22:27 03 Avgust 2020
Efir
  • RUB142.37
  • EUR11896.04
  • USD10207.69
Dunyoda
Havola olish
1169 0 0

Oʻzbekistonda hafta davomida 12 ta oʻlim kuzatildi, Qozogʻiston 14 kunlik qatʼiy karantin choralarini joriy etdi, Qirgʻiziston holat va qurbonlar soni boʻyicha Tojikistonni ortda qoldirdi.

TOSHKENT, 5 iyul — Sputnik. Soʻnggi taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, Markaziy Osiyo davlatlarida jami 58 218 ta koronavirus bilan bogʻliq holat qayd etilgan.

Qozogʻiston

Qozogʻiston hukumati respublikada epidemiologik vaziyat yomonlashgani tufayli 5 iyuldan 14 kunlik qoʻshimcha karantin cheklov choralarini joriy etish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Mamlakat mintaqada holat va oʻlim boʻyicha hamon yetakchilik qilmoqda. Qozogʻistonda oʻtgan kun davomida 1452 ta yangi holat tasdiqlangan. Kasallanganlarning umumiy soni 47 171 (jumladan, kasallik alomatlarisiz oʻtayotgan bemorlar) nafarga yetgan. Shulardan 15 556 nafari tuzalib ketgan. Jami 188 ta oʻlim holati kuzatilgan. 29 iyundan qayd etilgan oʻlim holatlari yangilanmagan.

Oʻzbekiston

4 iyul kuni mamlakatda 312 ta yangi holat aniqlangan. Shundan 162 tasi karantin muassasalarida, 142 tasi aholi orasida (shundan 105 tasi Toshkent shahrida, 36 tasi Toshkent viloyatida, 1 tasi Buxoro viloyatida), 8 tasi xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilarida orasida aniqlangan. Bir kunda 174 bemor tuzaldi va uylariga kuzatildi.

2020 yil 5 iyul soat 10:00 holatiga koʻra, Oʻzbekistonda koronavirus infektsiyasi qayd etilganlar soni 9829 (+121) nafarni tashkil etmoqda.

Respublika boʻylab 6425 nafar (66 foiz) bemor butunlay davolanib chiqqan. Mamlakatda epidemiya boshlangandan buyon 32 ta oʻlim holati kuzatilgan. Hafta davomida 12 yangi oʻlim qayd etildi.

Oʻzbekistonda ham 1 iyuldan karantin choralari kuchaytirildi. Barcha hududlarida yirik buyum bozorlari hamda buyum savdosi bilan shugʻullanadigan yirik savdo majmualari haftaning shanba va yakshanba kunlari sanitariya-dezinfektsiya ishlarini amalga oshirish uchun yopiladi. “Qizil” va “sariq” hududlarda soat 07:00 dan 23:00 ga qadar jamoat joylarida uch kishidan ortiq toʻplanish hamda 23:00 dan 07:00 ga qadar koʻchalarda, koʻp qavatli uylar va hovlilar oldida boʻlish taqiqlandi. “Qizil” va “sariq” hududlarda haftaning shanba va yakshanba kunlarida jamoat transporti harakati kamaytirildi.

Qirgʻiziston

Qirgʻizistonda soʻnggi kunlarda koronavirus yuqtirib olish holati keskin koʻpaygan. Endi mamlakat koronavirus qurbonlari soni boʻyicha Tojikistonni ortda qoldirib, mintaqada ikkinchi oʻringa koʻtarilgan.

Kasallanganlarning umumiy soni 7377 nafarni tashkil etmoqda. Shulardan 2802 nafari (37,9 foizi) COVID-19ni yenggan. Jami 88 ta oʻlim holati kuzatilgan.

Kasallik kundan kunga avj olayotgani bois Bishkek meriyasi hozirda maʼlum sabablarga koʻra ishlamayotgan tibbiyot xodimlaridan koʻmak berishni soʻragan.  

Tojikiston

Tojikistonda mintaqada eng oxirida (30 aprel kuni) koronavirus aniqlangan edi. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, aniqlanayotgan kunlik holatlar 50-55 tani tashkil etadi. Qayd etish joizki, bu mintaqadagi boshqa mamlakatlarda kasallik avj olayotgan vaqtda bir necha baravarga kamroq.

Oʻtgan kun davomida 51 kishida koronavirus aniqlangan boʻlsa, 47 kishi darddan forigʻ boʻlgan.

Koronavirus bilan kasallanganlarning umumiy soni 6159 nafarga yetgan. Shulardan 4809 nafari (78,1 foizi) tuzalib ketishga muvaffaq boʻlgan. Qurbonlar soni esa 52 kishini tashkil etmoqda. Hafta davomida qurbonlar soni oʻzgarmagan.

Turkmanistonda esa hozirga qadar koronavirus rasman qayd etilmagan va u mintaqadagi infektsiyadan xoli mamlakat boʻlib turibdi.

Butun dunyo boʻylab 11 milliondan ziyod kishi koronavirus yuqtirib olgan. 6 milliondan ortiq kishi shifo topgan. Qurbonlar soni 530 mingdan oshgan.

Teglar:
karantin, Turkmaniston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Markaziy Osiyo, koronavirus

Asosiy mavzular