TOSHKENT, 27 dek — Sputnik. 26 dekabr soat 16:00dan boshlab Toshkent metropolitenining Sergeli yoʻnalishi xizmat koʻrsata boshladi.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” matbuot xizmati xabariga koʻra, yoʻnalish ishga tushgandan boshlab 2021 yil 1 yanvar soat 8:00 ga qadar ushbu yoʻnalishda yangi ochilgan “Bekat-1”, “Bekat-2”, “Bekat-3”, “Bekat-4”, “Bekat-5” bekatlarida harakatlanish bepul boʻladi.
Bepul harakatlanish faqat yangi Sergeli yoʻnalishida amal qiladi. Agar yoʻlovchi Chilonzor yoʻnalishidan (Olmazor bekatidan ham) harakatlansa, yoʻl haqi toʻlashi zarur.
Eslatib oʻtamiz, 26 dekabr kuni Toshkent metropolitenining Sergeli yoʻnalishi ochilgan edi. Uzunligi 7 kilometrlik mazkur temir yoʻlda beshta bekat barpo etilgan. Metropolitenning “Olmazor” bekati bilan oraliqda 580 metrlik tonnel qurilib, yer usti va yer osti yoʻllari bogʻlangan.