TOSHKENT, 15 may — Sputnik. Xitoy 14 may kuni Gʻazo sektorida avj olgan va koʻplab qurbonlarga olib kelgan norozilik aktsiyasida ishtirok etayotgan tomonlarni bosiqlikka chaqiradi; Pekin ushbu voqeaning fojeviy oqibatlaridan qattiq tashvishda, deb bayonot qildi seshanba kuni XXR TIV rasmiy vakili Lu Kan.
Isroillik askarlar va falastinliklar oʻrtasida roʻy bergan qonli toʻqnashuvlar oqibatida, soʻnggi maʼlumotlarga koʻra 59 nafar falastinlik halok boʻldi, 2,7 ming nafardan ziyodi jarohatlandi. Falastinlik yetakchi Mahmud Abbos uch kunlik motam eʼlon qildi. Gʻazo sektoridagi holatni seshanba kuni BMT Xavfsizlik Kengashi muhokama qiladi.
"Isroil va Gʻazo sektori chegara oldi hududida avj olgan mojaro koʻpsonli qurbonlarga olib kelganligi munosabati bilan biz jiddiy tashvish bildiramiz. Biz fuqarolarga nisbatan zoʻravonlik holatlarini qoralaymiz va barcha tomonlarni, ayniqsa Isroilni bosiqlikni saqlab turishni va ziddiyatning oʻtkir tus olishidan oʻzini saqlashga chaqiramiz", — deb bayonot qilgan diplomat.
XXR Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili "Quddus bilan bogʻliq vaziyat nihoyatda murakkabligini, u Falastin va Isroil oʻrtasidagi asosiy kelishmovchiliklardan biri ekanligini, ushbu masala diniy va milliy hislargada tegib oʻtishini" aytdi.
"Biz hamisha Isroil va Falastin oʻrtasida BMT XK rezolyutsiyalariga monand ravishda muzokaralar yangilanishi lozim, deb hisoblab kelganmiz", — dedi Lu Kan.