16:58 15 Dekabr 2019
Efir
  • RUB149.88
  • EUR10545.67
  • USD9537.55
Sbornaya Uzbekistana invalidov-amputantov po futbolu

Oʻzbek futbolini mashhur qilgan oyoqsiz futbolchilar muammolari - Kariyev bilan soʻnggi intervyu

Ministerstvo sporta Uzbekistana
Sport
Havola olish
123760

Amputant-futbolchilarni bir necha marotaba jahon chempionligiga chiqargan murabbiy Rustam Kariyev bugun, 2 dekabr kuni olamdan oʻtdi. "Sputnik Oʻzbekiston" muxbiri shu kunlarda trener bilan suhbatda boʻlgan edi.

"Oʻzbekiston futbolchilari Jahon chempioni boʻldi!". Bu yerda gap qoʻl-oyoqlari bus-butun, sogʻlom futbolchilar haqida emas, balki, matonati va jasurligiga xavas qilsa arziydigan amputant-futbolchilar haqida bormoqda. Va bu voqea futbol fanatlari tushida emas, 2019-yilda, yaʼni shu kechayu-kunduzda roʻy bergan.

Intervyuni eʼlon qilish arafasida amputant-futbolchilarni bir necha marotaba jahon chempionligiga olib chiqqan murabbiy Rustam Kariyev bugun, 2 dekabr kuni, olamdan oʻtgani haqida qaygʻuli xabar yetib keldi.

Rustam Kariyev Sputnik Oʻzbekiston muxbiriga bergan eng soʻnggi intervyusida amputant-futbolchilar gʻalabalari bilan bir qatorda, ular chekayotgan zahmatlar haqida ochiq gapirgan edi.

- Rustam aka, jamoa haqida soʻzlab bering. Qayerda mashgʻulot oʻtkazasizlar? Kim sizlarga moliyaviy koʻmak beradi?

— Yigitlar haftasiga uch marotaba Futbol federatsiyasi maydonida mashq qilishadi. Qolgan kunlari bari oʻz shaxsiy ishlari lan band. Bizda oylik yoʻq, homiylar yoʻq. Ayniqsa, oxirgi ikki yildan buyon homiy izlab ovoramiz. Sababi, davlat tomonidan buyruq chiqqan, ammo hamma korxonalar negadir sogʻlom sportchilarga homiylik qilyapti. Bizga eʼtibor berishmaydi. 2018-yilgacha 4 yil davomida homiylik qilgan bir kompaniya borgan edim, "Kechirasiz, ayollar voleybol terma jamoasini biriktirib qoʻyishdi. Homiylik qilishdan tashqari, ularga maosh ham toʻlaymiz. Shuning uchun sizlarga yordam berolmaymiz", dedi.

Homiy topilmaganidan oxirgi marotaba Meksikada boʻlib oʻtgan jahon chempionatiga bora olmadik. Sochida boʻlib oʻtgan Xalqaro turnirga borganimizda, yoʻlkiraga Sport vazirligi, ovqat puli va mehmonxona uchun Futbol federatsiyasi mablagʻ ajratishdi. Oʻshanda ham mendan nechanchi oʻrinni olib kelishimizni yozishimni talab qilishdi. Maydon katta, koptok kichkina boʻlsa, kimning omadi yurishadi? Yoʻq, yozing, deyishdi. Uchinchi oʻrinni olib kelamiz, deb yozdim. Xudoga shukr, Xalqaro turnirdan birinchi oʻrinni olib keldik.

—  Oxirgi erishilgan gʻalabadan soʻng jamoa ragʻbatlantirildimi? Axir Oʻzbekistonda Chempionlar tantana bilan kutib olinadi, ularga sovgʻa-salomlar beriladi?

— Ogʻzaki tabriklashdi tamom! Oʻn besh kishi borib, 1- oʻrinni qoʻlga kiritib keldik. Oʻshanda sport vazirligi sport sumkalari, formalar sotib olgan edi. Undan bizning futbolchi yigitlarga ham bering dedim, indashmadi. Mayli, borganlarga beramiz, qayta xat yozing, deyishdi. Bunga ham bir oydan oshdi, hali olganimiz yoʻq... (Sport vazirligi bugun, 2 dekabr kuni, amputant-futbolchilarga formalar berilgani haqida maʼlum qildi.)

—  Jamoani munosib taqdirlash masalasida tegishli mutasaddilarga murojaat qilib koʻrmadingizmi?

—  Portalga uch marotaba xat yozdim. Qanday shikoyatingiz bor, deb soʻrashdi. Shikoyat emas, savolim bor, aytingchi, jamoani nechi karra jahon chempionatiga chiqarib, chempion qilsam, ular Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar unvoniga sazovor boʻlishadi? "Xizmat koʻrsatgan sport ustasi", degan nom uchun yana necha karra jahon chempioni boʻlishlari kerak?, dedim. "Qayerga murojaat qildingiz bu haqda?", deb soʻrashdi. Sanadim: Futbol federatsiyasiga, Davlat sport qoʻmitasiga, Olimpiya qoʻmitasiga... "Yaxshi, sizning murojaatingiz roʻyxatga olindi, ikki hafta ichida javob olasiz", deyishdi.  Bir haftadan soʻng Davlat sport qoʻmitasi meni chaqirib, "Nega portalga telefon qilasiz, bizga uchrashmasdan?" deyishdi. Necha marta uchrashishim kerak, nechta xat yozishim kerak?

Sbornaya Uzbekistana invalidov-amputantov po futbolu
Sputnik
Sbornaya Uzbekistana invalidov-amputantov po futbolu

...Siz FIFAga kirmaysiz, shuning uchun sizlarga bunday unvon bermaydilar, deyishadi. FIFAga "Xizmat koʻrsatgan sport ustasi" unvonining nima aloqasi bor? Olti nafar oʻyinchim Turkiyaga borib, ular chempionatida oʻynaydi. Lekin Xalqaro turnir, jahon chempionati oʻtkazilsa, Oʻzbekiston uchun maydonga tushadi. Turklar yaxshi maosh toʻlaydi, yotogʻi, ovqatini tekinga beradi. Omadi kelsa, oʻynayversin, oilasiga pul ishlab keladi.

— Demak jamoaning qolgan aʼzolari moddiy ahvoli qoniqarli darajada emas, shundaymi?

— Har kim oʻzi... Kimdir kira qiladi, yana kimdir boshqa ishda. Terma jamoa aʼzolari oʻz imkoniyatlaridan kelib chiqib, bari oʻz ishi bilan ovvora. Shu bois  muntazam maydonga kelib, mashq qilishga ularning imkoniyati yoʻq, haftasiga uch marotaba ikki ikki yarim saotga mashq uchun kela olishadi, tamom. Lekin shukrki, ularning bari maʼlumotli, orasida yosh bolalar ham bor. 11 yoshdan oʻn olti yoshgacha boʻlganlari maktabda oʻqiydi. 16 yoshdan keyin ularni asosiy komandaga qoʻshamiz.

Sbornaya Uzbekistana invalidov-amputantov po futbolu
Sputnik
Sbornaya Uzbekistana invalidov-amputantov po futbolu

Eng asosiy bizga homiy boʻlsa, qolgan vazifalarni oʻzimiz eplay olamiz. Davlat  tomonidan klub aʼzolari eʼtirof etilib,  xizmat koʻrsatgan unvonini olsa, bu ham  katta yordam. Maoshniku, gapirmasak ham boʻlar... 

—  Haftasiga atigi uch marotaba ikki soatdan mashq qilayotganliklari nahotki muvaffaqiyat uchun yetarli boʻlsa?

— Yetarlimi, yetarli emasmi, oilani ham boqish kerak axir. Katta rahmat, vaqtini topib, mashgʻulotlarga kelishayotganligi uchun. Katta musobaqalarga - jahon chempionatiga ketishdan avval, har gal Federatsiyaga, vazirlikka xat yozaman, iltimos qilaman, hech boʻlmasa bir haftalik "sbor" oʻtkazdiraman. Bolalarni bir hafta davomida har kuni mashq qildirib keyin olib ketaman.

— Jamoa aʼzolarini oʻyinda gʻalaba qozonishga yoʻnaltiradigan psixologlar bilan hamkorligingiz bormi?

— Yoʻq. Jamoadagi har bir yigitni birinchi kelgan kunidan bilaman. Agar psixolog yordami kerak boʻladigan boʻlsa jamoamizning biror aʼzosiga, men darhol shu ish bilan shugʻullanaman. Masalan, mashgʻulotlar vaqtida yigitlar unga qarata koptok tepaverishgani uchun, bir darvozabonimiz, koptok kelsa, unga orqa oʻgirib turib oladigan boʻlib qolgan edi. Psixologdan shu yigit bilan bir oz ishlashini iltimos qilgandim, vaziyat oʻzgardi. Soʻng Argentinada boʻlib oʻtgan oʻyinda, u chempionatning eng yaxshi darvozaboni degan eʼtirofga sazovor boʻldi.

— Klubning yaratilish tarixi haqida toʻxtalib oʻtsangiz...

— Klubimizga 1988 yilning dekabr oyida asos solingan. Amputantlar futboli komandasi aslida AQShlik Bill Berri tomonidan tuzilgan. Uning oʻgʻli ham nogiron boʻlgan. U 1988 yilda Moskvaga amputant-futbolchilar komandasini tuzish uchun kelgan va yoʻl-yoʻlakay Toshkentga ham tashrif buyurgan. Komanda tuzish haqida gapirishi bilan zudlik bilan Afgʻonistonda xizmat qilib, nogiron boʻlib qolgan yigitlarni toʻplaganmiz. Bill deyarli bir oy davomida shu yigitlarga koptok tepishni oʻrgatdi. Ularga hassalarni Amerikaga buyurtma berib, keltirdi. Unga Toshkent yoqib qoldi. Endi boʻlsa, oʻzi bizga har gal yutqizib, "yigʻlab oʻtiribdi". Komanda bilan yutmagan kubogimiz qolmadi. Nomimiz esa ulugʻ, kissamiz quruq...

Sbornaya Uzbekistana invalidov-amputantov po futbolu
Ministerstvo sporta Uzbekistana
Sbornaya Uzbekistana invalidov-amputantov po futbolu

Maʼlumot uchun: Rustam Kariyev 1951 yil 15 yanvarda Surxondaryo viloyatida tugʻilgan. Oʻrta maktabni tugatgach, harbiy sifatida faoliyat olib borgan va kapitan darajasigacha koʻtarilgan.

1988 yilda esa Afgʻonistondagi janglarda jarohatlanib, nogiron boʻlib qaytgan sobiq harbiylardan iborat “Matonat” nogiron-amputantlar jamoasini tuzadi. 1998 yilda jamoaning nomi “Baynalminal”ga oʻzgartirildi.

Shu vaqt davomida “Baynalminal” jamoasi 11 karra Rossiya ochiq chempionati gʻolibi, koʻp bora “Rojdestvo kubogi”, ikki karra MDH kubogi sohibiga aylangan. Bundan tashqari, asosini “Baynalminal” jamoasi aʼzolari tashkil etgan Oʻzbekiston terma jamoasi 4 karra jahon chempionati gʻolibligini qoʻlga kiritadi.

Rustam Kariyevning mamlakatda nogiron-amputantlar sportini rivojlantirish yoʻlidagi xizmatlari Oʻzbekiston tomonidan munosib ragʻbatlantirilgan holda, u "Doʻstlik" ordeni va qator yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.

Asosiy mavzular