TOSHKENT, 26 yanv — Sputnik. Oʻzbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilgʻor texnologiyalar markazi markaz olimlari COVID-19 virusining “britancha shtammi” ni aniqlovchi test tizimini yaratish ustida ish olib bormoqda.
Bu haqda innovatsion rivojlanish vazirining birinchi oʻrinbosari Shahlo Turdiqulova Yaponiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi muvaqqat ishlar vakili Asushi Suda bilan uchrashuvda maʼlum qildi.
Yaponiya elchixonasi vakillari kelgusida tadqiqotlarni amalga oshirishda hamkorlikka tayyor yapon tashkilotlari va kompaniyalarini topishda amaliy koʻmak berishini maʼlum qildi.
Uchrashuvda Xitoyning “Anhui ZhifeiLongcom Biopharmaceutical” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan koronavirusga qarshi vaktsinaning III faza klinik sinovlarini oʻtkazish jarayoni, koronavirusni aniqlovchi PZR-test tizimlari ishlab chiqarilayotgani, Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi kurashga doir ilmiy tadqiqotlar ham muhokama qilingan.