22:46 20 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB137.65
  • EUR12194.82
  • USD10295.33
Sputnik

Taniqli oʻzbek telejurnalisti, futbol sharhlovchisi Mirzahakim Toʻxtamirzayev Moskva Olimpiadasi haqidagi taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi. U hatto Toshkentda boʻla turib ham sport bayramining umumiy muhitini his qilgandi.

Shu kunlarda Moskvadagi Olimpiada oʻyinlarining 40 yilligi nishonlanmoqda. Butun katta mamlakat uchun ular nafaqat umumiy bayram, balki jamiyatning barcha jabhalari uchun jiddiy sinovga aylandi.

Birinchi keng koʻlamli tadbirga dahldorlikni nafaqat Moskva, Leningrad, Kiyev va Minskdagi oʻyinlarning bevosita mehmonlari, balki ittifoqning boshqa respublikalarining aholisi ham his qilgan.

Oʻsha kunlarda telejurnalist va futbol sharhlovchisi Mirzahakim Toʻxtamirzayev sovet sportchilarining gʻalabalari haqida reportajlar olib borgan, maʼlumotlar yozgan, va, albatta, barcha oʻzbekistonliklar singari, hamyurtlari uchun qaygʻurgan.

“Biz koʻp sport turlari boʻyicha oltin medallarga umid qilib kutganmiz. Velosportchimiz Panfilov rekord natijani koʻrsatib gʻalaba qozonishga yaqin boʻldi. Lekin oxirida u avstriyalikka ikki soniya boy berdi. Shuningdek, ot sportida ham imkoniyatlar boʻlgan. Afsuski, Yuriy Kovshov “kumush”ni qozondi. “Andijanka”dagi qizlarimiz ham shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga yaqin boʻldilar, ammo natijada ular “bronza”ni qoʻlga kiritishdi. Ammo gʻalabani jamoadoshlari bilan birga nishonlagan Larisa Pavlova uchun juda xursand boʻldik. Ularni gʻalabaga afsonaviy va doimiy murabbiy Nikolay Karpol olib keldi”, - deya eslaydi telejurnalist.

Shu bilan birga, individual sport afzal koʻrishlari va milliy xayrixohliklarga qaramay, Olimpiada umumiy vatanparvarlik taʼsiriga ega boʻldi. Hamma Moskvadan translyatsiyalarni tomosha qilgan va xabarlarni oʻtkazib yubormaslik uchun hatto ish jadvalini oʻzgartirishga ham borishgan.

“Esimda, qurilish tresti rahbariyati hatto talabalar qurilish brigadalarining ish vaqtini oʻzgartirdi: ular smenaga ertalab soat 7 dan chiqqan, soat 12 gacha ishlab tushlikka chiqishgan. 12.45dan boshlab Moskvadan birinchi xabarlar boshlanardi va ular soat 16.00 gacha davom etgan. 15.40 dan talabalar ikkinchi smenaga ketishardi, kechki translyatsiyaga ulgurish uchun 19.00 ga ishni tugatishardi”, - dedi Toʻxtamirzayev.

Jurnalistda Olimpiada-80 Oʻyinlaridan esdaliklari ham qolgan: oʻyinlar deyarli tugashi bilan Mirzahakim aka SSSR poytaxtiga tashrif buyurdi va u yerdan esdalik sifatida Olimpiya ramzlari tushirilgan galstuk va bokal sotib olgan.

“Bu juda sharafli edi, shu zahotiyoq oʻzimning ushbu tadbirga dahldorligim hissini oʻygʻotgan. Hatto sharaf taxtasiga men Olimpiada galstugida suratga tushdim”, - deb eslaydi sport faxriysi.

Uning qoʻshimcha qilishicha, shonli Olimpiya anʼanalari bugun ham davom etmoqda. Toshkentdagi Olimpiya shon-shuhrati muzeyida Sovet Ittifoqidan tortib mustaqil Oʻzbekiston davridagi turli Oʻyinlar qahramonlari toʻgʻrisidagi eksponatlar va qimmatli fotosuratlar toʻplandi. Hatto Oʻzbekistonlik barcha sovrindorlar va chempionlar haqida oʻzbek va rus tillarida sportchilar toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan alohida kitob nashr etildi.

Oʻsha shonli davr haqida batafsil hikoya - Sputnik Oʻzbekistonga bergan intervyusida.

Mavzu:
Olimpiada-80: hammasi qanday boʻlgan edi? (22)

Yana video

Asosiy mavzular