TOSHKENT, 1 fev — Sputnik. Osiyo futbol konfederatsiyasi tartib-intizom va etika qoʻmitasi (AFC) Oʻzbekiston terma jamoasi sardori Odil Ahmedovni Osiyo kubogining nimchorak final bosqichi doirasida boʻlib oʻtgan Avstraliya-Oʻzbekiston oʻyinidan keyin flesh-interyuga kelmaganligi uchun 10 ming dollar miqdoridagi jarimaga tortdi, deb xabar qildi AFC rasmiy sayti.
Osiyo kubogining pley-off bahsida Oʻzbekiston jamoasi penaltilar seriyasida 2:4 hisobi bilan imkoniyatni boy berib qoʻygan edi. Odil Ahmedov maydonda 120 daqiqa sardorlik bogʻichini taqib, toʻp surgan edi. Oʻyin yakunidan soʻng futbolchi turnir qonun-qoidalariga koʻra boʻlib oʻtishi shart boʻlgan flesh-intervyuga kelmagan.
OFK qoʻmitasining qaroriga koʻra, Ahmedov 10 ming dollar miqdorda jarima toʻlashi shart. Ushbu summa 30 kun ichida OFK hisob-raqamiga oʻtkazilishi lozim.
Taʼkidlanishicha, Odil Ahmedov yana bir marta shunday qoidabuzarlikka yoʻl qoʻysa, bundan ham jiddiyroq jazoga tortilishi mumkin.
Osiyo kubogi 5 yanvardan 1 fevralgacha BAAda boʻlib oʻtmoqda. Finalda Yaponiya va Qatar jamoalari oʻzaro kuch sinashadi. 1 fevral kuni boʻlib oʻtadigan finalga oʻzbekistonlik Ravshan Ermatov bosh hakam sifatida tayinlangan.