TOSHKENT, 25 yanv - Sputnik. Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida joriy yilda boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan prezident saylovlari sanasini oʻzgartirish masalasi muhokama qilindi. Bu haqida "Yuksalish" partiyasi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
"Oʻzbekistonda Prezident saylovlari oktyabr oyi uchinchi oʻn kunligining birinchi yakshanbasida oʻtkazilishi mumkin. Ushbu masala Quyi palatadagi siyosiy partiyalar fraktsiyalari yigʻilishida muhokama qilindi", - deyilgan xabarda.
Saylov sanasini oʻzgartirish borasida hech qanday xulosaga kelinmagan va Oliy Majlisning navbatdagi sessiyasida muhokama qilish uchun qoldirilgan.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga muvofiq "Prezident saylovi <...> konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — dekabr oyi uchinchi oʻn kunligining birinchi yakshanbasida oʻtkaziladi".