TOSHKENT, 14 yanv — Sputnik. "Yuventus"ning sport direktori Fabio Paratichi klubning Eldor Shomurodovga boʻlgan qiziqish haqidagi xabarlar yuzasidan izoh berdi.
Football Italia xabariga koʻra, Italiya grandining hozircha oʻzbek forvardi yordamida kuchaytirishga ehtiyoji yoʻq.
"Agar Shomurodov haqida gapiradigan boʻlsak, men allaqachon jamoamiz raqobatbardosh ekanligini aytgan edim. Agar bozorda istiqbolli imkoniyatlar paydo boʻlsa - biz ulardan foydalanamiz. Hozir shoshilmaslik kerak", - dedi Paratichi.
Oʻtgan haftada OAVlarda Turinning "Yuventus" klubi ilgari "Rostov"da toʻp surgan "Jenoa" hujumchisi Eldor Shamurodovni ijaraga olmoqchi ekanligi haqida xabarlar tarqalgandi.
Shomurodov oktyabr oyida Rossiyaning "Rostov" klubidan "Jenoa" klubiga oʻtgandi. U yangi jamoada 11ta oʻyin oʻtkazib, 2ta gol urdi va 2ta golli uzatma amalga oshirdi.