TOSHKENT, 3 dek — Sputnik. AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp Filippin orollarining prezidenti Rodrigo Duterte bilan telefon orqali bogʻlangan va suhbat davomida mamlakatda olib borilayotgan giyohvandlikka qarshi kurash usullarini maʼqullagan, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
Aytish joizki, Filippin prezidentining giyohvand moddalar savdosiga qarshi bu kabi keskin kurash usuli dunyo hamjamiyati, shu jumladan AQSH prezidenti Barak Obama tomonidan keskin qoralangan edi. AQShning yangi saylangan prezidenti Tramp esa Dutertening ushbu kampaniyasiga "oq yoʻl" tiladi, deb yozgan nashr.
Filippin hukumati tarqatgan maʼlumotlarga koʻra, juma kuni Filippin rahbari va AQShning yangi saylangan prezidenti telefon orqali "oʻta qiziq va jonli" suhbat qurishgan. Yetti daqiqa davom etgan telefon qoʻngʻirogʻi davomida, Tramp Duterteni 2017-yilda Oq Uyni ziyorat qilishga taklif etgan.
"Va u mening kampaniyamga omad tiladi", — deya bayonot qilgan Duterte telefon suhbatidan soʻng. Uning soʻzlariga koʻra, Tramp mamlakatda ogʻufurushlikka qarshi qaratilgan kurash "oʻta toʻgʻri" olib borilmoqda, degan fikrni bildirgan.
Duterte hokimiyat tepasiga kelgan kundan boshlab mamlakatda ogʻufurushlar oʻldirilishi holati 200% ortgan. Politsiya tomonidan tarqatilgan soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, narkotik moddalar oldi-sotdisida gumon qilingan 3 ming kishi shu vaqt oraligʻida sud va tergovsiz oʻldirib yuborilgan.