Registon maydonidagi bo‘sh turgan hujralarda kafeteriylar tashkil etish taklif qilindi

Obuna bo‘lish
Bu Ispaniyadagi madaniy meros obyektlarida keng tarqalgan

TOShKENT, 3 fev – Sputnik. Ispaniya Sanoat, energetika va turizm vazirligi Xalqaro bo‘limi boshlig‘i Mariya Anxeles Martines Mingesa Samarqandning Registon maydonidagi bo‘sh turgan hujralarda kafeteriy va mehmonxona xizmatlari tashkil etishni taklif qildi. Bu haqda O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra,  O‘zbekistonga tashrif bilan kelgan Mariya Anxeles Samarqandning tarixiy obidalari, muqaddas qadamjolari va mustaqillik yillarida barpo etilgan bino va inshootlar, sayohlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Aziz Abduhakimov: O‘zbekiston turizm sohasida ulkan imkoniyatlarga ega

Samarqand shahar hokimi, Turizmni rivojlantirish viloyat boshqarmasi, viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan turoperatorlar, mehmonxonalar, restoranlar, muzeylar, ta’lim muassasalari va turizm sohasiga aloqador boshqa korxonalar vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbatida Mariya Anxeles Martines Registon maydonidagi bo‘sh turgan hujralarda kafeteriy va mehmonxona xizmatlarini tashkil etishni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Ispaniyadagi madaniy meros obyektlarida keng tarqalgan.

U shuningdek, Ulug‘bek rasadxonasi hududida yulduzlarni kuzatish uchun maxsus maydonlarni tashkil etish, restoratorlar, turoperatorlar, mehmonxonalar assotsiatsiyasini tashkil etish, selfi tushish uchun maxsus joylarni ko‘paytirish (Samarqand bilan bog‘liq yozuvlar, tabiiy landshaft ko‘rinishi aks ettirilgan konstruksiyalar o‘rnatish taklifini berdi.

Mariya Anxelesning fikricha, mehmonxonalarda, savdo do‘konlarida o‘zbek milliy liboslarini ijaraga berish tizimini yo‘lga qo‘yish, hunarmandlar markazlarida san’at namunalari, ovqatlanish obyektlarida taom pishirish jarayonida sayyohlarning bevosita ishtirok etishini yo‘lga qo‘yish va madaniy meros obyektlarida faoliyat ko‘rsatayotgan gidlarning tarixiy qahramonlar liboslarida yurishlarini tashkil etish turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Yangiliklar lentasi
0