12:44 26 Fevral 2021
Efir
  • RUB141.09
  • EUR12773.52
  • USD10549.65
Jamiyat
Havola olish
369 0 0

Majmuadagi qurilish-obodonlashtirish ishlari jarayonida Imom Buxoriy maqbarasi hozirgi koʻrinishi saqlangan holda rekonstruktsiya qilinadi

TOSHKENT, 14 fev — Sputnik. Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy majmuasida rekonstruktsiya ishlari olib boriladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Taʼkidlanishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev 11 fevral kuni Samarqandning turizm salohiyatini, shu jumladan, ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha loyihalar bilan tanishgan. Mazkur taqdimot chogʻida islom olamidagi eng muqaddas qadamjolardan biri – Imom Buxoriy majmuasi va uning atrofida amalga oshiriladigan qurilish-bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari xususida maʼlumot berilgan. Davlat rahbari ushbu ziyoratgohda olib borilishi rejalashtirilgan loyiha boʻyicha yana bir bor oʻz tavsiyalarini bildirib, mutasaddilarga zarur topshiriqlar bergan.

© Press-slujba prezidenta Uzbekistana

Xabarda yozilishicha, majmuadagi qurilish-obodonlashtirish ishlari jarayonida Imom Buxoriy maqbarasi hozirgi koʻrinishi saqlangan holda rekonstruktsiya qilinadi. Shu paytgacha maqbara ostidagi qabrni ziyorat qilish uchun yetarli sharoit mavjud emas edi. Yangi loyihada qabr atrofini kengaytirib ziyoratchilar uchun har tomonlama qulaylik yaratish koʻzda tutilgan. 

"Sakkiz ming oʻrinli muhtasham masjid quriladi. Majmua atrofida toʻrtta ulkan minora qad rostlaydi. Xalqimizga xos turmush tarzidan kelib chiqib, hozirgi ayvonlarga qoʻshimcha ravishda ichki va tashqi ayvonlar barpo etiladi”, - deyilgan xabarda.

Mahalliy va xorijlik ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy mehmonxonalar, xalqaro andozalarga toʻla mos keladigan maishiy xizmat va sanitariya-gigiyena shoxobchalari quriladi.

“Yana bir eʼtiborli tomoni, majmuada qurilish-bunyodkorlik ishlari jarayonida bu yerdagi tarixiy buloq va bir necha yuz yillik chinor daraxtlariga ziyon yetkazilmaydi. Ularni asrab-avaylash, oʻz holida saqlash uchun barcha zarur choralar koʻriladi”, - deya taʼkidlagan hokimlik.

Majmuada amalga oshiriladigan qurilish-bunyodkorlik ishlari maxsus tashkil etilgan jamgʻarma mablagʻlari hisobidan tashkil etiladi.

Asosiy mavzular