TOSHKENT, 26 yanv - Sputnik. Oʻzbekiston Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi axborot xizmati musulmon, katolik va pravoslav dinlari vakillari ishtirokida "Biz sogʻlom turmush tarafdorimiz" nomli targʻibot video roligi taryorladi.
"Sogʻliq va aql bu Xudoning bizga bergan sovgʻasidir. Ushbu sovgʻani biz asrab avaylab foydalanishimiz kerak. Shuningdek sogʻlom ovqatlanishimiz, sogʻlom turmush tarzi olib borishimiz juda muhim", - deydi Oʻzbekistondagi Katolik cherkovi vakili Yeji Matsulevich.
"Muqaddas kitoblarda yozilishiga koʻra, jismoniy mashqlar bilan shugʻullanish biz uchun juda foydali. Ana shundagida biz uzoq va samarali umr kechirishimiz mumkin. Lekin ruhimizni chiniqtirish va yaqinlarimizga yordam berishimiz ham kerak", - dedi Toshkentdagi rus pravoslav cherkovi vakili Statsenko Sergey.
"Inson tanasi Xudoning bizga bergan bebaho omonatidir. Bizning vazifamiz uni asrab avaylash, salomatligimizga befarq boʻlmasligimz, meʼyorida ovqatlanishimiz va sport bilan shugʻullanishimiz kerak. Qurʼonda kuchli moʻmin kuchsiz moʻmindan afzal ekani ham taʼkidlangan.
Paygʻambarimizning oʻzlari ham chapdast va baquvvat boʻlganlar va bizlarni ham ana shunday boʻlishga daʼvat qilganlar. Farzandlarimizni ot minish, suzish va kamon otishni oʻrganishni tavsiya qilganlar" - dedi Toshkent shahri bosh imomi Nuriddin Xoliqnazarov.
Ushbu targʻibot roligi "Oʻzbekiston 24", "Madaniyat va maʼrifat", "Mahalla", "Oilaviy", "Yoshlar", "Sevimli", "Mu5", "Uzreport" telekanallari orqali muntazam namoyish etilmoqda.