22:44 15 Yanvar 2021
Efir
  • RUB141.29
  • EUR12796.16
  • USD10473.20
Jamiyat
Havola olish
87 0 0

Boʻlajak kelin-kuyovlar oilaviy-huquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psixologiyasi, oila iqtisodi va byudjeti va boshqa sohalarda bilimlarini oshirish uchun oʻqitiladi.

TOSHKENT, 13 yanv - Sputnik. Yaqin kelajakda 30 yoshdan oshmagan nikohlanuvchi shaxslar uchun 16 soatlik dastur Oila qadriyatlari bepul oʻqitiladi, deb xabar qildi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi boshqarma boshligʻi Mukarram Nurmatova AOKAdagi matbuot anjumanida.

«Tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash hamda Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) boʻlimlari huzurida Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari tashkil etiladi.

Markazlar ochishdan asosiy maqsad — nikohlanuvchi fuqarolar ongiga milliy qadriyatlar ruhini singdirib borish, ularni oilaviy-huquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psixologiyasi, oila iqtisodi va byudjeti, reproduktiv salomatlik asoslari, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash masalalari boʻyicha bilimlarini oshirish, oilalar mustahkamligini taʼminlash, oilaviy ajralishlarning oldini olish hamda ibratli ota-ona boʻlish koʻnikmalarini shakllantirishdan iboratdir.

Markazlarda FHDYO organlariga nikohni qayd etish uchun ariza bergan va oʻquv mashgʻulotlarida qatnashish uchun roziligi olingan 30 yoshdan oshmagan nikohlanuvchi shaxslar 16 soatlik oʻquv dasturi asosida bepul oʻqitiladi.

Shuningdek, oʻttiz yoshdan oshgan nikohlanuvchi, muqaddam nikoh tuzgan shaxslar, ajralish yoqasiga kelib qolgan oilalar aʼzolari ham alohida dastur asosida markazlarda ixtiyoriy oʻqishlari mumkin. Oʻquv mashgʻulotlarida toʻliq qatnashgan tinglovchilarga maxsus sertifikat berilishi nazarda tutilgan», - dedi Mukarram Nurmatova.

Eslatib oʻtamiz, 2019 yil boshida Oʻzbekistonda nikoh shartnomalarini majburiy qilish toʻgʻrisida qonun loyihasi kiritilgan edi. Ushbu taklif jamoatchilik orasida keng muhokamaga sabab boʻlgan, turli mutaxassislar tomonidan turlicha firklar bildirilgan edi.

Hozircha ushbu qonun qabul qilingani yoʻq, yaʼni nikoh shartnomasi tuzish ixtiyoriy maqomda qoldirilgan. Lekin nikoh shartnomalari tuzishni osonlashtirish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, nikoh shartnomasini notariusdan roʻyxatdan oʻtkazish uchun davlat boji bekor qilingan. Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva ham oʻtgan yilning dekabrida qilgan chiqishida nikoh shartnomasini kengroq targʻib qilish zarurligini taʼkidladi.

Shunga qaramasdan tuzilayotgan nikoh shartnomalari soni hozircha bir necha yuzdan oshmayapti. Xususan, 2019 yilda Oʻzbekistonda 219ta nikoh shartnomasi tuzilgan. Vaholanki, 2020 yilning birinchi yarmida sudlarga er-xotin orasida ajralish, mulk boʻlishish va boshqa masalalar boʻyicha 122 mingdan ortiq ariza kelib tushgan. Ulardan 78 mingga yaqini ajralgan. 

Asosiy mavzular