TOSHKENT, 7 dek - Sputnik. Samarqand shahri markazida joylashgan "Afrosiyob - palas" mehmonxonasining auktsion savdolari yakunlandi, deb xabar qilmoqda e-auksion sahifasi.
"Auktsionda 3ta kompaniya ishtirok etdi. Boshlangʻich narxi 27,4 mlrd.soʻm boʻlgan davlat aktivi 29 qadam bilan 43,3 mlrd.soʻmga sotildi", - deyilgan xabarda.
Auktsion gʻolibi - OOO ARJUN CONSTRUCTION, gʻolib tasdiqlagan taklif - 43 344 055 233.00 UZS.
Eslatib oʻtamiz, davlat aktivini sotib olgan gʻolib 2022 yil 1 aprelga qadar 100 ta yangi ish oʻrni yaratib, xalqaro standarlarga mos keladigan 4 yulduzli mehmonxona majmuasini toʻliq foydalanishga topshirishi kerak.
Maʼlumot uchun, Afrosiyob palas Samarqand shahrining markazida, Registon, Goʻr Amir sayyohlik majmualariga majmualariga piyoda borish mumkin boʻlgan masofada joylashgan. Mehmonxonasi 1996 yilda qurib bitkazilgan va 278 ta nomerga ega. Shuningdek mehmonxonada bir necha bar, restoran va anjumanlar zali va hammom va besseyn bor.