16:04 02 Mart 2021
Efir
  • RUB141.85
  • EUR12661.56
  • USD10517.12
Jamiyat
Havola olish
16401

Oʻzbekistonda ommaviy tartibsizlikka va fuqarolarga nisbatan zoʻravonlik qilishga ommaviy daʼvat qilish ham jinoiy javobgarlikka sabab boʻlishi mumkin

TOSHKENT, 15 fev — Sputnik. Oʻzbekistonda ommaviy tartibsizlikka daʼvat qilganlik uchun ham jinoiy javobgarlik belgilanishi mumkin.

“Milliy tiklanish” va “Adolat” partiyalari tomonidan ishlab chiqilgan Jinoyat kodeksi, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks va “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirovning yozishicha, Jinoyat kodeksining 244-moddasiga oʻzgartirish kiritilmoqda. Ushbu moddada hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga faollik bilan boʻysunmaslikka, ommaviy tartibsizlikka va fuqarolarga nisbatan zoʻravonlik qilishga ommaviy daʼvat qilish kabi huquqbuzarlik uchun jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 201-moddasiga qoʻshimcha kiritilmoqda.

Unda fuqarolarni Oʻzbekiston qonunchilik hujjatlari talablarini bajarmaslikka yoki buzishga, shu jumladan, ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiyalar tarmoqlaridan, internet jahon axborot tarmogʻidan, shuningdek, matnni nashr etish yoki boshqa shaklda koʻpaytirish turlaridan foydalangan holda ommaviy daʼvat qilish kabi huquqbuzarlik uchun BHMning bazaviy 60 baravaridan 80 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.

Bundan tashqari, “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi qonunning 12-moddasi 1-qismi qoʻshimcha bilan toʻldirilmoqda. Unda veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan axborot joylashtiriladigan internet jahon axborot tarmogʻidagi sahifasida:

  • ommaviy tartibsizliklarga, fuqarolarga nisbatan zoʻravonlikka, belgilangan tartibni buzgan holda oʻtkaziladigan yigʻilishlar, mitinglar, koʻcha yurishlari va namoyishlarda ishtirok etishga daʼvat qilish;
  • jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolgʻon axborot tarqatish;
  • jamiyatga, davlatga, davlat ramzlariga (milliy va umuminsoniy qadriyatlarga) hurmatsizlikni namoyon etuvchi beodoblik bilan ifodalangan axborotni tarqatish;
  • pornografiya, zoʻravonlik yoki shafqatsizlikni targʻib qilish, shuningdek oʻz joniga qasd qilishga daʼvat etish;
  • voyaga yetmagan shaxslarni ularning hayoti va (yoki) sogʻligʻiga yoxud oʻzga shaxslarning hayoti va (yoki) sogʻligʻiga tahdid soluvchi gʻayrihuquqiy harakatlarni sodir etishga undashga va boshqa tarzda jalb qilishga yoʻnaltirilgan axborotni tarqatish;
  • referendum toʻgʻrisidagi va saylov haqidagi qonunchilikda nazarda tutilgan cheklovlarga rioya etmaslik;
  • fuqarolarning shaxsga doir maʼlumotlarini ularning roziligisiz joylashtirish;
  • hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan axborot joylashtiriladigan internet jahon axborot tarmogʻidagi oʻz veb-sayti va (yoki) veb-sayt sahifalarining, shu jumladan tezkor xabarlar almashish tizimlarining monitoringini ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan axborot va materiallarni aniqlash maqsadida amalga oshirishi taqiqlanmoqda.

Oʻziga xabar yuborilishi uchun internet jahon axborot tarmogʻidagi oʻz veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga, shu jumladan tezkor xabarlar almashish tizimlariga elektron pochta manzilini, qonunni buzgan holda tarqatilayotgan axborot toʻgʻrisida murojaatlar yuborilishi uchun oʻz ism-sharifining bosh harflarida, familiyasini (jismoniy shaxs uchun) yoki nomini (yuridik shaxs uchun) joylashtirishi shartligi belgilanmoqda.

Qonunning 12-moddasi 1-qismida koʻrsatilgan axborot aniqlangan taqdirda, ushbu maʼlumotlardan foydalanishni cheklash choralarini darhol koʻrishi lozim boʻladi.

Bundan tashqari, oʻz veb-saytida va (yoki) veb-sahifasida internet jahon axborot tarmogʻi milliy segmentining domen nomlari tizimida izoh beruvchi shaxslar turgan mamlakatni identifikatsiyalovchi noyob manzil (IP-manzil) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni aks ettirishi shart ekanligi belgilanmoqda.

Teglar:
Jinoyat kodeksi, Oʻzbekiston, jinoiy javobgarlik, ommaviy tartibsizlik

Asosiy mavzular