23:43 18 Iyun 2019
Efir
  • RUB132.57
  • EUR9566.00
  • USD8535.74
Ofitsialnыy myach chempionata mira po futbolu 2018 Telstar 18

OʻFA totalizator va kelishilgan oʻyinlarda ishtirok etayotgan shaxslarni aniqladi

© Sputnik / Aleksey Filippov
Sport
Havola olish
255 0 0

“Zarangari” futbol klubi rahbari F.Toirovning OʻzPFLga taqdim etgan xati asosida OʻFA maxsus inspektsiyasi surishtiruv ishlarini olib bordi.

TOSHKENT, 11 iyun – Sputnik. Oʻzbekiston futbol assotsiatsiya maxsus inspektsiyasi totalizator va kelishilgan oʻyinlarda ishtirok etayotgan shaxslarni aniqladi, deb xabar berdi tashkilot matbuot xizmati.

“Zarangari” futbol klubi rahbari F.Toirovning OʻzPFLga taqdim etgan xati asosida OʻFA maxsus inspektsiyasi surishtiruv ishlarini olib bordi. 

Xatda “Zarangari” futbol klubining besh nafar futbolchisi kelishilgan oʻyinlarda gumon qilinayotgani aytilgan boʻlib, ularning ism-shariflari aniq koʻrsatib oʻtilgandi. Keyinroq maʼlum boʻldiki, klub rahbariyatining oʻzi nohalol futbolga yoʻl ochib bergan va bu ishga unamagan futbolchilarni tuhmat tariqasida jamoadan chetlashtirish chorasini koʻrmoqchi boʻlgan. 

“Zarangari” futbol klubi rahbari F.Toirov “Zarangari”da moliyaviy muammolar borligini roʻkach qilib, jamoaning barcha ishlariga endilikda SH.Sattorov javobgar boʻlishini futbolchilarga rasman maʼlum qilgan (Sherzod Sattorov OʻzPFL roʻyxatidan “Ittifoq-Buxoro” futbol klubi bosh murabbiyi sifatida oʻtgan). “Zarangari” futbolchilari F.Toirovdan hozirgi kungacha boʻlgan moliyaviy hisob-kitobni qilishini talab qilishgan. Mana shu masalada muammo kelib chiqqan.

Keyinroq SH.Sattorov barcha masalani oʻzi hal qilishini, kerak boʻlsa transfer oynasi ochilmayoq yangi futbolchilarni jamoaga olib kelishga qudrati yetishi haqida aytgan. Oylikdan tashqari pul ishlash niyatida boʻlgan futbolchilar uning koʻrsatmasi bilan totalizatorda ishtirok etishlari kerakligini uqtirmoqchi boʻlgan. 

OʻFA maxsus inspektsiyasi F.Toirov hamda SH.Sattorovlarning futbolchilar bilan suhbatlari yozilgan audioyozuvni toʻliq qoʻlga kiritdi. Maʼlum boʻldiki, SH.Sattorov hamda F.Toirov rejasiga unamagan futbolchilarni OʻzPFL orqali gumonlantirilib, ulardan xalos boʻlishni istagan. Rahbarlardan farqli oʻlaroq, futbolchilar alohida-alohida suhbatdan oʻtkazilganda, ularning fikrlari asosli boʻlib chiqdi, jamoa aʼzolari faktlar asosida koʻrsatma berdilar.   

Yuqoridagilardan kelib chiqib, OʻFA Intizom va odob-axloq (etika) qoʻmitasi qaror qabul qildi. Unga koʻra “Ittifoq-Buxoro” jamoasi bosh murabbiyi SH.Sattorovning qilmishlari  kechirib boʻlmas, deb hisoblandi va u bir umrga futbolga aloqador barcha faoliyatdan chetlashtirildi. SH.Sattorov Buxoro viloyatidagi maktablardan birida jismoniy tarbiyadan ham dars berishi haqida aytib oʻtdi. Yosh avlodni uning kabi kishilar boshqarmasligi kerak deb hisoblanib, OʻFA qoʻmita qarorini mazkur maktabga ham taqdim etadi. Shuningdek, audioyozuvlarga koʻra, SH.Sattorov OʻFA hamda OʻzPFLning ayrim xodimlarini haqorat qilgan, ularga jiddiy tuhmatlar yogʻdirgan. 

OʻFA Intizom va odob-axloq (etika) qoʻmitasi “Zarangari” futbol klubi rahbari F.Toirovni 1 yilga futboldan chetlashtirdi va 20 million soʻm jarima jazosi qoʻlladi. Keyingi tekshiruvlar jarayonida uning ham kelishilgan oʻyinlarga aloqadorligi fakti topilsa, jazo oʻzgartiriladi. 

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi futbol sohasida faoliyat yuritayotgan barcha insonlarni ogohlantiradi: murabbiy, fubolchi, mutaxassis — kim boʻlishidan qatʼi nazar kelishilgan oʻyinlarga aloqadorligi aniqlansa, belgilangan tartibda qatʼiy jazoga tortiladi.

Asosiy mavzular