biometrik pasporti bilan chiqishlari tartibi kuchga kirishi munosabati murojaat qilmoqdalar.

“Ushbu hududlarda yashovchi aholi orasida O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida avia qatnov yo‘lga qo‘yilganligi to‘g‘risida yolg‘on xabarlar tarqalgan”, - deyilgan xabarda.

Boshqarma pandemiya munosabati bilan hozirgi kunda bir qator davlatlar, shu jumladan, Rossiya O‘zbekiston bilan avia va temir yo‘l qatnovini qayta tiklashni rejalashtirayotgani bo‘yicha Ichki ishlar vazirligiga rasmiy ma’lumotlar kelib tushmaganini qayd etgan.

Hozirgi vaqtda Hazorasp va Xiva tumanlari ichki ishlar organlarining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga "zagranpasportini" olish bo‘yicha navbatda turgan fuqarolarga tushuntirish ishlari olib borilgan, ularga navbat talonlari tarqatilgan.

Pandemiya sabab Rossiya 27-martdan boshlab o‘z chegaralarini yopib, xalqaro muntazam parvozlarni to‘xtatib qo‘ygan edi. Bugungi kunga kelib Rossiya qator mamlakatlar bilan parvozlarni qisman tikladi. O‘zbekiston bilan esa hozircha parvozlarni tiklamagan va Rossiyaga kirishga asosi bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarolarining kirishi taqiqlangan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat o‘z chegaralarini qachon ochishi haqidagi savol javob berayotib, chegaralar koronavirus bilan bog‘liq vaziyat imkon berishi bilanoq ochilishini ma’lum qilgan edi. 

O‘zbekiston fuqarolari 2021-yil 1-yanvardan boshlab faqat yangi turdagi xorijga chiqish biometrik pasporti bilan O‘zbekiston hududidan chiqishlari mumkin.

Yangiliklar lentasi
0