14:51 23 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB136.28
  • EUR12210.60
  • USD10315.62
Dunyoda
Havola olish
232 0 0

Yangi qonun Rossiya "Internetdan oʻchirilganda", Runet mustaqil ishlashda davom etishi uchun asos yaratadi. Masalan, .ru milliy domeni oʻchirilganda .rf domeni ishlashda davom etadi.

TOSHKENT, 22 apr - Sputnik. Rossiya Federatsiya Kengashi Runetni mustaqil va barqaror ishlashga qaratilgan qonun qabul qildi.

Senatorlar Andrey Klishas, Lyudmila Bokova va deputat Andrey Lugovoy tomonidan ishlab chiqilgan qonunga asosan Internetning Rossiyaga taaluqli qismi (Runet) mustaqil va barqaror ishlashi uchun barcha kerakli infratuzilma yaratiladi.

Birinchidan - marshrutizatsiya, yaʼni traffikni yoʻnaltirish. Rossiya foydalanuvchilariga xorijiy serverlarga ulanish imkoniyati cheklansa, Roskomnadzor traffikni markazlashgan tartibda zahira serverlariga yoʻnaltirishi mumkin boʻladi.

Buning uchun aloqa operatorlari va internet provayderlar oldindan tayyorlangan traffik almashish nuqtalari haqida xabardor qilinadi. Traffik almashish nuqtalari Aloqa vazirligi va Federal Xavfsizlik xizmati tomonidan nazorat qilinadi.

Ikkinchidan, aloqa operatorlari traffik manbaini aniqlaydigan uskunalar oʻrnatib, taʼqiqlangan maʼlumot tarqatilayotgan manbaalarga kirishni cheklashga majbur boʻladi.

Uchinchidan, barcha davlat organlari va unitar korxonalar fuqarolar bilan yoki oʻzaro aloqa qilganda Rossiyada ishlab chiqilgan shifrlash vositalaridan foydalanga majbur boʻladi.

Toʻrtinchidan, Internet ishlashiga xavf tugʻilganda, barcha muhim internet xizmatlari zahira serverlarda ishlashni davom ettirishi yoʻlga qoʻyiladi. Birinchi navbatda bu bank xizmatlari, davlat markaziy va munitsipal xizmatlaridir.

Beshinchidan, barcha muhim internet xizmatlar, saytlar milliy domen nomlari (DNS) tizimiga ulanadi. Shunday qilib, xorijda joylashgan .ru milliy domeni oʻchirilganda -  .rf domeni ishlashda davom etadi.

Qonun mualliflaridan biri, senator Andrey Klishas aytishiga qaraganda, yangi qonun AQSH 2018 sentyabrda qabul qilgan agressiv xarakterli “AQSH Milliy kiberxavfsizlik strategiyasi”ga qarshi ishlab chiqilgan.

Xitoy Internetiga oʻxshashmi?

Koʻpchillik Rossiya tomonidan ishlab chiqilgan ushbu qonunni Xitoyda qabul qilingan internetni nazorat qilish tizimiga oʻxshatdi, lekin Roskomnadzor rahbari ushbu fikrga qoʻshilmaydi.

Aleksandr Jarov aytishiga qaraganda Xitoy Interneti “Oq roʻyxat” asosida ishlaydi. Yaʼni faqat ruxsat berilgan saytlarga kirish mumkin, qolgan barcha saytlar blok qilinadi.

Rossiyada esa, boshidan barcha saytlarga kirish ruxsat berilgan, faqat qonun asosida taʼqiqlangan va “Qora roʻyxatga” kiritilgan saytlar bloklanadi.

Jarov aytishiga qaraganda, yangi qonun Rossiyaga Internetni turli xavflardan himoya qilish imkonini beradi. Masalan, axborot dastlab qayerda paydo boʻlib, qaysi serverlar orqali harakatlanayotganini nazorat qilish, DDoS hujumlar uyushtirilsa, ular qayerdan amalga oshirilayotganini koʻrish imkonini beradi.

Yangi qonun 2019 yilning 1 noyabridan kuchga kiradi. Mahalliy operatorlarga esa 2021 yilning 1 yanvariga qadar kerakli infratuzilmani tayyorlash imkoni beriladi.

Asosiy mavzular