08:20 21 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB137.65
  • EUR12194.82
  • USD10295.33
Dunyoda
Havola olish
81212

Zararli qoʻshimchalar bilan "toʻydirilgan" mahsulotlar: astma, bolalarning erta jinsiy balogʻatga yetishi , erektil disfunktsiya, bepushtlik, semizlik, aqliy zaiflik, koʻkrak va prostata bezi saratoni kabi kasalliklarni vujudga keltirishi mumkin…

TOSHKENT, 25 fev — Sputnik. Nafas yoʻllarining surunkali kasalligi (astma), bolalarning erta jinsiy balogʻatga yetishi, erektil disfunktsiya(tez boʻshanish), bepushtlik, diabetning ikkinchi turi, semizlik, aqliy zaiflik, autizm, ayrim turdagi mahsulotlarga allergiya paydo boʻlishi, yalligʻlanish kasalliklari, koʻkrak va prostata bezi saratoni… 1990-yillardan boshlab butun dunyo boʻyicha toksikolog va biologlar atrof-muhitdagi bir qator moddalarning inson organizmiga taʼsirini oʻrganib kelishmoqda. Olimlar bu moddalarga “endokrin bezlari yemiruvchilari” deb nom berishgan, deb xabar qiladi Sputnik Armaniston.


Oradan 25 yil oʻtdi. Ammo keng omma “yemiruvchilar” haqida hali ham aniq maʼlumotlarga ega emas. Ushbu zararli qoʻshimchalar esa mamlakatlardagi neftni qayta ishlash, kosmetika va farmatsevtika zavodlarida ishlab chiqariladi. Sogʻligʻimiz va atrof muhitga bu moddalar jiddiy zarar yetkazishiga qaramay, hammamiz ularni toʻxtovsiz tanovvul qilamiz.

Organizmimizdagi endokrin tizimi gormonlarni ishlab chiqaradi, misol uchun, ayollarda estrogen, erkaklarda esa testosteron gormonlarini. Gormonlar inson hayotida nihoyatda muhim rol oʻynaydi. Shu bois, bu tizimning “yemirilishi” ovqat hazm boʻlishi, boʻy oʻsishi, miya faoliyati hamda rivojlanishi singari eng muhim jarayonlarga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Xavf taʼsiri qay darajada?
Tabiiy tarix milliy muzeyi xodimasi Barbara Demenei atrof-muhit ifloslanishining inson ruhiyati va ongiga taʼsirini tahlil qilib chiqdi. Jumladan, u endokrin bezini ishdan chiqaruvchi moddalarning bolalarga taʼsirini obdon oʻrgandi va tahlil qildi.
“U xoh oʻsimlik, xoh qurbaqa, xoh ayol, xoh qari chol boʻlsin, zararli modda(qoʻshimcha)lar hammaga birdek taʼsir qiladi. Ular inson genlariga oʻzgartirish kiritish xususiyatiga ega. Bundan hech kim istisno emas. Hatto, olis shimolda yashovchi oq ayiqlar ham ushbu moddalar bilan zararlangan. Qanday deysizmi? Dengiz va atrof-muhit ana shunday moddalar bilan zaharlanganligi tufayli, oq ayiqlar ham zarar koʻrgan”, — deydi Demenei.
Endokrin bezini “yemiruvchi” moddalarning biosferaga taʼsiri haqida koʻplab tadqiqotlar oʻtkazilgan ekan, nima uchun oldinga siljish boʻlmayapti?


Olimlar tomonidan bu sohada ishni murakkablashtiruvchi oltita omil mavjudligi aniqlangan:
1. Miqdor. Atrof endokrin bezini “yemiruvchi” moddalarga toʻla, lekin ular miqdori juda oz,  shu bois ularni aniqlash qiyin. Ammo bu holat ularning xavfliligini inkor etmaydi: zararli mahsulotlar xavfi shundaki, ularning taʼsiri miqdorga emas, balki, davomiylikka bogʻliq.
2. Kokteyl. Zaharli moddalar atrofimizda shu qadar koʻpki, ularning qay biri u yoki bu kasallik rivojlanishiga sababchi ekanini aniqlash amrimahol.
3. Atrof-muhit ifloslanishi. Insonda vujudga kelgan kasallik belgilari qaysi turdagi “yemiruvchi” tomonidan kuchaytirilishini tahlil qilish uchun, avval atrof-muhit holatini(suv, havo, tuproq ifloslanganlik darajasini…), inson hayot tarzini (oziqlanishi, stress, uyqu, dorilar, kosmetika…) va uning genetikasini diqqat bilan oʻrganib chiqish lozim. Buning uchun esa juda uzoq vaqt va koʻp mablagʻ talab etiladi, va oʻylashimizcha, bundan naf ham yoʻq, chunki atrofimizdagi muhit shu darajada ifloslanganki, u yoki bu modda taʼsirini foizlarda ifodalab berish imkoni boʻlmaydi ham.
4. Taʼsir qilish usullari xilma-xilligi. Endokrin bezini yemiruvchi moddalarning hammasi ham gormonlarga bir xilda taʼsir koʻrsatmaydi. Bir turdagilari tabbiy gormon faoliyatini vujudga keltirsa, boshqalari bu faoliyatni cheklaydi, uchinchi turdagilari esa gormon ishlab chiqilishi va sekretsiyasi davrida, uni jiddiy buzilishlarga olib keladi.
5. Taʼsir qilish davri. Ushbu zararli moddalar taʼsiri ayol homiladorligida yoki inson xayotining dastlabki davrlarida yoki oʻsmirligida roʻy bersa,  yaʼni tana va miya rivojlanishining eng muhim bosqichlarida, oqibat juda ham ayanchli boʻlishi mumkin.
6. Bardoshlilik. Endokrin bezi yemiruvchilari suv, havo va tuproqda oʻn, balki, yuz yillab mavjud boʻlishi mumkin. Inson bilan aloqa qilgandan keyin, oradan yillar oʻtib, bu moddalar oʻzi haqida bildirishi mumkin.
Bulardan maʼlumki, olimlar u yoki bu moddaning xavfli ekanini aniqlab bera olmayaptilar.
Ishlab chiqaruvchilar esa ushbu algʻov-dalgʻovliklardan foyda olishmoqda.
Agar siyosatchilar bu borada chora koʻrmasa, inson sogʻligʻini yemiruvchi qoʻshimchalarga “toʻydirilgan” mahsulotlar Yevropa va boshqa mamlakat bozorlarini ishgʻol qilishda davom etaveradi.
Yaʼni, tijoratchilar ishlab chiqarayotgan tovarlari xavfsiz boʻlgani uchun emas, balki, ularning  xavfliligini hech kim isbot qilib bera olmayotgani uchun oʻz biznesini rivojlantirishda davom etaveradilar.

Asosiy mavzular