TOShKENT, 30 yanv — Sputnik. Ertaga O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va Lyubinko Drulovich o‘rtasidagi shartnoma o‘z nihoyasiga yetadi. O‘FA xorijlik mutaxassisning vakolatini uzaytirmaslik to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Sputnik muxbiri xabar qilmoqda.
Lyubinko Drulovich 2019-yildan buyon O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Joriy yilning 25 yanvar kuni Tailandda o‘tgan futbol bo‘yicha 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati—2020 musobaqasida uchinchi o‘rin uchun o‘yinda O‘zbekiston jamoasi avstraliyaliklarga mag‘lub bo‘lgan edi. Bu O‘zbekistonni Tokio-2020 yo‘llanmasidan mahrum etdi.