13:43 20 Noyabr 2019
Efir
  • RUB149.01
  • EUR10498.56
  • USD9500.96

Oʻzbekiston kubogi turnirida mushtlashgan hakamlar trenerlikdan chetlashtirildi

© Sputnik / Tabыldы Kadыrbekov
Sport
Havola olish
476 0 0

16 oktyabr kuni boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston kubogi musobaqasida hakamlar oʻrtasida musobaqa yakuniy natijasi yuzasidan oʻzaro tortishuv kelib chiqqan

TOSHKENT, 18 okt - Sputnik. Toshkent shahridagi "Universal" sport saroyida boʻlib oʻtgan karate boʻyicha oʻsmirlar, yoshlar va kattalar oʻrtasidagi Oʻzbekiston kubogi musobaqasida oʻzaro mushtlashgan hakamlarga qatʼiy jazo choralari qoʻllanildi, deb xabar qilmoqda Sputnik Oʻzbekiston muxbiri.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabariga koʻra, musobaqa hakami Azizbek Boʻriyev, Toshkent viloyati "Chempion" karate sport klubi treneri Dilshod Yusupov hamda Surxondaryo viloyati karate milliy federatsiyasi treneri Abdulaziz Ismatullayevlar oʻrtasida musobaqa yakuniy natijasi yuzasidan oʻzaro tortishuv kelib chiqqan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda katta janjal yuz bergani, tartibsizlik yuzaga kelgani aks ettirilgan.

Videoni suratga olgan shaxs hakamlar bir-birlarining yuzlariga zarba berishi oqibatida, ularning burunlari qonab ketganligini aytib oʻtadi.

Sport vazirligi rasmiy axborotiga koʻra, mazkur kelishmovchilik oqibatida biron bir shaxs tan jarohati olmagan. Ushbu holat yuzasidan Oʻzbekiston karate milliy federatsiyasi rayosati yuqoridagi sport mutaxassislariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinladi.

Tekshiruv yakuni yuzasidan Oʻzbekiston karate milliy federatsiyasi hakami Boʻriyev A.E.ni ikki yilga hakamlik ish faoliyatidan chetlashtirish, Surxondaryo viloyat karate milliy federatsiyasi treneri Ismatullayev A.I.ni uch yilga va Toshkent viloyati “Chempion” karate sport klubi treneri Yusupov D.M.ni ikki yilga trenerlik faoliyatidan chetlashtirish haqida qaror qabul qilindi.

Musobaqa bosh hakami Qoraboyev Qosimjon Hoshimovichga esa hayfsan eʼlon qilindi.

Oʻz navbatida Oʻzbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mazkur holat ishtirokchisi, karate boʻyicha Oʻzbekiston oʻsmirlar milliy terma jamoasi katta treneri hamda oliy toifali trener Boʻriyev Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Sport terma jamoalari toʻgʻrisidagi nizomga koʻra maʼnaviy-axloqiy va boshqa normalarni buzganligi sababli milliy terma jamoa tarkibidan chiqarildi.

Oʻzbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mazkur holatni oʻz nazoratiga olgan.

Asosiy mavzular